Iqtisodiyot | 17:10 / 31.05.2024
15825
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Rossiya bilan ko‘proq rublda savdo-sotiq qilmoqda

Vladimir Putin O‘zbekistonga tashrifi vaqtida o‘zaro savdoda dollardan voz kechib, milliy valutalarga o‘tishni “favqulodda muhim” deb atadi. Iqtisodchi Rossiya bilan rublda savdo qilish o‘zbek eksportchilari va importyorlari uchun qanday chaqiriqlar yaratishi haqida to‘xtalib o‘tdi.

Foto: Bloomberg

Shu hafta O‘zbekistonda davlat tashrifi bilan bo‘lgan Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘zaro hisob-kitoblarda dollardan voz kechib, milliy valutalarda (rubl va so‘m) savdo-sotiq qilishga o‘tish “favqulodda muhim”ligini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki tomonlama tijoriy bitimlarda rublning ulushi 2023 yil yakunlari bo‘yicha 58 foizga yetgan.

O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston tashqi savdosida so‘nggi 5 yilda rublning ulushi eksportda 0,8 foizdan 5,3 foizga, importda 4,2 foizdan 7,6 foizgacha yetgan. Iqtisodchi Otabek Bakirovning hisob-kitoblari bo‘yicha, 2023 yilda O‘zbekiston ekvivalenti 1,3 mlrd dollar eksport va 2,9 mlrd dollarlik importni rublda amalga oshirgan.

Rublda savdo qilishga o‘tish O‘zbekiston uchun foydami yoki zarar?

Mantiqan o‘ylab qaraladigan bo‘lsa, Rossiya bilan rublda savdo qilish O‘zbekiston uchun katta xavf tug‘dirmaydi, chunki mamlakat eksport qilganidan ko‘ra ko‘proq import qiladi. Masalan, 2023 yilda Rossiyaga eksport 3,3 mlrd dollarni, Rossiyadan import esa 6,57 mlrd dollarni tashkil etgan. O‘tgan yili Rossiya bilan tashqi savdo manfiy saldosi 3,27 mlrd dollar bo‘lgan.

Ammo ayni paytda bu amaliyot tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun bir qancha risklarni yuzaga keltirishi mumkin. Otabek Bakirov bu borada e’tibor berish lozim bo‘lgan bir qator jihatlarni sanab o‘tdi.

“Birinchidan, rublning volatilligi juda yuqori. Masalan, 2023 yilda dollarning rublga nisobi 70 dan 104 gacha o‘ynadi. Bu qator holatlarda eksport bitimining ma’no-mazmunini yo‘qqa chiqaradi. Kecha tuzilgan bitim, toki hisob-kitoblar amalga oshirilgunicha zararliga aylanib qoladi. Rubl kursiga ma’muriy qarorlar ta’sirining yuqoriligini aytmasa ham bo‘ladi.

Ikkinchidan, rublning likvidliligi va keyingi tanlovi past. Rubl tushumini yo yana Rossiyadan import uchun yoki eng yaxshi holatda ko‘nishsa, YeOIIning boshqa a’zolari bilan savdoda ishlatish mumkin xolos. Ko‘pincha eksportchilar eksport tushumi uchun texnologiya va uskunalar xarid qilishni istashadi. Bunday tanlovni rubl bilan amalga oshirish ancha mushkul.

Uchinchidan, rublga xaridor topish ham, sotib olish ham yuqori tranzaksion xarajatlarga olib keladi. Valuta birjasida rublda oxirgi marta savdolar 2024 yil fevralda amalga oshirilgan. Birjadan tashqari savdolar orqali rublga xaridor topish osonroq va tezroq, lekin afzal bo‘lmagan kurslarga rozi bo‘lishga to‘g‘ri keladi. Banklar, aytaylik dollar olish va sotishda hatto 0,1 foizlik spredga rozi bo‘lishsa, rubl misolida eng yaxshi holatda ham spred 5 foizdan kam bo‘lmaydi. Chunki spred ichida yuqori volatillik yaratadigan xatarlar narxi o‘tiradi”, deya yozdi iqtisodchi.

Otabek Bakirovning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya bilan savdoda rubl bilan emas, barqarorligi yuqoriroq bo‘lgan Xitoy yuanida hisob-kitoblar ikki tomonlama afzalroq ko‘rinadi.

Birinchidan, Rossiyaning o‘zi ham tashqi savdoda tobora ko‘proq yuandan foydalanmoqda. 2023 yilda Rossiya eksportida yuan ulushi 26,3 foizga yetgan. Moskva birjasidagi valuta savdolarining yarmidan ko‘pi yuan oldi-sotdisi bilan bog‘liq.

Ikkinchidan, yuanning O‘zbekiston uchun afzalroq ekani importning 30 foizi Xitoyga to‘g‘ri kelishi bilan ham muhim. Geosiyosiy muvozanatdagi evrilishlar, o‘zbek iqtisodiyotining texnologik qayta qurollanishi davom etishi va investitsion maqsadlar bu ulushni yaqin istiqbolda qisqartirmaydi.

Uchinchidan, hozirgi realliklarda yuandagi savdo rubldagi hisob-kitoblar yaratadigan konsentratsiyadan ko‘ra tashqi savdoni ko‘proq diversifikatsiyalaydi, ehtimoliy sanksiyalar bilan bog‘liq xatarlar ham kamroq bo‘ladi”, – deydi ekspert.

Oxirgi kunlardagi so‘m kursining mustahkamlanishi nima bilan bog‘liq?

So‘nggi 7 kunda valuta birjasida dollarning so‘mga nisbati noodatiy ravishda faqat pasaydi. 23–31 may kunlari Amerika valutasi 125 so‘mga arzonlashdi.

Ayrim ijtimoiy tarmoqlarda so‘m kursining mustahkamlanishi O‘zbekiston va Rossiyaning ikki tomonlama hisob-kitoblarda dollardan voz kechishga kelishib olgani bilan bog‘liqligi haqida xabarlar tarqaldi. Lekin bunday emas: gap shundaki, o‘tgan hafta O‘zbekiston hukumati dollar, yevro va so‘mda jami 1,5 mlrd dollarlik obligatsiyalar chiqargandi. Jalb qilingan xorijiy valutadagi mablag‘larni (600 mln dollar va 600 mln yevro) valuta birjasiga chiqarib sotish hisobidan so‘m kursining vaqtinchalik mustahkamlanishiga erishilgan bo‘lishi mumkin.

Mavzuga oid