Jamiyat | 20:09 / 20.05.2024
4884
2 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onada maktab direktori o‘quvchi qizni kaltaklaganida jarohat yetkazgani ma’lum bo‘ldi

Kun.uzʼning 7-sinf o‘quvchisi direktor tomonidan kaltaklanganiga oid xabaridan so‘ng Bolalar ombudsmani holatni nazoratga oldi. Dastlabki o‘rganishlarga ko‘ra, muassasa rahbari qizni urgan vaqtida tan jarohati yetkazgan. Hozirda holat bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda. 

Foto: Videodan kadr

20 may kuni Kun.uzʼda Farg‘ona viloyati Buvayda tumanidagi Xorijiy tillarga ixtisoslashgan maktabning 7-sinf o‘quvchisi ro‘moli (vandamka)ni yechmagani sabab maktab direktori tomonidan kaltaklanganiga oid xabar e’lon qilingandi

Voqea yuzasidan Bolalar ombudsmani rasmiy munosabat bildirdi. Qayd etilishicha, 17 may kuni algebra darsida 2010 yilda tug‘ilgan 7-sinf o‘quvchisi o‘g‘il bola sinfdosh o‘rtog‘i bilan og‘zaki tortishib qolgan. Biroz vaqt o‘tganidan so‘ng sinfxonasiga maktab direktori kirib kelgan, algebra o‘qituvchisi unga o‘quvchilar tortishganini aytgan. 

“Maktab direktori qizdan sinfdoshi bilan nima uchun janjallashganini, maktabga nega diniy libosda ro‘mol o‘rab kelganini so‘rab, ro‘molni yechishni aytgan. Qiz maktab direktoriga go‘yoki gap qaytarib, ro‘molini yechmasligini aytgani uchun direktor qizni urib, jarohat yetkazgan”, – deyiladi izohda. 

Hozirda holat yuzasidan Buvayda tumani IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Vaziyat Bolalar ombudsmani tomonidan nazoratga olingani, bu bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berilishi aytildi.

Дилшода Шомирзаева
Tayyorlagan Дилшода Шомирзаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid