O‘zbekiston | 08:44 / 28.05.2024
2608
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston mehnat bozoriga har yili 600 mingdan ortiq yoshlar kirib kelayotgani ma’lum qilindi

2030 yilga borib bu ko‘rsatkich 1 millionga yetishi kutilmoqda.

Foto: Kun.uz

Tojikistonning Avesta axborot agentligi O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi mutaxassislari Ilhom Qurbonov, Abbos Akromov va Ma’mur Bayonovning mamlakatda inson kapitalini rivojlantirish tizimiga bag‘ishlangan maqolasini e’lon qildi, deb xabar bermoqda "Dunyo".

Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston mehnat bozoriga har yili 600 mingdan ortiq yoshlar kirib kelmoqda, 2030 yilga borib esa bu ko‘rsatkich 1 millionga yetishi kutilmoqda. Shu bois katta mehnat bozorida davlat xizmatiga eng istiqbolli va yuqori salohiyatli kadrlarni jalb etish davlat boshqaruvi tizimining asosiy muammolaridan biriga aylandi.

Agentlikning ma’lum qilishicha, 2020 yilda O‘zbekistonda davlat xizmatiga eng istiqbolli kadrlarni ochiq tanlov asosida jalb etish tizimi joriy etildi. Nomzodlarni tanlash tizimi turli tartib va baholash mezonlariga ega bo‘lishi mumkin, biroq asosiy shart o‘zgarishsiz qoladi. Ya’ni barcha bosqichlarning mutlaq ochiqligi va shaffofligi ta’minlanadi.

2020-2023 yillarda mamlakatda davlat organlari va tashkilotlaridagi mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga 150 mingdan ortiq tanlov o‘tkazildi. Qabul qilingan murojaatlarning umumiy soni 2 million 400 mingtani tashkil etdi. Natijada 60 ming nafar nomzod davlat xizmatiga qabul qilindi, shundan 19 ming nafari (28 foizi) 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlardir.

"Mavjud muammolarni hal qilishga qaratilgan yagona tizim davlat xizmatini tartibga solish sohasidagi ilg‘or xalqaro standartlarga to‘liq mos keladi", – deb yozgan mualliflar.

Mavzuga oid