O‘zbekiston | 14:59 / 08.06.2024
26361
15 daqiqa o‘qiladi

 Davlat idoralarida qarindosh-urug‘chilikni cheklaydigan qonun qabul qilindi: u kimlarga nisbatan va qanday ishlaydi?

Davlat idoralaridagi nepotizmga barham berishga qaratilgan qonun davlat fuqarolik xizmatining siyosiy guruhiga kiruvchi lavozimlardan tashqari barchaga birdek – davlat organlaridan tortib harbiylargacha amal qiladi. Antikorrupsiya agentligi va Adliya vazirligi rahbariyati qonunning eng muhim jihatlariga to‘xtaldi.

O‘zbekistonda davlat idoralaridagi qarindosh-urug‘chilikka qarshi qaratilgan “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonun nihoyat qabul qilindi.

Hujjat davlat organlari va davlat ulushi 50 foizdan ortiq kompaniyalarga nisbatan tatbiq etiladi.

Qonun bilan nimalar nazarda tutilayotgani va uning mazmuni borasida 7 iyun kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov va Adliya vaziri o‘rinbosari Alisher Karimov jurnalistlar uchun matbuot anjumanini o‘tkazdi.

Kun.uz anjumandagi eng muhim savollarga berilgan javoblarni bir videoga jamladi.

Anjuman avvalida korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov bu qonunni qabul qilish zarurati haqida gapirdi.

“Qonun hujjatlarida shu paytgacha manfaatlar to‘qnashuvi haqida tushuntirish berilgan bo‘lsa-da, davlat organlari va muassasalarida ularni amalga oshirish mexanizmlari yo‘q edi.

Ikkinchidan, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish bo‘yicha yagona amaliyotni shakllantiruvchi vakolatli davlat organi mavjud emasdi.

Uchinchidan, davlat tashkilotlarida manfaatlar to‘qnashuvini aniqlash, ularning oldini olishni tartibga solishning samarali huquqiy mexanizmi mavjud emas edi.

To‘rtinchidan, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ygan holda tuzilgan shartnomalarni haqiqiy emas deb topish bo‘yicha huquqiy asoslar yetarli emas edi.

Beshinchidan, “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunda manfaatlar to‘qnashuvi nima ekani va bunga yo‘l qo‘ygan davlat xizmatchilari tegishli ravishda javobgarlikka tortilishi belgilab qo‘yilgan bo‘lsa-da, shu kungacha kodekslarimizda javobgarlikka tortishga asos bo‘luvchi huquqiy mexanizm yo‘q edi va bizda ularni javobgarlikka tortish imkoniyati mavjud emasdi. Bu jamoatchilikning haqli e’tirozlarini keltirib chiqardi.

Qonunchilikda bunday bo‘shliqlarning mavjudligi manfaatlar to‘qnashuviga oid korrupsion harakatlarni sodir etishga imkon yaratib berayotgandi”, - dedi Akmal Burxonov.

Akmal Burxonov. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori

U keltirgan ayrim statistik ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan 2023 yil davomida davlat xaridlari bo‘yicha 4500 ta 573 mlrd so‘mlik shartnomalar manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ygan holda tuzilgani aniqlangan. 141 mlrd so‘mlik 220 ta shartnoma haqiqatda manfaatlar to‘qnashuvi mavjudligi sharoitida tuzilgani, 9 ta shartnoma esa 3 mlrd so‘mga qimmat narxlarda imzolangani aniqlangan.

“O‘tgan davrda 1500 ga yaqin hokimlar, ularning o‘rinbosarlari va hokim yordamchilari tadbirkorlik sub’yektlarida ishtirok etayotganini aniqlaganmiz, hattoki vazirlik va idoralarning ham yuqori lavozimlarida ishlovchi shaxslarida bunday holatlar aniqlangan. Ishonch bilan aytamanki, “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonunning amaliyotga tatbiq etilishi va bu qonunni buzganlik uchun javobgarlik belgilanishi davlat xizmatida nepotizm, qarindosh-urug‘chilikning oldi olinishiga, shu orqali korrupsiyani bartaraf etishga imkon yaratadi. Bu davlat xizmatining jozibadorligi oshishiga yordam beradi”, - dedi agentlik direktori.

