Sport | 21:43 / 05.06.2024
21951
2 daqiqa o‘qiladi

Fayzullayev Shomurodovni ortda qoldirib, O‘zbekistonning eng qimmatbaho futbolchisiga aylandi

Transfermarkt portali Rossiya Premer-ligasi-2023/24 yilgi mavsumidan keyin bir qator futbolchilarning transfer bahosini o‘zgartirdi.

Xususan, O‘zbekiston milliy jamoasining 20 yoshli yarimhimoyachisi Abbosbek Fayzullayevning transfer bahosi yana bir million yevroga ko‘tarilib, 6 million yevroga yetdi.

Qayd etish joiz, Fayzullayev TsSKAda transfer bahosida eng katta o‘sish kuzatilgan o‘yinchi bo‘ldi va u transfer bahosiga ko‘ra, Fedor Chalov (11 mln yevro) va Ivan Oblyakovdan (9 mln yevro) keyin klubning eng qimmatbaho 3-o‘yinchisiga aylandi.

Shu tariqa, Abbosbek 6 million yevro narx bilan O‘zbekistonning eng qimmatbaho futbolchisi bo‘lib turgan Eldor Shomurodovni ortda qoldirdi. Mavsumni «Kalyari»da o‘tkazgan 28 yoshli forvard Osiyo kubogini o‘tkazib yuborgach, uning transfer bahosi o‘zgarishsiz (5 mln yevro) qolgandi.

O‘zbekiston olimpiya jamoasi safida Parij-2024ga yo‘llanma olgan Fayzullayev 6 million yevro transfer bahosi bilan nafaqat O‘zbekistonda, balki Markaziy Osiyoning ham eng qimmatbaho o‘yinchisiga aylandi.

 

Eslatib o‘tamiz, Osiyo kubogidan keyin turnirda Hindiston va Tailand darvozasiga gol urgan 20 yoshli yarimhimoyachining transfer bahosi 1 million yevroga oshib, 4 milliondan 5 million yevroga ko‘tarilgandi.

Ma’lumot uchun, Eldor Shomurodov so‘nggi 4 yildan buyon O‘zbekistonning eng qimmatbaho o‘yinchisi bo‘lib turgandi. Endi bu nom Abbosbek Fayzullayevga tegishli bo‘ladi.

Mavzuga oid