O‘zbekiston | 12:10 / 25.05.2024
18502
7 daqiqa o‘qiladi

“Ovoz” loyihasiga davlat budjetidan salkam 2 mlrd so‘m ajratildi. Bu to‘g‘rimi?

Xususiy telekanaldagi ashulachilik loyihasiga budjetdan pul ajratilgani tanqidlarga sabab bo‘lyapti. Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov boshqa sohalar qatori davlat san’at va madaniyatni ham qo‘llab-quvvatlashi kerakligini aytdi. BBC jurnalisti Ibrat Safo esa bunaqa ko‘rsatuv hech qayerda davlat darajasidagi loyiha emasligini misollar bilan asosladi. Loyihaning bir martalik efir vaqtidagi reklamalar sotuvi esa 2 mlrd so‘mdan kam emas.

Zo‘r TV telekanalida namoyish etilayotgan “Ovoz” loyihasining gonorariga davlat budjetidan salkam 2 mlrd so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan. Xususiy kanalda ko‘rsatiladigan ko‘rsatuvning davlat mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilayotgani ijtimoiy tarmoqlarda e’tirozlarni keltirib chiqardi.

“Faqat bizniki ko‘rinyapti, boshqa hamma sohaga davlat yordam bersa, u hech narsa emas”

Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Gazeta.uz'ga jamoatchilik fikri bo‘yicha o‘z munosabatini bildirdi. U jurnalistning “Davlat budjetida jiddiy taqchillik kuzatilayotgan bir paytda “Ovoz” va “Bobolarim” kabi loyihalarga milliardlab mablag‘ ajratilishi qanchalik to‘g‘ri deb o‘ylaysiz?” degan savoliga javob qaytardi.

Birinchidan, mana shunday muhokamalar kimgadir kerak bo‘lyapti, bu o‘z-o‘zidan bo‘lgani yo‘q, ya’ni buning buyurtmachisi bor. Chunki Madaniyat vazirligi “Ovoz” loyihasi uchun 2 mlrd [so‘m] ishlatayotgani… “Ovoz” loyihasining [franshizasini sotib olish] necha so‘m turishini o‘rganinglar oldin. O‘zi u necha pul turadi, qaysi davlat necha pul sarflab, uni [mamlakatga] olib kirgan? Tarixini ham bir o‘rganinglar. Boshqa davlatlarda bu loyiha uchun ketayotgan xarajatning o‘ndan biri ham emas biz ishlatayotgan xarajat. Nima uchun [mablag‘] tikyapmiz? Chunki shunaqa imkon bo‘lib qoldi. Tez bu [loyiha]ni olib kelish va o‘sha pul evaziga O‘zbekistonga kirish imkoni bo‘lib qoldi, lekin bunday imkoniyat keyingi yil bo‘lmasligi mumkin edi”, – dedi Nazarbekov.

Uning fikricha, “Ovoz” loyihasiga u 2 mlrd so‘mga arziydimi yoki yo‘qmi, degan nuqtayi nazar bilan qarash kerak.

Gap pul bor yo yo‘qligida emas. Loyiha shu narxga arziydimi, degan savol bilan murojaat qilsalaringiz, o‘n baravar ko‘prog‘iga ham arziydi, degan javob chiqadi o‘zi aslida. Mana shu vijdoni bor odamga javob bo‘lishi kerak. Bu loyiha o‘zi necha pul turadi-ku, bugun O‘zbekistonga necha pulga kirdi? Davlat budjetidan qancha ishlatilayotgan bo‘lgan taqdirda ham, o‘zi necha pul turadi u loyiha? Shu haqda o‘ylab ko‘rdilaringizmi, hisob-kitoblaringiz bormi?” – so‘radi vazir.