Adliya vaziri o‘rinbosari Alisher Karimov esa “Manfaatlar to‘qnashuvi” atamasini izohlarkan, bu bilan mansabdor shaxsning xizmat majburiyatlarini obektiv va xolis bajarishiga to‘sqinlik qiladigan vaziyatlar tushunilishini ta’kidladi.

“Shaxsiy manfaat deganda shaxsning o‘zi yoki yaqin qarindoshiga – oilasi, ota-onasi, er-xotinlarning ota-onasi va opa-singillari bilan bog‘liq holatlarda, shuningdek, ularga aloqador bo‘lgan tijorat tashkilotlariga taalluqli masalalarda bevosita yoki bilvosita qaror qabul qilish jarayonida nafni ko‘zlash tushuniladi.

Ushbu qonun kimlarga tatbiq etiladi? Bu davlat organlari, mahalliy hokimiyat organlari, shuningdek, davlat muassasalari, davlat unitar korxonalari, davlat maqsadli jamg‘armalari, ustav fondida davlat ulushi 50 foizdan ortiq bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlariga tatbiq etiladi. 69 ta davlat organlariga, 220 ta davlat mahalliy organlari va 26400 ta davlat muassasalari, 503 ta davlat unitar korxonalari, 23 ta davlat jamg‘armalariga, 153 ta davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlariga nisbatan tatbiq etiladi”, - dedi Alisher Karimov.

Adliya vaziri o‘rinbosari Alisher Karimov

Vazir o‘rinbosariga ko‘ra, shu paytgacha manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelganda javobgarlik choralari aniq belgilanmagan edi, mazkur qonun bilan “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi kodeksga alohida modda, 193 prim 4-moddasi bilan javobgarlik kiritilyapti.

“Manfaatlar to‘qnashuvi aniqlanganda ma’muriy javobgarlik qo‘llanadi. Shaxsning o‘zi tomonidan xabar bermaslik holati kuzatilganda BHMning 3-5 barobari miqdorida (1,7 mln so‘mgacha), takroran sodir etilganda esa jarima 2 barobar oshirilishi nazarda tutilgan. Bundan tashqari, shunaqa holatlar to‘g‘risida xabar berilganda, mansabdor shaxs tomonidan tegishli ta’sir choralari ko‘rilmasa, BHMning 5 barobaridan 10 barobarigacha (5 mln 100 ming so‘mgacha) ma’muriy jarima belgilanyapti”, - dedi adliya vaziri o‘rinbosari Alisher Karimov.

Matbuot anjumanining ikkinchi qismida mas’ullar jurnalistlarning savollariga javob berdi.

– “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonun qaysi darajagacha ishlaydi? Ya’ni sizlar vazirlik va idoralarni sanadingiz, ulardan yuqori tashkilotlar bor, masalan, Qonunchilik palatasi, Senat, Vazirlar Mahkamasi, sud tizimi. Qonun bu tashkilotlarga ham ishlaydimi? O‘zi uning ishlashiga qanchalik ishonasiz?

– Qonun hukumat a’zolariga ham, parlament a’zolariga ham, prezident administratsiyasiga ham tatbiq etiladi. Ijtimoiy tarmoqlarda chiqdi, harbiylarga tatbiq etilmaydi deb, hammaga tatbiq etiladi. Biz buning ro‘yxatini shakllantiramiz, bu “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonundan farq qiladi. U ko‘pchilikka tatbiq etilmaydi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar, deputatlarga tatbiq etilmaydi. Bu qonunda davlat organlari va tashkilotlari deyilyapti. Hammaga, 28 mingta idoraga tatbiq etiladi. Maksimal darajada ro‘yxatga barcha kiritiladi.

Ochig‘ini aytish kerak, bugungi kunda “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun to‘liq ishlamayapti. Ishlamayotgan qonunlar bor. Lekin sababi texnik omillar bilan bog‘liq, qonunosti hujjatlar qabul qilinmagani bilan. Atayin emas. Lekin men xursandmanki, qonun 6 oydan keyin ishga tushishidan maqsad u kuchga kirishi bilan ishlashidir. Hech kimda savol qolmasligi kerak. [Mansabdorlarning] bo‘ysunuvida ishlaydiganlarni rotatsiya qilishga majburlaymiz qonun kuchga kirguncha.

