O‘zbekiston | 22:05 / 02.06.2024
29443
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbek yoshlarining qo‘shni davlatlarda “o‘qishi” – o‘z-o‘zini aldashmi?

YuNESKO ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston xorijda o‘qiyotgan talabalari soni bo‘yicha jahonda 5-o‘ringa chiqqan. Salkam 110 ming o‘zbekistonlik bugun xorijda ta’lim olyapti. Bu bo‘yicha mamlakatimiz Fransiya va AQShdan ham oldinda. Lekin yaltiragan har narsa oltin emas deganlaridek, talabalarning aksariyati qayerda va qanday OTMda o‘qiyotgani muhim.

Kun.uz bu masalada UzJOKU rektori, professor Sherzodxon Qudratxo‘ja hamda “El-yurt umidi” jamg‘armasi ijrochi direktori o‘rinbosari Javohir Ahmedov bilan suhbatlashdi.

Ta’kidlash joizki, qariyb 110 ming nafar talabalarning 90 foizi – qo‘shni Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston, shuningdek, Rossiya hamda Koreya Respublikasida ta’lim oladi. Qo‘shni yurtlardagi ular tanlagan oliy ta’lim muassasalari jahon reytingida emas. Koreyadagi aksariyat yoshlar esa til kursi bahonasida ishlashni maqsad qilib yo‘lga chiqmoqda.

Sherzodxon Qudratxo‘janing fikricha, bu o‘zini o‘zi aldash. O‘zbekiston ta’lim borasida qo‘shnilaridan oldinda, orqada emas. Bundan tashqari, agarda yoshlar qaysi OTMga borayotganini bilmasa, ularning ota-onasi nazoratni kuchaytirishi kerak. Shunday davlatlardagi ikki xonali kvartiralarda ochilgan oliy ta’lim muassasalarining diplomi bizda tan olinmaydi. Chunki talabgorlar kelib imtihon topshirishi lozim, ular esa, tabiiyki, imtihondan o‘ta olmaydi. Bu esa korrupsiyani gullatadi, oxir-oqibat, talabalar o‘z-o‘zini aldaydi, deydi UzJOKU rektori.

“El-yurt umidi” jamg‘armasi 2018 yilda qayta tashkil etilgandan keyin reytingi yuqori xalqaro OTMlarga talabalarni yuborishni ko‘paytirgan. Lekin umumiy hisobda “umidchilar”ning salmog‘i ancha oz. Talabgorlar esa rad javobini olganidan, shartlar juda ko‘pligidan norozi. Jamg‘arma vakili Javohir Ahmedov vaziyatga munosabat bildirar ekan, shartlar noo‘rin emasligini, maqsad eng mos stipendiatni tanlash ekanini bildirdi.

Bu – inson kapitaliga investitsiya, stipendiatlar nafaqat ta’lim oladi, balki dunyodan kelgan talabalar bilan tanishadi. Bu esa kun kelib O‘zbekiston manfaatlari uchun xizmat qilishi lozim. Bundan tashqari, bugun respublikaning chekka qishloqlaridan bo‘lgan yoshlar jamg‘arma hisobidan xorijda – AQSh, Kanada, Germaniya, Avstraliya kabi davlatlarda ta’lim olyapti, deydi Ahmedov.

Rektor Qudratxo‘janing fikricha, o‘zbek yoshlari qo‘shni yurtlardagi oliygohlarda kontrakt arzonligiga uchib, mablag‘dan kelib chiqib holda yo‘nalish va universitet tanlashi, ota-onasining istagi ortidan quvishi, faqat diplom uchun o‘qishi – bugun ham saqlanib qolinayotgan illatlardir. Sifatli ta’lim esa arzon bo‘lmaydi, deya qo‘shimcha qildi Qudratxo‘ja.

“El-yurt umidi” jamg‘armasi yuborgan xorijdagi talabalar esa vatanga qaytib kelishi kerak. Fond vakili Ahmedovga ko‘ra, har bir talaba bilan aloqalar mahkam, grafik asosida ularning holidan xabar olinadi, onlayn uchrashuvlar o‘tkaziladi. Ular kelib qayerda ishini boshlashi esa ketishidan avval ma’lum bo‘ladi. Lekin qaytishni istamayotganlar ham anchagina. Qudratxo‘janing ta’kidlashicha, bu noto‘g‘ri. Davlat ham bir sub’yekt, shartnoma tuzildimi, unga amal qilish lozim. Aldov dinda ham qoralanadi.

Shohrux Majidov suhbatlashdi.

Mavzuga oid