Sport | 11:15 / 25.05.2024
7246
14 daqiqa o‘qiladi

«Yana bir marta!» Brunu Fernandesh Manchester orzusi, farzandlari va hayotidagi eng muhim qo‘shiq haqida

Foto: Getty images

Angliyada mavsumning yana bir muhim o‘yini qoldi. Dunyoning eng ko‘hna musobaqasi bo‘lmish Angliya kubogi finalida Manchester klublari o‘zaro kuch sinashadi. Biri yaqindagina qatorasiga to‘rtinchi chempionligiga erishib rekord qo‘ygan bo‘lsa, ikkinchisi APL tarixidagi eng yomon mavsumini o‘tkazdi. Quyida «Manchester Yunayted» sardori Brunu Fernandeshning katta final oldidan o‘z muxlislariga hitobini o‘qishingiz mumkin. Portugaliyalik futbolchi baxonada o‘z o‘tmishi, oilasi, Manchesterga transferi haqida ham to‘xtalib o‘tgan.

«Angliya kubogi finali oldidan chin qalbimdan ba’zi so‘zlarimni aytmoqchiman. Tushunaman, siz uchun bu mavsum oson bo‘lmadi. Siz loyiq bo‘lgandek o‘yin ko‘rsata olmadik. Aslida hech qachon biz sizning qo‘llab quvvatlashingizga mos ravishda javob bera olmaganmiz. Jamoa sardori sifatida boshqalardan ham ko‘proq bu haqida o‘ylayman va yelkamdagi mas’uliyatni tabiiy deb bilaman.

Bu klub – shunchaki, chiroyli gap topib, ijtimoiy tarmoqlarga yozib qo‘yishimdan ancha kattaroq. Bu klub chindanam meni xayajonga soladi. To‘rt yil oldin bu yerga kelishim haqida eshitganimda qayerda bo‘lganimni ham unuta olmayman. Yotoqxonamizdagi shkafning ichida edim, ishonasizmi?

Kechki soat o‘nlarda agentim qo‘ng‘iroq qilib qoldi. U paytda qizim uch yoshda, biz yotishga tayyorgarlik ko‘rayotgandik. Agentimga doim aytaman: agar transfer yuz foiz aniq bo‘lmasa, menga aytib o‘tirma. Chalg‘ishni, fikrim bo‘linishini xohlamayman, deb. Agar shu soatda qo‘ng‘iroq qilayotgan bo‘lsa, nimadir bor.

— Yangilikni eshitishga tayyormisan?

— Tinchlikmi?

— Angliyaga boramiz

— «Tottenhem»mi?

— Yo‘q, «Yunayted»

— Hazillashmayapsanmi?

— Yo‘q, yo‘q. Jiddiy. Hammasi tayyor. Senga bog‘liq. O‘tasanmi?

Javob ham bermadim. Avvaliga ko‘z yoshlarim quyilib keldi. Uyoqda agentim Brunu, Brunu deb baqirayotgandi. Shu paytda rafiqam kirib qoldi.

— Brunu, nima bo‘ldi?

— Bu Migel. Aytishicha, «Yunayted» meni sotib olmoqchi.

— Shoshma, sen yig‘layapsanmi?

— Bilmayman, xursandchilikdan bo‘lsa kerak.

U hech qachon yig‘lamaydi. His-tuyg‘ularga men ko‘proq berilaman. Hozir ham u yozganlarimni o‘qib kulayotgan bo‘lsa kerak.

Avvaliga o‘sha kungi holatimni tushunib olishingiz lozim. Yozda Angliyaning ko‘plab klublari men bilan qiziqayotgani haqida mish-mishlar bo‘lgan, ammo jiddiy taklif faqat «Tottenhem»dan edi. Hozir biroz g‘alati tuyulishi mumkin, lekin o‘shanda ancha xayajon bosgan. Premer-ligada o‘ynash eng katta orzuyim edi axir. Haddan tashqari ko‘p xabarlarni inkor etishga harakat qilar, ammo ijtimoiy tarmoqlar davrida buning ham iloji yo‘q. Tabiiyki, atrofimdagilar, do‘stlarim hammasini o‘qib yurishardi. Xullas, yakunda muzokaralar o‘xshamadi va «Tottenhem»ga o‘tmadim. Oson emas, lekin aytish mumkinki, «Sporting»da ham baxtli edim. Muxlislar meni juda yaxshi ko‘rar, u yerdagi har daqiqamdan zavq olganman, ammo taqdirim Lissabonda emasligini sezardim.

Bir necha oy o‘tdi. Mish-mishlarni inkor etar, e’tibor qaratmaslikka intilardim. Shuning uchun yanvarda agentim telefon qilganida, biroz shokka tushib qolganman.

Rafiqamga aytdim: «Sporting»dagi hayotim orzudagidek, lekin ishon, «Manchester Yunayted» undan ham kattaroq!» Agentim haliyam telefonda kutib turardi. «Migel, «Yunayted»ga boramiz» – dedim nihoyat.

