O‘zbekistonda davlat mulkini ijaraga berish tartibiga rioya etmaganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilayotgan qo‘shimcha moddaga ko‘ra, davlat mulkini belgilangan tartibda ijara shartnomasi tuzmasdan ijaraga bergan, ijaraga oluvchiga nisbatan asossiz ravishda turli to‘sqinlik qilgan mansabdor shaxslar jarimaga tortiladi. Agar ushbu huquqbuzarlik bir yil ichida qayta sodir etilsa jarima miqdori oshiriladi.
Senatorlar “Davlat mulkini ijaraga berish sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonunni muhokama qilishdi.
Qayd etilishicha, bugungi kunda amalda davlat mulkidan samarali foydalanilmaslik va uni ijaraga berish tartibini buzish bilan bog‘liq qonunbuzarlik holatlari ko‘payib bormoqda. Bu esa, o‘z navbatida davlat mulkini ijaraga berish sohasidagi qonunchilik buzilishlarining oldini olishga qaratilgan choralarni takomillashtirishni taqozo etyapti.
Shu bois senatorlar tomonidan muhokama qilingan qonun bilan davlat mulkini ijaraga berish sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.
Xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qo‘shimcha modda kiritilyapti. Unga ko‘ra, davlat mulkini belgilangan tartibda ijara shartnomasi tuzmasdan ijaraga berish, ijaraga oluvchiga ijaraga berilgan davlat mulkini qabul qilib olishi, uning hududiga kirishi va foydalanishiga asossiz ravishda to‘sqinlik qilish yoki ijara shartnomasida ijaraga berilgan mulkning parametrlari va sonini kamaytirib ko‘rsatgan holda ijaraga berganlik uchun mansabdor shaxslarga BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solinishiga asos bo‘ladi.
Ushbu huquqbuzarlik bir yil ichida qayta sodir etilsa, BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi belgilanmoqda.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Mavzuga oid
13:57 / 29.10.2024
Skuter va samokatdagi huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlik belgilandi
18:35 / 23.10.2024
Voyaga yetgan kvadroberlar 15 sutkagacha qamalishi mumkin - IIV
01:05 / 16.08.2024
Jizzaxda 55 nafar hokim yordamchisi ma’muriy javobgarlikka tortildi
19:09 / 24.06.2024