Sobiq MXX binosi hududidagi daraxtlar kesib, yashirincha olib ketilayotgani aytilyapti
Toshkentdagi sobiq MXXning buzilayotgan binosi hududidan yirik daraxtlar kesib, ustiga mato tashlab yashirincha olib ketilayotgani videosi tarqaladi. Ekologik partiya ushbu holatga zudlik bilan chora ko‘rishni so‘rab Bosh prokuraturaga murojaat qildi.
Toshkent shahri Yunusobod tumani Sayilgoh ko‘chasida joylashgan sobiq MXX binosi hududidagi yirik daraxtlar kesib, yashirincha olib ketilayotgani aks etgan videolar yuzasidan Ekologik partiya rasmiy munosabat bildirdi.
Partiya Bosh prokuratura hamda atrof-muhitni muhofaza qilishga mas’ul davlat tashkilotlaridan zudlik bilan ushbu holatga chora ko‘rilishini so‘ragan.
“Iqlim o‘zgarishini yumshatishning eng muhim aspekti-bu daraxtlarning ko‘p bo‘lishi. Shundoq ham poytaxtimizda sanoqli qolgan daraxtlarimizni asrash bo‘yicha moratoriyga va ekofaollarimiz bong urishiga qaramasdan hali hamon daraxtkushlar to‘xtamayapti”, — deyiladi partiya munosabatida.
Tarmoqlarda tarqalgan videolarda buzilayotgan bino hududidan yirik daraxtlar ustiga mato tashlangan holda olib chiqib ketilayotgani ko‘rinadi.
Kun.uz holat yuzasidan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligiga so‘rov yubordi.
Ma’lumot uchun, 1950 yillarda qurilgan bino oldin Ichki ishlar vazirligining markaziy shahar poliklinikasi, keyin O‘zbekiston SSR Davlat xavfsizlik qo‘mitasi binosi, so‘ngra Milliy xavfsizlik xizmati binosi bo‘lgan. 2018 yilda MXX Davlat xavfsizlik xizmatiga aylantirilib, yangi joyga ko‘chirilgandi.
2023 yilda Radisson Hotel Group kompaniyasi Metropol Group bilan shartnoma tuzib, sobiq MXX binosi o‘rnida 22 qavatli mehmonxona qurishi ma’lum bo‘lgan edi. Bino 2021 yilning yozigacha Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obektlari milliy ro‘yxatida bo‘lgan.
Mavzuga oid
17:40 / 08.11.2024
“Dunyodagi daraxtlarning 38 foizi yo‘qolib ketish xavfi ostida” – IUCN
20:35 / 07.11.2024
2 tup chinorni kesgan shaxs tabiatga 199 million so‘m zarar yetkazdi
18:18 / 06.11.2024
Shaharni salqinlatish uchun qancha daraxt kerak? Olimlar javob berdi
14:20 / 24.10.2024