Jahon | 08:15 / 23.05.2024
3925
3 daqiqa o‘qiladi

«Chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonun: YeI Gurjiston bilan vizasiz rejimni bekor qilmoqchi

Niderlandiya, Chexiya, Shvetsiya va Estoniya Bryusselning ogohlantirishlari va ommaviy noroziliklarga qaramay, «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonunni qabul qilishga urinishlari uchun Gurjistonga qarshi sanksiyalar joriy etishni talab qilmoqda, deb yozadi FT.

Foto: Zurab Tsersvadze/AP Photo/picture alliance

Niderlandiya, Estoniya, Chexiya va Shvetsiya Gurjiston hukumatining munozarali tashqi ta’sir to‘g‘risidagi qonunni qabul qilishga urinishlariga javoban ushbu mamlakatga qarshi sanksiyalar joriy etishni talab qilmoqda. Bu haqda 22 may, chorshanba kuni Financial Times (FT) gazetasi yozdi. Nashrning ta’kidlashicha, ehtimoliy cheklovlar qatoriga Gurjiston va YeI o‘rtasidagi vizasiz rejimning to‘xtatilishi, maqsadli sanksiyalar va Yevropa jamg‘armalaridan mablag‘ ajratilishini muzlatish kiradi. Gurjistonga qarshi sanksiyalar muhokamasi kelasi hafta YeI tashqi ishlar vazirlarining yig‘ilishida bo‘lib o‘tadi, deb yozadi nashr. 

FT qayd etishicha, Yevropa Ittifoqiga nomzod davlat Gurjiston Bryusselning ogohlantirishlariga va bir necha oy davom etgan ko‘cha namoyishlariga e’tibor bermadi. Yevropa Ittifoqi «Gurjiston hukumatiga turli bosim choralari»ni ko‘rib chiqmoqda, deya xabar beradi nashr bu masala bilan tanish bo‘lgan yevropalik rasmiylarning so‘zlariga tayanib. 

Qonun qabul qilinishi Gurjistonning YeIga yo‘lini yopib qo‘yadi 

25 aprel kuni Yevropa parlamenti rezolyutsiyani qabul qildi, unga ko‘ra, agar «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonun qabul qilinsa, Bryussel Gurjiston bilan YeIga kirish bo‘yicha muzokaralarni to‘xtatadi. Yevropa kengashining Venetsiya komissiyasi 21 may kuni Tbilisiga munozarali qonunni qabul qilishdan bosh tortishni «qat’iy tavsiya etdi». Yevropa Ittifoqi komissiyasi ta’kidlaganidek, «go‘yo oshkoralikni ta’minlashga qaratilgan qonun xorijdan mablag‘larining ozgina qismini ham oladigan uyushmalar va ommaviy axborot vositalarini qoralash, ovozini o‘chirish va oxir-oqibat tugatish xavfiga olib keladi». 

Qonun loyihasi uch o‘qishda qabul qilingan, biroq prezident veto qo‘ygan

14 may kuni Gurjiston parlamenti «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonunni uchinchi va yakuniy o‘qishda qabul qildi, biroq 18 may kuni mamlakat prezidenti Salome Zurabishvili unga veto qo‘ydi. U o‘z qarorini qonun Gurjistonning Yevropa yo‘liga to‘sqinlik qilishini aytib izohladi. Biroq Gurjiston parlamenti prezident vetosini bekor qilmoqchi.

Mavzuga oid