“Bolalarga chirigan kartoshka yedirishmoqda” – Nurmat Otabekov
Senat ishchi guruhi Andijon viloyatidagi bog‘chalarning ovqatlantirish tizimini salbiy baholadi. O‘rganishlarda muassasa oshxonalari ta’mirtalab ekani, jihozlar, idish-tovoqlar yetishmasligi, sifatsiz mahsulotlar olib kelingani aniqlangan. Sog‘liqni saqlash vazirligi vakili Nurmat Otabekovning aytishicha, bunday MTTlar faoliyatini bugunning o‘zidayoq to‘xtatish kerak.
Oliy Majlis Senatining Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasining majlisida Andijon viloyatidagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarining ovqatlantirish holati muhokama qilindi.
Senatorlar o‘rganilgan davlat bog‘chalarida sog‘lom ovqatlantirish tegishli talablarga muvofiq tashkil etilmayotgani aniqlangan. Xususan, Shahrixon tumani 52-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti binosi eski ekani, oshxona tashqi va ichki xonalari to‘liq ta’mirtalab, stol, stul va boshqa jihozlar yetishmasligi aytilmoqda.
“Oshxona sanitariya-gigiyena talablariga javob bermaydi, tozalash ishlari o‘tkazilmagan, bolalar uchun idish-tovoqlar yetarli emas”, – deyiladi xabarda.
Shuningdek, taom tayyorlash, oziq-ovqat mahsulotlarini sifatli qabul qilish, saqlash uchun sharoitlari o‘rganilganda, Qo‘rg‘ontepa tumanidagi 2-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida brakeraj komissiyasi tomonidan mahsulotlar qabul qilib olinmayotgani va shuning natijasida sifatsiz oziq-ovqat mahsulotlari kirim qilingani aniqlangan.
Bundan tashqari, muassasalarda taomnomalar 10 kunlik yagona mavsumiy taomnoma asosida tuzilmagan. Tuzilgan taomnoma sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi va jamoat salomatligi qo‘mitasi hududiy bo‘limlari bilan kelishilmagan hamda taomnomalarga kiritilgan o‘zgartirishlar yuzasidan dalolatnoma rasmiylashtirilmagan.
Majlisda ishtirok etgan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekovning aytishicha, bunday bog‘chalarda bolalarga chirigan mahsulotlardan taom yedirishayotgan bo‘lishi ham mumkin.
“Senatdan tashkil qilingan ishchi guruh borib ko‘rgan MTT ishlashi kerak emas. Ularning faoliyatini shu bugunning o‘zidayoq to‘xtatish kerak. Olib kelingan mahsulotlar noto‘g‘ri saqlanib, tomir otib yuborsa, turgan joyida chirisa, qaysi bir oshpaz o‘sha chirigan, unib ketgan kartoshkani tashlab yuboradi?!
Albatta, uni bolalarga yedirishadi. Idish-tovoqlar yetarli emas, chetlari singan. Demak, bu bolalarning lab-lunjini, tillarini kesib olish ehtimoli bor hatto. Talablarga rioya etilmagan, faqat negativ. Mening nazarimda, aynan shu 4 ta tumandagi mutasaddilarga nisbatan biroz qattiqroq chora ko‘rilishi kerakki, toki bu boshqa birovlarga birmuncha maktab bo‘lsin”, – dedi u.
Ta’kidlanishicha, majlisda bog‘cha bolalarini ovqatlantirish masalasi yuzasidan mas’ul vazirlik va idoralar rahbarlarining axborotlari ham eshitilgan. Senatorlar tomonidan sohada mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha taklif va tavsiyalar bildirilgan.
Jumladan, jismoniy shaxsni biometrik identifikatsiya qilish (Face-ID) tizimi orqali tarbiyalanuvchilar davomatini yo‘lga qo‘yish hamda shu asosda oziq-ovqat xarajatlarining aniq hisobini yuritish, ovqatlantirishni tashkil etish bo‘yicha brakeraj komissiyalari tomonidan oziq-ovqat mahsulotlarini qabul qilib olishda tashkilot rahbarlarining mas’uliyatini oshirish, yetkazib berilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari sifatini nazorat qilish kabi takliflar berilgan. Tadbir yakunida qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilingan.
Ma’lumot uchun, bugungi kunda respublikada 6 824 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari mavjud bo‘lib, ularning 1 172 tasida 83 nafar tadbirkor tomonidan autsorsing xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan. Qolgan 5 652 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalarni an’anaviy usulda ovqatlantirish tashkil etilgan.
Ayni vaqt viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tasarrufida jami 549 ta davlat bog‘cha bo‘lib, ularda 122 386 nafar bola tarbiyalanmoqda.
103 ta (18,8%) davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida bolalarni ovqatlantirish autsorsing usulida tashkil etilgan bo‘lib, 7 ta autsorserlarga oshxonalar ijaraga berilgan. Qolgan 446 ta (81,2%) davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida bolalarni ovqatlantirish tuman va shahar maktabgacha va maktab ta’lim bo‘limi tomonidan tashkil etilgan.
2023 yilning 1 sentabridan barcha hududlardagi davlat bog‘chalari uchun 10 kunlik yagona mavsumiy taomnoma asosida tarbiyalanuvchilarni ovqatlantirish tashkil etilgan.
Mavzuga oid
12:30 / 06.11.2024
AQShda Trampning respublikachilari Senatda ko‘pchilik o‘rinni qo‘lga kiritdi
15:55 / 24.10.2024
“5 yilda 440 ga yaqin qonun muhokama qilindi” - Senat raisi
13:38 / 23.10.2024
Yerdan foydalanish haqidagi qonunchilik talablarini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi
13:04 / 23.10.2024