Jahon | 19:35 / 27.05.2024
13391
4 daqiqa o‘qiladi

Dunyoda tug‘ilish kamaymoqda: siyosatchilar oldida qanday vazifalar turibdi?

Demokratik va farovon davlatlar tug‘ishni rag‘batlantirish uchun budjetdan pul ajratishga majbur, aks holda ular chaqaloqlarsiz qolib ketishyapti. Tug‘ilish ko‘rsatkichlari bo‘yicha kam rivojlangan yoki rivojlanayotgan Afrika davlatlari yetakchilik qilmoqda. Markaziy Osiyoda esa Tojikiston bu borada peshqadam. O‘zbekistonda esa tug‘ilishlar kamaygan.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, oxirgi 4 yilda tug‘ilish indeksi 4 foizdan ortiqqa kamaygan. Demak, deyarli har yili tug‘ilish 1 foizga pasaymoqda. 2024 yil hisob-kitoblariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab jami tug‘ilishlar soni 2023 yil bilan taqqoslaganda 0.94 foiz kam bo‘ladi. Davlatlar esa o‘z aholisini ko‘proq farzand ko‘rishga undashi lozim, deb yozadi The Economist.

Bugun jahonda tug‘ilish darajasining kamayishi borgan sari jiddiy ijtimoiy va demografik muammoga aylanmoqda. Endi siyosatchilar ayollarning tug‘ishiga budjetdan pul ajratishi kerak. Ya’ni vaziyat tug‘ilishni rag‘batlantirishga undayapti.

Nashrda keltirilishicha, professional va hayotda o‘z o‘rnini topgan ayollarning farzand ko‘rishni istamasligi yoki bitta farzand bilan kifoyalanishi – tug‘ilish ko‘rsatkichlarining kamayishiga asosiy sabablardan biri.

Umuman olganda, tug‘ilishni rag‘batlantirishni ham investitsiya deyish mumkin. Chunki shu tug‘ilgan bolalar jamiyatni tashkil qiladi va kun kelib soliq to‘lovchiga aylanadi. Xo‘sh, siyosatchilar oldida qanday vazifalar turibdi? Birinchi navbatda hukumatlar qanday bo‘lmasin tug‘ilishni oshirish uchun pul tikishlari kerak. Dunyo iqtisodiyoti ham yildan yilga kamaygan tug‘ilishlar miqdoriga moslashishiga to‘g‘ri keladi. Chunki iqtisodiyot ijtimoiy o‘zgarishlar bilan hisoblashishi darkor.

The Economist'ga ko‘ra, asosiy muammo bugun demokratik va farovon davlatlarda. Ayni shu sinfga kiruvchi mamlakatlar aholisining katta qismi bola ko‘rishni istamaydi. Lekin masalaning ular o‘ylamagan tomoni bor: bora-bora bunday davlatlar fuqarolari keksalikda ham ishlashiga to‘g‘ri keladi, chunki ularning boquvchisi bo‘lmaydi. Bu esa katta muammoga aylanishi ham mumkin.

Har 1000 nafar odamga qancha tug‘ilish to‘g‘ri kelishi bo‘yicha statistikaga yuzlansak, aholisi shiddat bilan ko‘payayotgan davlatlarning aksariyati Afrika qit’asida. Va ular kambag‘al va rivojlanmagan yoki rivojlanayotgan davlatlardir. Masalan, dunyodagi eng ko‘p tug‘ilish Niger, Chad va Kongo davlatlarida. Tug‘ilish ko‘rsatkichi bo‘yicha Markaziy Osiyodan Tojikiston yetakchilik qilmoqda. O‘zbekiston esa xalqaro tashkilotlarning ro‘yxatlarida 64-70-o‘rinlar oralig‘ida. Mintaqa bo‘yicha eng kam tug‘ilishlar soni Turkmanistonda qayd etilmoqda.

Markaziy Osiyoning qo‘shnisi Afg‘oniston esa ro‘yxatning boshida, beshala respublikadan ham oldin – 15-o‘rinda qayd etilgan. Dunyo bo‘yicha eng kam tug‘ilishlar esa Ukrainada ekani ma’lum bo‘lgan. Bundan tashqari, Yaponiya, Janubiy Koreya va Ispaniyada ham vaziyat jiddiy. Ko‘plab odamlarda farzand ko‘rishga bo‘lgan intilish qolmagan.

Yana O‘zbekistonga qaytadigan bo‘lsak, davlat so‘nggi yillarda aholisi sonining barqaror oshib borayotgani bilan maqtanib kelayotgandi. Lekin 2024 yilning 1-choragida tug‘ilgan chaqaloqlar soni 205 713 nafarni tashkil etgan, bu – 2023 yilning mos davriga nisbatan 4,3 foizga kam. Mamlakatda o‘lim holatlari ko‘paygan: 2024 yil boshidan buyon bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 3,1 foizga oshib, 40 197 nafarni tashkil etgan. Aholining tabiiy o‘sishi ham 6 foizga kamaygani qayd etilgan.

Mavzuga oid