Ana — ayolim. U bilan 16 yoshimdan beri birgaman. O‘smirlik davrimizda tanishganmiz, munosabatlarimiz boshlanganida men hali futbolchi sifatida pul topmas, uning ishi esa yaxshi edi: mini-futbolda hakamlik qilardi. Odatda, shanba kunlari uning 3-4 o‘yini bo‘lar, keyin, yakshanba kuni kinoga borardik. Menda pul yo‘q, biletni Ana olib berardi. Ovqatlangani kirganimizda ham shu gap. 17 yetti yoshimda Italiyaga ketgach, dastlab yotoqxonada yashadim. 18ga kirgach, u maktabini tugatib mening oldimga keldi. Ilk kunlardan biz orzularimiz ortidan birga yurganmiz. Shuning uchun, yig‘layotganimda ko‘z oldimdan butun kechmishlarimiz o‘tayotgandi. (Ana, bu qismi senga tegishli, esingdami, jamoaviy tushlikda o‘tirganimizda «Udineze»dan qo‘ng‘iroq bo‘lgani va ularga men kerak emasligimni aytishgani? Men o‘tira olmay oshxonadan chiqib ketganim, mehmonxonada yig‘layotganimda meni yupatganing, «davom et, bu sening orzuying», deb dalda berganing?)

Ulg‘ayar ekanman, futbolda o‘zimni topishdan boshqa yo‘lim ham, istagim ham yo‘q edi. Boshqa biror suyanchig‘im ham, qiziqishlarim ham bo‘lmagan. Maktab davrlarida dars tugashi bilan yagona maqsadim tezroq stadionga yetib borib, katta sinfdagilar kelguncha maydonni egallab olish edi.

Eng sevimli joyim – park. Portugaliyada ilk sun’iy qoplangan park Portudagi uyimizga yaqin edi. «O Sintético» deb atardik. Hozir ham yo‘lim tushganda, o‘sha yerda mashinani to‘xtatib, tomosha qilib o‘tiraman. Otam bilan o‘sha yerda o‘ynagan paytlarim, do‘stlarim... «Men bugun Krishtianuman, Men Messi! Men Deku! Men Figu!» deb talashishimiz.

Bir kun o‘g‘lim katta bo‘lsa, uni ham shu yerga olib kelib, o‘ynataman. Balki, u ham qachondir, ulg‘aygach, xuddi men kabi, yorqin xotiralar bilan qoladi. Balki, bir kun kelib, «shu yerda men orzu qilishni boshlaganman» der...

Bolalikda o‘ynab yurganimda, negadir, bir kun «Yunayted»da o‘ynayman degan his bor edi. Balki, Krishtianu davrida ulg‘aygan, Yevro-2004 va YeChL-2008 kabi musobaqalarni ko‘rgan har qanday bola ham shuni his qilgandir. Lekin menda bu shunchaki orzu emas, maqsad ham edi, bu uzoq yo‘lga qadamlarimni bosishim kerakligini bilib turardim. Shuning uchun ham agentim qo‘ng‘iroq qilganda baxtdan o‘zimni yo‘qotib qo‘yayozdim.

«Old Trafford»dagi birinchi o‘yinimni unutmayman. Chigalyozdi uchun chiqqanimda qarasam, stadion uncha to‘lmagan. Mayli, bo‘laveradi, deb qo‘ydim. Kiyinish xonasiga qaytib, o‘yin oldidan qayta tunelga chiqqanimizda esa sehrlanib qoldim. Bu men orzu qilganimdan ham bir necha baravar kattaroq edi. Futbolchilar stadionda ko‘rinishi bilan butun stadion baqirib yuboradi-ku? O‘sha palla. Dahshat. Etlarim junjikib ketdi.

Ilk kundan meni o‘zlarinikidek qabul qilishdi. Butun diqqatimni jamlashga harakat qilar, miyamdan faqat bir o‘y kechardi – menda moslashish uchun vaqt yo‘q, men «Manchester Yunayted» futbolchisiman yoki yo‘q. Buni ko‘rsatishim shart!

O‘yin tugab, kiyinish xonasiga qaytgach, telefonimni yoqdim. Akam xabar jo‘natibdi. Biroz xavotir oldim. Sababi, agar akam va otamni taniganingda bilarding, ular tanqidni ko‘tara olishmaydi. SMS qisqa edi:

— Qo‘shiqni eshitdingmi?

— Qanaqa qo‘shiq?

— Stadionda. Senga atalga qo‘shiq. Ular senga atab qo‘shiq yozishibdi!

Keyin video jo‘natdi. Tanaffusda bufetga chiqqan muxlislar menga atalgan qo‘shiqni jo‘r bo‘lib kuylashibdi. Qanaqasiga, axir atigi to‘rt kun oldin shartnoma imzolagandim-ku? Qanday o‘ynashimni ular qayerdan bilishdi? Yutubdanmi? U yerda hamma zo‘r. To‘rt kunda qo‘shiq matnini qanday tayyorlashdi?

