Iqtisodiyot | 13:36 / 08.06.2024
4535
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari 1,5 mlrd dollarga ko‘paydi

May oyida O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari qariyb 1,52 mlrd dollarga oshdi va 36,6 mlrd dollarga yetdi. Zaxiralar tarkibidagi oltinning fizik hajmi kamayganiga qaramay, uning qiymati oshgan.

Foto: Akio Kon / Bloomberg

Markaziy bank O‘zbekistonning xalqaro valuta zaxiralariga oid ma’lumotlarni yangiladi. Unga ko‘ra, 1 iyun holatiga, O‘zbekistonning rasmiy zaxiralari 36,6 mlrd dollarni tashkil qildi.

May oyi davomida oltin zaxiralarining qiymati 26,53 mlrd dollardan 26,81 mlrd dollargacha oshgan. O‘z navbatida oltinning fizik hajmi 11,5 mln troya unsiyadan 11,4 mln troya unsiyagacha qisqargan.

Shuningdek, xorijiy valuta zaxiralari qiymati 8,02 mlrd dollardan 9,26 mlrd dollargacha oshgan. Zaxiralar tarkibida ochiq ma’lumotlar tarixida birinchi marta 35 mln dollarlik qimmatli qog‘ozlar paydo bo‘lgan.

Hisobot davrida O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari umumiy hisobda qariyb 1,52 mlrd dollarga ko‘paygan. 

Avvalroq, joriy yil birinchi choragida oltin eksporti 10,5 foizga oshib, 2,66 mlrd dollarga yetgani xabar qilingandi. Bu mamlakat umumiy eksportining 41,7 foizini tashkil qilgan.

Oltin-valuta zaxiralari nima uchun kerak?

Har bir mamlakatning oltin-valuta zaxiralari o‘ziga xos sug‘urtadir. U davlatning milliy iqtisodiyotini ehtimoliy makroiqtisodiy xatarlardan himoya qiladi. Shu bois oltin-valuta zaxiralari qator talablarga javob berishi lozim. Masalan, undan har qanday sohada foydalanish imkoniyati bo‘lishi kerak. Oltin-valuta zaxiralari oson joylashtirilishi va oson olinishi darkor.

Mamlakatlarning oltin-valuta zaxiralaridan quyidagi maqsadlarda foydalanilishi mumkin:

  • to‘lov va savdo balansidagi defitsitni bartaraf etish uchun;
  • inflatsiyani ushlab turish, milliy valutani moliya bozorida qo‘llab-quvvatlashga valuta sotib olish uchun;
  • davlatning tashqi qarzlarini to‘lash uchun;
  • davlatlar o‘rtasidagi hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun.

Oltin-valuta zaxiralari asosan qimmatbaho metallardan (quyma oltin, platina, palladiy, kumush), davlatlararo miqyosda zaxira valutasi sifatida tan olingan xorijiy pul vositalaridan (AQSh dollari, yevro, shveysar franki, yapon iyenasi, funt-sterling) va Xalqaro valuta jamg‘armasi chiqaradigan naqdsiz pul birliklaridan tashkil topadi.

Davlatning oltin-valuta zaxiralari miqdori uning iqtisodiyoti va moliyaviy tizimi holatidan darak beradi, davlatlararo majburiyatlar bo‘yicha to‘lovlarning o‘z vaqtida amalga oshirilishini kafolatlaydi. Xalqaro tashkilotlar tavsiyalariga ko‘ra, rivojlanayotgan davlatlar uchun zaxiralar kamida 3 oylik importni qoplashi kerak.

Mavzuga oid