Aslida bu loyihaning narxi qancha turadi, degan savol bor? Davlat tomonidan xususiy tadbirkorga ko‘mak berish mumkin-ku, to‘g‘rimi? Xususiy klasterga ham mumkin, faqat san’at sohasida xususiy bo‘lsa, unga mumkinmas, shunaqa bo‘ladimi? Demak, shunaqa javob chiqadimi? San’atkor xususiy bo‘lsa, unga [imtiyoz] berish kerak emas, lekin, misol uchun, fermer xususiy bo‘lsa, unga yordam berish kerak.

Vazirlikning 2 mlrd so‘m tikkani hammaning ko‘ziga ko‘rinyapti. Bugungi kunda biznes nuqtayi nazaridan tadbirkorlarga qancha-qancha subsidiyalar, imtiyozli kreditlar berilyapti. Bizning ham san’at yo‘nalishidagi tadbirkorlarni, san’atkorlarni qo‘llab-quvvatlashimiz mana shu normaga tushadimi yo tushmaydimi? Boshqa yo‘nalishlarda davlat tadbirkorlarga yelka tutyapti. Madaniyat sohasida ham yelka tutish mumkinmi? Faqat bizniki ko‘rinyapti [ommaga], boshqa hamma sohaga davlat yordam bersa, u hech narsa emas. Lekin san’atkorga yordam bersa, unga berma deydi [jamoatchilik]. Bu gapda qanchalik adolat bor?” – dedi Madaniyat vazirligi rahbari.

“O‘zi nega davlat bunga pul sarflayapti?”

BBC jurnalisti Ibrat Safo Facebook'dagi sahifasida ushbu loyihaga davlat pul tikishi xato ekani, boshqa mamlakatlarda “Ovoz” loyihasi uchun davlat emas, telekanallarning o‘zi mablag‘ sarflashini yozdi.

Qaysi davlat? Qayerda? Nega o‘zi davlat bunga pul sarflayapti? “Ovoz” ko‘rsatuvi hech qayerda davlat darajasidagi strategik loyiha emas. U avvaliga Gollandiyada chiqqan, so‘ng 60dan oshiq boshqa davlatlardagi kanallar o‘z cho‘ntaklaridan pul sarflab sotib olishgan. Britaniyada oldin ITV kanali sotib oldi, so‘ng BBC. Amerikada NBC, Ispaniyada Antena 3, so‘ngTelecinco. Qanaqa davlat? Kanallarning o‘zlari uni sotib oladi – bu bozor iqtisodi deyiladi. Masalan, Ispaniyada, tasavvur qiling Xulio Iglesias – madaniyat vaziri va bir kanal “Senor Iglesias, 2 mlrd yevro bilan shuni obering” deb boryapti. Buni tasavvur ham qilish qiyin. Davlat juniga kanallar juni aralashmaydi. Nega O‘zbekistonda davlat, ya’ni shundoq ham defitsit budjetdan qaysidir xususiy kanal loyihasi uchun pul sarflanyapti? Zo‘r TV zo‘r bo‘lsa, o‘z pulidan sotib olishi kerakmasmi?” deydi jurnalist.

Efir xususiy telekanalga tegishli

Ovoz” loyihasi har shanba kuni Zo’r TVʼda efirga uzatilmoqda. Davomiyligi 2 soatni tashkil etadi. Unda taxminan 3-5 daqiqadan 6-7 martalik reklama vaqti bor. 2022 yildagi ma’lumotlarga ko‘ra, telekanalda 1 minutlik reklama narxi QQS bilan 92 mln so‘mni tashkil qilgan. Zo’r TV’da ishlovchi manbaning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda loyihaga homiylik 1 mlrd so‘mni tashkil etadi. Reklama narxini efir vaqti va ko‘rsatuv reytingidan kelib chiqib, Kontar Media agentligi belgilaydi.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yilning 4 oyida davlat budjeti defitsiti 25 trln so‘mdan oshgan. Buning ortidan tashqi qarz jalb qilish yanada faollashdi.

Mavzuga oid