Albatta, o‘yinimni yoqtirmaydiganlar ham topiladi, ammo aksariyat muxlislarning muhabbatini sezib turaman. Dunyoning turli burchaklaridan, Honkongdan, Nigeriyadan mening libosimni kiyib rasmga tushishadi va yuborishadi. O‘tgan yozda, meni sardor qilib tayinlashganda uyga kelib Anaga aytdim: «hatto orzu qilmaganlarimga ham erishyapman!»

Ammo bu mavsum... Ishoning, siz nimani his qilayotgan bo‘lsangiz, bizda ham shu. Ko‘p marta biror kattaroq g‘alabadan so‘ng «nihoyat o‘zimizni topib oldik, endi shu yerdan boshlaymiz», deb, keyin yana yomon natijalarga qaytib qolaverdik. Biz yetarlicha kuchli bo‘lolmadik, yetarlicha barqaror o‘yin ko‘rsata olmadik. Buni bilib turibmiz. Mana shunday muvaffaqiyatsizliklar, sharmandaliklar, jarohatlar orasida ham sizning quvvatlashingiz ajoyib bo‘ldi. Ayniqsa, «Selherst Park»da, jamoa 0:4 yutqazganidan keyin ham tribunani tark etmasdan, futbolchilarimizni olqishlab turganingizni kuzatib, faqat bir narsani o‘yladim – maydonda bunga javob qaytarishimiz shart.

Og‘ir mavsumdan keyin, endi, ko‘proq mehnat qilishim kerak. Hammasi mendan boshlanadi. Hammasi ertadan boshlanadi. «Manchester Siti»ga qarshi bor imkoniyatimizni ishga solishimiz va olg‘a yurishimiz kerak. Men «Old Trafford»da o‘ynashni yaxshi ko‘raman. Bu yerni tark etishni istamayman. Bu doim mening orzuyim edi.

Shunchaki mening va klubning maqsadi mushtarak bo‘lishini istayman. Jamoaning har qanday muxlisi bilan gaplashsang, senga xuddi shunday deydi. Biz chempionlik uchun kurashishni istaymiz. Chempionlar Ligasida o‘ynashni, kubok finaliga chiqishni xohlaymiz. Bu standart. Bu — mening maqsadim. Bu — sizlarning loyiq bo‘lganingiz.

Men kurashishda davom etaman. Men shu yerdaman. Oilam ham shu yerda bo‘lishni istaydi. Agar biror shubhangiz bo‘lsa, mendagi Spotify Wrapped buni isbotlaydi. Manchesterga ilk kelganimda qizim Matilda atigi 3 yoshda edi. O‘g‘lim Gonsalu hali tug‘ilmagandi. Matilda ilgari futbolni juda yaxshi ko‘rardi. Aynan u tufayli gollarimni shunday nishonlayman. Qo‘lim bilan quloqlarimni berkitib olaman. Gap shundaki, u paytlarda Matildadan o‘yinchoqlarini yig‘ishtirib qo‘yishni buyursam yoki boshqa unga yoqmagan gap aytsam, qo‘li bilan quloqlarini berkitib olardi va «dadajon, nima deyapsiz, hech narsa eshitmayapman» deb turardi. Har gol urganimda, mabodo biror sabab bilan o‘sha harakatni qilmasam, uyga kelgach gap eshitardim. «Nega unday qilmading, meni unutib qo‘ydingmi?» deb kutib olardi. Qizlar shunaqa.

Vaqt juda tez o‘tyapti, Matilda endi 7 yoshda va futbol bilan ishi yo‘q. U hozir balerina bo‘lish, gimnastikadan olimpiadada qatnashishni orzu qilyapti. Lekin uyda futbol o‘ynashdan boshqasiga qiziqmaydigan 3 yashar o‘g‘lim bor. O‘yinchoqlarini 5 tadan terib qo‘yib, futbol o‘ynaydi. Hammamizni birlashtirib turadigan narsa esa ertalab, bog‘cha-maktabga ketayotib uyimizda yangraydigan qo‘shiq. Doim bitta qo‘shiq. Hali gapirishni yaxshi bilmaydigan o‘g‘lim ham jo‘r bo‘ladi. Ko‘p so‘zlarini chalkashtirib yuborsa-da, yaxshi boshlaydi. Ertalab soat sakkizda mashinaning orqasida o‘tirib olib, bor ovozi bilan kuylayotgan uch yoshli bolakayni tasavvur qiling:

Glory, glory Man United!

Glory, glory Man United!

Glory, glory Man United!

As the Reds go marching on, on, ON!!!!

Keyin qizim qo‘shiladi:

We’re the boys in red!

And we're on our way to Wembley!!!

Wembley, Wembley!!!!!

Har kuni ertalab.

Xullas, bolalarimga, hamda butun dunyodagi «Yunayted» muxlislariga birgina gapim bor:

«Bilaman, oson bo‘lmadi. Bilaman, biz bunday o‘ynamasligimiz kerak edi. Lekin hozir «Uembli» ostonasida turibmiz. Yana bir marta orqamizda turing. Sardoringiz Brunk Fernandesh»

ThePlayersTribune

Mavzuga oid