O‘zbekiston | 18:10 / 30.05.2024
23565
4 daqiqa o‘qiladi

Sobiq MXX binosidan daraxtlarni ko‘chirayotgan firma rahbari fotografning boshidan ichimlik to‘kdi

Firma rahbari ko‘chirib o‘tqazilgan daraxtlarni suratga olayotgan fotografga “bu yerdan tezroq yo‘qol”, deb uning boshidan gazlangan ichimlikni quyib yuborgan.

Foto: Videodan kadr

Toshkent shahridagi sobiq MXX binosi hududidan daraxtlarni ko‘chirgan “Muna Mug” kompaniyasi rahbari Farrux Hakimov boshqa joyga o‘tqazilgan daraxtlarni suratga olayotgan Komil Yenikeyevga tayziq o‘tkazgan. Bu haqda bloger Nikita Makarenko xabar bermoqda.

Makarenko tomonidan e’lon qilingan videoda hodisa tafsilotlarini Komil Yenikeyevning o‘zi hikoya qilib bergan. Videoda fotograf sobiq MXX binosi hududidan ko‘chirilgan daraxtlarni suratga olayotganda noma’lum shaxs kelib unga fotograf turgan joy xususiy mulk ekanini eslatgan va “nega atrofni videoga olyapsan?”deb so‘ragan.

Fotografdan “Men o‘z mulkim bo‘lgan mashinam ichida o‘tiribman va xohlagan joyimni videoga olaman”, degan javobni eshitgan shaxs unga “Shunchalik aqllimisan? Mendan qo‘rqib ketdingmi? Qo‘rq mendan. Tez buyoqdan ket”, deydi. So‘ng qo‘lidagi gazlangan ichimlikni fotografning boshidan quyadi.

Keyinchalik fotografga tazyiq o‘tkazgan shaxs sobiq MXX binosi hududidan daraxtlarni ko‘chirgan “Muna Mug” kompaniyasi rahbari Farrux Hakimov ekani ma’lum bo‘ladi.

Ma’lumot uchun, 22 may kuni Toshkent shahri markazidagi Sayilgoh ko‘chasidan ustiga yashil mato yopib olib chiqib ketilayotgan daraxtlar videosi tarqaldi. Kun.uz'ga ma’lum bo‘lishicha, daraxtlar sobiq Milliy xavfsizlik xizmati binosi hududidan olinib, Toshkent viloyatining Qibray tumani Mirzo Ulug‘bek shaharchasidagi anhor bo‘yiga ko‘chirib o‘tqazilgan.

Voqea ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuv bo‘lgach, Ekologiya partiyasi Bosh prokuratura va atrof-muhitni muhofaza qilishga mas’ul davlat tashkilotlaridan zudlik bilan holatga chora ko‘rishni so‘radi. Shundan keyin Ekologiya vazirligining Toshkent shahar boshqarmasi o‘rganish boshlaganini ma’lum qildi.

Kun.uz tomonidan o‘tkazilgan surishtiruvda shahar Ekologiya boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Tursunpo‘lat Egamov Metropol Group yanvar oyida daraxtlarni kesish uchun boshqarmaga xat jo‘natganini, lekin vazirlik buni rad etganini ma’lum qildi.

Shuningdek, u qonunchilikda daraxtni ko‘chirishga ruxsatnoma berilishi belgilanmaganini ham qo‘shimcha qildi.

“Ko‘chirishga ruxsat berish tartibi yo‘q. Faqat Vazirlar Mahkamasining 464-sonli qaroriga asosan ko‘chirish tartibi berilgan. Biz daraxtlarni ko‘chirishga ruxsatnoma bera olmaymiz. 3 kun oldin xat asosida xabar beriladi. Ko‘chirishga biz tomonimizdan inspektor ajratilishi kerak. 2,5 oydan beri hech nimadan xabarsiz edik”, – degan mas’ul.

Surishtiruv davomida daraxtlarni ko‘chirib o‘tqazish bilan shug‘ullangan “Muna Mug” kompaniyasi rahbari Farrux Hakimov Kun.uz muxbiriga daraxtlarni ko‘chirishga ruxsat olinganini aytgan, lekin ruxsatnomani tahririyatga ko‘rsatmagan.

P.S. Sobiq MXX binosi avvalroq Metropol Group kompaniyasi tomonidan xususiylashtirib olingan va o‘rnida 22 qavatli mehmonxona qurilishi e’lon qilingan. 2023 yil yozda bino buzilishi boshlangan.

Mavzuga oid