Jahon | 08:40 / 30.05.2024
2713
4 daqiqa o‘qiladi

Gurjistonning 160 ta nodavlat tashkiloti «chet el agentlari» haqidagi qonunga qarshi chiqdi

«Mamlakatimizda Rossiya qonunlari qo‘llanmaydi», deyiladi Gurjistondagi 160 nohukumat tashkilot va ommaviy axborot vositalarining qo‘shma bayonotida.

Foto: Giorgi Arjevanidze/AFP/Getty Images

«Gurji xalqi o‘zining Yevropadagi kelajagini himoya qilishga qat’iy qaror qildi va shunday qilishda davom etadi, ular hech qachon Rossiya ta’siri ostida yashashga rozi bo‘lmaydi», — deyiladi Gurjistondagi 160 nodavlat tashkilot va ommaviy axborot vositalarining xorijiy ta’sirning shaffofligi haqidagi qonunga qarshi qo‘shma bayonotida. Gurjistonning Interpressnews portali 29 may, chorshanbaga o‘tar kechasi ushbu bayonotdan parchalarni e’lon qildi.

Hujjat mualliflariga ko‘ra, Rossiyaning «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonuni o‘xshashi bo‘lgan qonunni qabul qilish bilan Gurjiston hukumati «fuqarolik sektorini buzmoqchi bo‘lgan», ammo misli ko‘rilmagan birdamlik va tinimsiz qarshilikka duch kelgan.

«Mamlakatimizda Rossiya qonunlari qo‘llanmaydi. U hech kim ergashmaydigan qog‘oz bo‘lib qoladi!» - ta’kidlaydi imzo chekkanlar. Ularning nuqtayi nazariga ko‘ra, Gurjistonning amaldagi rasmiylari o‘z mamlakatida «bilimga, xalqaro obro‘ga, fuqarolik tartibi va tinchligiga ataylab xavf tug‘dirgan». «Bizning norozilik va kurashimiz qonun bekor qilinmaguncha davom etadi», - deb va’da qilmoqda hujjat mualliflari.

Bayonotga imzo chekkanlar yangi qonunda nazarda tutilganidek, Adliya vazirligining maxsus reyestrida ro‘yxatdan o‘tmasliklarini aniq ko‘rsatgan.

«Chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonun

Gurjiston parlamenti 14 may kuni mamlakatda davom etayotgan ommaviy norozilik namoyishlari fonida «Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida»gi qonun loyihasini qabul qildi. Hukmron «Gurjiston orzusi» partiyasi aprel oyida parlamentga kiritganidan buyon ushbu hujjat muxolifat kuchlarining o‘ta salbiy munosabatini uyg‘otdi, ular uni hukumat nazorati ostida bo‘lmagan nohukumat tashkilotlar va mustaqil ommaviy axborot vositalarini «to‘g‘irlash»ga qaratilgan deb hisoblaydilar.  Mamlakat prezidenti Salome Zurabishvili 18 may kuni ushbu qonunga veto qo‘ygan. 

10 kundan so‘ng Gurjiston parlamenti ko‘pchilik ovoz bilan prezidentning vetosini yengib o‘tdi va nihoyat qonunni ma’qulladi. 150 deputatdan 84 nafari hukmron «Gurjiston orzusi» partiyasidan bu qarorni yoqlab ovoz berdi. Faqat to‘rt nafar parlamentariy qarshi chiqdi. Prezident vetosining bekor qilinishi kutilgan voqea edi, chunki «Gurjiston orzusi» va u bilan hamkorlik qiluvchi partiyalar parlamentda ko‘pchilikni tashkil etadi. 

Yevropa Ittifoqi, AQSh va Yevropa kengashi Gurjiston hukumatini ushbu qonunni qaytarib olishga chaqirib, uning qabul qilinishi Gurjistonning YeIga yo‘lini yopib qo‘yishi to‘g‘risida ogohlantirdi. Qo‘shma Shtatlar yangi qonun tarafdorlariga nisbatan viza cheklovlari joriy etilgani va Gurjiston bilan hamkorlikni har tomonlama ko‘rib chiqishini e’lon qildi. 

Mavzuga oid