O‘zbekiston | 20:30 / 18.05.2024
10875
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi maxfiy harbiy ma’lumotlar bo‘yicha bitim ma’qullandi

Qonunda o‘zaro manfaatli ma’lumotlar almashinuvi, beg‘araz harbiy-texnik yordam olish, harbiy texnikalarni to‘g‘ri ekspluatatsiya qilish uchun o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazish masalalari qamrab olingan.

Senatning navbatdagi yalpi majlisida «O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi bilan AQSh Mudofaa vazirligi o‘rtasida maxfiy harbiy ma’lumotlarni himoya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi bitimni ratifikatsiya qilish haqida»gi qonun ma’qullandi.

Bu bitim Vashingtonda 2023 yil 9 iyunda imzolangan edi.

Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi Ravshanbek Alimov so‘zlariga ko‘ra, jahondagi va mintaqadagi harbiy-siyosiy vaziyat, mavjud harbiy tahdidlar – O‘zbekiston Respublikasi Qurollik kuchlarining rivojlangan davlatlar, jumladan, AQSh bilan harbiy-texnikaviy hamkorlikni rivojlantirishini taqozo etmoqda.

Senat raisi Tanzila Norboyeva so‘zlariga ko‘ra, qonun yaxshi bo‘lib, unda o‘zaro manfaatli ma’lumotlar almashinuvi, beg‘araz harbiy-texnik yordam olish, harbiy texnikalarni to‘g‘ri ekspluatatsiya qilish uchun o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazish masalalari qamrab olingan.

Qonun senatorlar tomonidan bir ovozdan qabul qilindi.

Mavzuga oid