Nimaga bu qonun ishlab chiqishi kechikdi? Biz uni punktma-punkt yozib chiqdik, maqsadimiz kuchga kirishi bilan savol qolmasligi kerak. Bugungi kunda savol juda ko‘p. Siz aytgan misol ham shunday savollardan biri. Agar manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa, imzolanganidan keyin ham bizga vakolat berilyaptiki, sud orqali bekor qilish. Muhim tarafi endi davlat to‘lab bermaydi, kim xaridni amalga oshirgan bo‘lsa, o‘sha mansabdor shaxs pulini to‘lab beradi. Davlat yutqazmaydi.

Yuqori lavozimda ishlaydigan amaldorning farzandi chet el fuqarosi, lekin O‘zbekistonda ham bizneslari bor. Sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning o‘g‘li haqida gapiradigan bo‘lsak, madaniy meros obektlari ro‘yxatida turgan bino uning nomiga o‘tdi, bino buzilib mehmonxona qurilyapti, bu masala qanday hal qilinadi?

– Qonunda fuqarolik bilan bog‘liq cheklov belgilanmagan. Yaqin qarindosh tushunchasiga kirsa, bu, albatta, shaxsiy manfaat yoki manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq holatga tushadi. Agar shu holatda manfaatlar to‘qnashuvi bo‘lsa, qaror qabul qilishda shu shaxsning ishtiroki, vakolati bo‘lsa, bitimdan keyingi protseduralar bor. Ya’ni sud tomonidan bitimni haqiqiy emas deb topish va davlat daromadiga o‘tkazish kabi. Shuning uchun shu narsani e’tiborga olishni so‘raymiz. Agar auksion orqali sotilgan bo‘lsa, yer uchastkalari ochiq auksion orqali sotilishi belgilangan, bu holat shaffof mexanizm sifatida kiritilgan. Unda shaxs ishtiroki ko‘zda tutilmaydi.

Qayta qonunbuzarlik uchun ham ma’muriy javobgarlik belgilangan. Nima uchun qayta qonunbuzilish holatlari uchun jinoiy javobgarlik nazarda tutilmayapti?

– Ma’muriy javobgarlik nimaga belgilanyapti, asosan vaqtida xabar bermaganlik, qonunda ko‘rsatilgan normalarga qonunchilikka rioya qilmaganlik uchun. Boshqa holatlar bor, og‘irroq holatda jinoyatga tortadigan. Bu o‘sha mansab vakolatini suiiste’mol qilish. Bu, asosan, qonunga rioya qilmagan, vaqtida xabar bermaganlarga qo‘llanadi. Ayrim hollarda mansab vakolatiga sovuqqonlik bilan qarash Jinoyat kodeksiga kvalifikatsiya qilinishi mumkin. Ya’ni necha marta sodir etilishi emas, agar rahbar shunga yo‘l qo‘yayotgan bo‘lsa, jinoiy javobgarlikka tortilishi ham mumkin.

6 oydan keyin qonun kuchga kiradi, ungacha manfaatlar to‘qnashuviga oid holatlar aniqlanishini aytib o‘tdingiz. Aniqlangan holatlar bo‘yicha ta’sir choralari qonun kuchga kirgach qo‘llanadimi?

– Biz 6 oy davomida, dekabrgacha to‘liq o‘rganamiz, agar holatlar aniqlansa, “shu shaxs sening bo‘ysunuvingda ishlayotgan ekan, uni ishdan bo‘shatish yoki rotatsiya choralari ko‘rilsin” deb talabnoma kiritamiz. Qonun kuchga kirganidan keyin esa javobgarlikka tortiladi. Ya’ni ungacha biz shularni bartaraf etish choralarini ko‘ramiz va hammasini e’lon qilib boramiz. Oldini olish bo‘yicha ko‘rsatma beramiz.

O‘tgan yili dekabrda Yangi Toshkent shahri qurilishi direksiyasi rahbari 350 mlrd so‘mlik buyurtmani qarindoshiga tegishli kompaniyaga bergan bo‘lishi mumkinligi haqida ma’lumotlar e’lon qilingan edi. Agentlik bu holat bo‘yicha o‘rganishlar olib bordimi?

