Jamiyat | 15:06 / 08.06.2024
47398
2 daqiqa o‘qiladi

Notkoin sotgan talaba 10 sutkaga qamaldi

Termiz davlat universitetining 24 yoshli bitiruvchisiga notkoin sotgan uchun ma’muriy qamoq jazosi qo‘llandi. U kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzganlikda aybli deb topilgan.

Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida tug‘ilgan, Termiz davlat universitetining bitiruvchisi bo‘lgan I.N. notkoin sotgani uchun ma’muriy javobgarlikka tortildi.

Kun.uz o‘rgangan sud hujjatida keltirilishicha, 2024 yil 1 iyun kuni fuqaro N.A.ning Toshkent shahar IIBB kotibiyati tomonidan ro‘yxatga olingan arizasi yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilgan. Tekshiruv ishlari davomida I.N.ga tegishli telefon apparati hamda bank plastik kartasidan kripto-aktivlarning noqonuniy faoliyati bilan shug‘ullanilgani aniqlangan.

Sud majlisida so‘ralgan I.N. aybini tan olib, kripto-aktivni Telegram ijtimoiy tarmog‘ida yig‘ganini, notkoinni 800 ming so‘mga sotganini hamda buning noqonuniy ekanini bilmaganini aytib, o‘ziga nisbatan yengillik berishni so‘ragan.

Ishni ko‘rib chiqqan JIB Chilonzor tuman sudi I.N.ni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 155-4-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybli deb topgan. Unga nisbatan 10 kun ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Ma’lumot uchun, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 155-4-moddasi kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzish bilan bog‘liq huquqbuzarlik nazarda tutilgan. Ushbu moddaga ko‘ra, kripto-aktivlarni qonunga xilof ravishda olish, o‘tkazish yoki ayirboshlash, belgilangan tartibda litsenziya olmasdan kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini amalga oshirish 15 sutkagacha ma’muriy qamoq (ma’muriy qamoq qo‘llanishi mumkin bo‘lmagan shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravaridan 30 baravarigacha miqdorda jarima) jazosiga sabab bo‘ladi. 

Mavzuga oid