O‘zbekiston | 09:19 / 09.06.2024
6960
4 daqiqa o‘qiladi

SSV yoz faslida salomatlikni saqlashning 7 muhim qoidasini eslatdi

Yozning issiq harorati inson tanasida ayrim muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Shu sababli bu faslda gigiyena qoidalariga rioya qilish, nafaqat shaxsiy tozalikni saqlash, balki kasalliklarning oldini olishda ham muhim ahamiyatga ega.

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati ushbu qoidalar haqida ma’lumot berib o‘tdi.

1. Ovqat tayyorlash va saqlash. Bilamizki, issiq ob-havoda ba’zi oziq-ovqat mahsulotlari juda tez ayniydi. Shu sababli doim toza va ozoda joylarda taomlanish, tez buziladigan mahsulotlardan saqlanish zarur.

Bozorlar, ko‘chalar va yo‘l yoqalarida sotiladigan uy sharoitida tayyorlangan ovqatlar hamda qo‘lbola ichimliklarni aslo iste’mol qilmang. Shuningdek, meva va sabzavotlarni yaxshilab yuving. Go‘sht va sut mahsulotlarini faqat sovitkichda saqlang.

2. Suv havzalarida cho‘milish. Cho‘milish havzalaridagi ifloslangan suv o‘tkir virusli ichak infeksiyalari, gepatit (A, Ye), ichburug‘, ichterlama, lyamblioz kabi xavfli kasalliklarni keltirib chiqaradi. Shuningdek, ochiq suv havzalarida suzish turli teri xastaliklari, burun, og‘iz va quloq shilliq qavatlari yallig‘lanishiga ham olib kelishi mumkin.

Shu bois, doim faqat toza va dezinfeksiya qilingan sun’iy suzish havzalarida cho‘milish lozim. Shaxsiy sochiq va suzish vositalarini ishlatish, ularni begona odamlarniki bilan almashtirmaslik zarur.

3. Qo‘llarni tez-tez yuvish. Yoz faslida sovun va antiseptik gellar yordamida tez-tez qo‘llarni yuvib turish terini ozoda saqlab, zararli bakteriya va viruslardan xalos etadi. Ayniqsa, ovqatlanishdan oldin va keyin hamda tashqaridan uyga kelganda bu odatni kanda qilmaslik lozim.

4. Iliq dush qabul qilish. Jazirama havo terida bakteriyalarni ko‘paytirishi mumkin. Shu bois, issiq kunlarda tez-tez iliq dush qabul qilish salomatlik uchun foydali. U insonni tetiklantirib, tanadagi g‘uborlarni ketkazadi.

5. Hojatxonadan foydalanish. Jamoat hojatxonalaridan foydalangach, albatta, qo‘llarni sovunlab yuvish kerak. Agar bunga imkon bo‘lmasa, antiseptik vositalarni ishlatish tavsiya etiladi. Shuningdek, jamoat joylarida eshik tutqichlari va umumiy foydalaniladigan buyumlarni ushlagandan keyin ham qo‘llarni sovunlab yuvish maqsadga muvofiq.

6. Toza suv ichish. Issiq kunlari organizm juda ko‘p suyuqlik talab qiladi. Bunday paytda, albatta, toza va xavfsiz ichimliklar iste’mol qilish kerak. Ayniqsa, qaynatilgan yoki filtrlangan toza suv ichish tanada suyuqlik balansini ushlashga yordam beradi.

7. Uy va ish joyida gigiyena. Issiq kunlarda uylarni tozalash, namlikni nazorat qilish va havoni almashtirib turish juda muhim. Eshik tutqichlari, stol va boshqa tez ifloslanadigan joylarni dezinfeksiya vositalari bilan tozalash turli kasalliklarga chalinishning oldini oladi.

Bundan tashqari, ish joyida shaxsiy ozodalikka rioya qilish, ish qurollarini doimiy toza saqlash, xona havosini tez-tez almashtirib turish, konditsioner va ventilyatorlardan to‘g‘ri foydalanish salomatlikni saqlashda juda muhim.

Mavzuga oid