Fan-texnika | 23:13 / 05.06.2024
7032
2 daqiqa o‘qiladi

Boeing kompaniyasining Starliner kosmik kemasi koinotga muvaffaqiyatli uchirildi

Oldingi ikki urinish texnik nosozliklar sababli bekor qilingan edi. 

Foto: Getty Images

Boeing korporatsiyasi Starliner kosmik kemasini Xalqaro kosmik stansiyaga (XKS) muvaffaqiyatli uchirdi. Bu haqda BBC xabar berdi. 

Bu Atlas V raketa tashuvchisi tomonidan Starliner va uning ekipajini koinotga uchirish bo‘yicha uchinchi urinish hisoblanadi. Oldingi ikki urinish texnik nosozliklar sababli bekor qilingan edi. 

Kema bortida NASA astronavtlari Batch Uilmor va Sunita Uilyams bor. Parvoz taxminan bir sutka davom etishi kutilmoqda. Bu vaqt ichida astronavtlar kemaning turli tizimlarini sinab ko‘rishi, xususan, kemani qo‘lda boshqarishi lozim bo‘ladi.

Astronavtlar stansiyada sakkiz kun bo‘ladi. Bu davr oralig‘ida ham sinovlar davom etadi, chunki ekipaj Starliner kapsulasidan XKSda muammolar yuzaga kelganda boshpana sifatida foydalanish imkoniyatini aniqlashi kerak. Keyin esa, kema AQSh Nyu-Meksiko shtatiga qo‘nishi lozim.

1 iyun kuni bo‘lib o‘tgan avvalgi urinish havoga ko‘tarilishdan to‘rt daqiqa oldin to‘xtatildi. Ma’lum bo‘lishicha, elektr ta’minotidagi nosozlik tufayli muammo yuzaga kelgan.

6 may kuni birinchi parvoz Atlas V raketasidagi klapan nosozligi sababli bekor qilingan edi. 

Starliner dasturi ko‘p yillik kechikishlarni boshdan kechirdi va bu paytda Boeing so‘nggi yillarda yo‘lovchi samolyotlarining xavfsizligi bilan bog‘liq tanqidlarga duch keldi. 

NASA Boeing kompaniyasini XKS sari ekipajlarni yetkazish bo‘yicha ikkinchi tijorat operatori sifatida sertifikatlashni istaydi. Ilon Maskning SpaceX kompaniyasi allaqachon buni amalga oshirmoqda.

Mavzuga oid