O‘zbekiston | 07:36 / 04.06.2024
7489
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda Xitoy avtomobilsozlik texnoparkini tashkil etish rejalashtirilmoqda

Ishlab chiqariladigan avtomobillar yangi, mahalliy brend ostida bo‘lishi reja qilingan.

Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi

Farg‘ona viloyat hokimi Xayrulla Bozorov Xitoyning China Triumph International Engineering hamda China Xiaou Group kompaniyalari rahbarlaridan iborat delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuvda viloyat hududida Xitoy avtomobilsozlik texnoparki tashkil etish hamda yangi brend ostida butlovchi qismlari mahalliylashtirilgan avtomobillar ishlab chiqarish loyihasi muhokama qilindi.

Loyihaning birinchi bosqichida Xitoydan keltirilgan qismlarni yig‘ish, bo‘yash hamda sozlash liniyalarini yo‘lga qo‘yish orqali yillik 60 ming dona gaz, elektr va gibrid motorli avtomobillar, maxsus transport vositalari ishlab chiqarish belgilangan bo‘lsa, keyingi bosqichda tashkil etiladigan Xitoy avtomobilsozlik texnoparkida barcha butlovchi qismlarni ishlab chiqarish korxonalari tashkil etish hamda ularni kooperatsiyasini tashkil etish orqali ishlab chiqariladigan avtomobillar sonini yillik 1 mln donaga yetkazish loyiha-rejada ko‘zda tutilgan. 

Buning uchun jami 200 gektar yer maydoni talab etilishi ma’lum qilindi. Ishlab chiqariladigan avtomobillar yangi, mahalliy brend ostida bo‘lishi reja qilingan. Tashkil etilishi taklif etilayotgan Xitoy avtomobilsozlik texnoparkiga o‘nlab Xitoy kompaniyalarining investitsion ishlab chiqarish loyihalarini joylashtirishi rejalashtirilgani bildirildi.

Xitoylik investorlar tomonidan qisqa muddat ichida amalga oshiriladigan investitsion loyihalarning aniq amalga oshirish muddati, kiritiladigan sarmoyalarning miqdori hamda yaratiladigan ish o‘rinlari soni bo‘yicha aniq asoslangan biznes-rejani ishlab chiqilishiga hamda muzokaralarni davom ettirishga kelishib olindi.

Mavzuga oid