Fermerlarga ijara huquqini sotishga ruxsat beruvchi qonun loyihasi qabul qilindi
Qonunchilik palatasida ikkinchi o‘qishdan o‘tgan loyihada, qishloq xo‘jaligi maydonlarining ikkilamchi ijara bozorini vujudga keltirishdan tashqari, dala chetlaridagi ekin maydonlari ham 10 yilgacha ikkilamchi ijaraga berilishi nazarda tutilgan. Endilikda yer uchastkalari onlayn auksion orqali ijaraga beriladi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni ikkilamchi ijaraga berish va ulardan samarali foydalanish tartibini takomillashtirishga oid qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda qabul qildi.
Quyi palata bu qonun loyihasini fevral oyida mas’ul qo‘mitaga qaytargan edi. O‘tgan davrda qo‘mita taklif etilayotgan normalarni viloyatlarga chiqqan holda, fermer xo‘jaliklari misolida nazorat-tahlil tartibida o‘rgangan.
Loyiha bilan, Yer kodeksiga, “Ijara to‘g‘risida”gi va “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarining dala chetlaridagi kanallar, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari atrofidagi maydonlari 10 yilgacha bo‘lgan muddatga ikkilamchi ijaraga berilishi nazarda tutilmoqda.
Ikkilamchi ijaraga berilgan bu maydonlarga maqbul ekinlar ekilishi yoki tut ko‘chatlari o‘tqazilishi lozim bo‘ladi.
Shuningdek, qonun loyihasi bilan Yer kodeksiga pillachilik va tutchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklariga, agrosanoat klasterlariga va boshqa yuridik shaxslarga maydoni 10 gektargacha bo‘lgan yer uchastkalari ajratilishi mumkinligi belgilanmoqda.
Shu bilan birga, Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi hamda Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Suv xo‘jaligi obektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi organlarining ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishga doir vakolatlari nazarda tutilmoqda.
Qonun loyihasining birinchi o‘qishdan o‘tgani haqidagi rasmiy xabarda, shuningdek, loyihaning yana ayrim tafsilotlari keltirib o‘tilgandi.
Xususan, hujjat bilan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion savdolari orqali ijaraga berish belgilanmoqda.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari ijarachilariga ijaraga berilgan yer uchastkalari bo‘yicha o‘z huquq va majburiyatlarini boshqa shaxsga o‘tkazishga, ya’ni qayta ijaraga berishga ruxsat etiladi.
Bu norma yer uchastkasining ijara huquqidan garov sifatida foydalanish imkoniyatini yaratadi. Ijarachi kredit majburiyatini bajarmagan taqdirda, uning yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqi onlayn-auksion orqali sotuvga chiqariladi. Bunda, yerdan foydalanish maqsadi o‘zgarishsiz qoladi.
Qonun loyihasida belgilanishicha, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkasini ikkilamchi ijaraga berish uchun ijaraga oluvchi yer uchastkasidan kamida 3 yil davomida o‘zi foydalangan bo‘lishi shart.
Shuningdek, elektron onlayn-auksion, ochiq elektron tanlov yoki tanlov o‘tkazmasdan, davlat organlarining qarorlari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri ijaraga berilgan yer uchastkalarini boshqa shaxsga o‘tkazishga ijara huquqi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan boshlab 5 yildan keyin ruxsat etiladi.
Bu qonun loyihasi shu yil yanvar oyida qabul qilingan prezident farmonidagi yangiliklarni qonunlarda aks ettiradi.
Farmonga asosan, 2024 yil 1 martdan e’tiboran qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berishda ochiq elektron tanlov o‘rniga elektron onlayn auksion savdolari joriy etilgan.
Vazirlar Mahkamasining aprel oyidagi qarori bilan, elektron onlayn auksion savdolarini o‘tkazish tartibi tasdiqlangan edi.
Mavzuga oid
20:46 / 07.11.2024
Prezident 10 ta sel suv ombori qurish ishlarini boshlashni buyurdi
19:07 / 07.11.2024
2025 yilda kanallarni betonlashtirishga 800 milliard so‘m ajratiladi
18:21 / 07.11.2024
Prezident suv ta’minoti og‘ir tumanlarda sug‘orishni «aqlli tizimga» o‘tkazishni buyurdi
20:28 / 01.11.2024