– Bu yerda manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonun bo‘yicha bekor qilish asosi bor. Amaldagi qonunchilik bo‘yicha esa qonunbuzilish aniqlanmagan, qonunchilikda huquqiy asosi bor: prezident qarori yoki hukumat qarori bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri davlat buyurtmasi berilishi mumkin. Bu to‘g‘ridan to‘g‘ri vazir o‘rinbosariga berilmagan, bunga amaldagi qonunda cheklov yo‘q. Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonun bilan esa bunday holatlarga yo‘l qo‘yilmaydi. Agar yo‘l qo‘yilsa, bitimni bekor qilish bo‘yicha sudga da’vo arizasi kiritiladi.

Jahon tajribasini ko‘radigan bo‘lsak, Xitoy va arab davlatlarida qat’iy va og‘ir jazolar belgilangan, lekin korrupsiya darajasiga ko‘ra ularning xalqaro reytingi yuqori emas. Lekin Yevropa davlatlariga qarasak, ularda jazolar og‘ir emas, lekin korrupsiyaga yo‘l qo‘yganlarning ism-familiyasini ochiqlash yuqori natija bergan. Belgilangan jarimalar yengil emasmi?

– Savolga o‘zingiz javob berdingiz. Ayrim davlatlarda jazo choralari og‘ir, lekin samaradorlik yuqori emas. Biz o‘zimiz ham xorijiy davlatlarda buning guvohi bo‘lganmiz. Yevropa davlatlariga borganda, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilganda qanday chora bor desak, hech qanday, qonunda bor-ku, mumkin emas, bu haqda o‘ylashmaydi ham hatto, deydi. Ularda huquqiy ong, madaniyat yuqorimi, hatto jazo choralari ham zarur emas. Lekin biz jazo choralarini kiritishga majbur bo‘ldik. Biz huquqiy madaniyat yuqori bo‘lishini xohlaymiz, mayli fuqarolar huquqini yaxshi bilmas, lekin davlat organiga jazo qo‘llashning o‘zi uyat. Bu jazoni qo‘llashga majbur bo‘ldik. Oxirgi 3-4 yilda, mumkin emas bu, buni qilma deganimiz bilan foydasi bo‘lmadi, majbur bo‘ldik chora qo‘llashga. Bu samara bermasa, keyin parlamentga jazoni kuchaytirish bo‘yicha taklif kiritishga majbur bo‘lamiz. Men shaxsan javobgarlik chorasini ko‘paytirishga qarshiman, lekin biz majbur bo‘ldik.

Ochiqlik to‘g‘risidagi qonunda ham avvaliga jazo yo‘q edi, lekin hech kim majburiyatlarni bajarmadi. Oxiri jazo qo‘llashga majbur bo‘ldik.

Sud tizimi orqali har bir holatga chora ko‘rish ishni murakkablashtirishga olib kelmaydimi? Vakolatli organ o‘zi chora ko‘rsa bo‘lmaydimi?

– Vakolatli organga to‘g‘ridan to‘g‘ri jazolash vakolatini berish masalasini ko‘tardingiz. Bir tarafdan fikringizda jon bor, huquqbuzarlikka tezkor chora ko‘rish. Lekin Konstitutsiyada ham belgilab qo‘yilgan, har bir shaxs o‘zining huquqlarini sud orqali himoya qilish huquqiga ega. Sud orqali jazo qo‘llash ham o‘zaro tiyib turish uchun zarur. Ma’muriy kodeksda ham organlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri vakolatlar berilgan, lekin tahlillar bu ba’zan korrupsion holatlarga olib kelganini ko‘rsatadi.

Qonunni ishlab chiqishda umumta’lim maktablaridagi qarindosh-urug‘chilik ham nazarda tutilganmi?

– Bugungi kunda qonunchilikka ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi qarori bilan istisno bor, bular pedagoglar, sog‘liqni saqlash xodimlari va diplomatik vakillar yaqin qarindoshi bo‘lsa ham ishlashi mumkin. Chunki diplomatik sohada kadrlar kam, pedagogika va sog‘likni saqlash sohasidagi rahbarlar uchun bu tushadi, lekin ularning qo‘lida ishlayotgan o‘qituvchilar va shifokorlar uchun ta’sir qilmaydi. Xalqaro amaliyotda ham bu norma bor.

Lekin maktab direktori o‘zining farzandini, yaqin qarindoshini ishga olishi manfaatlar to‘qnashuvi bo‘ladi, u boshqa maktabda ishlashi kerak. Bunday holatda uni rotatsiya qilishi kerak bo‘ladi.

Madina Ochilova, Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid