Jahon | 10:44 / 10.06.2024
2679
4 daqiqa o‘qiladi

Makron Yevropa saylovlaridan keyin Fransiya parlamentini tarqatib yubordi

Fransiyada Yevropa parlamenti saylovlarida o‘ng qanot populist «Milliy birlashuv» partiyasi hukmron «Renessans» partiyasidan ikki baravar ko‘p ovoz to‘plab, birinchi o‘rinni egalladi.

Foto: AP

Fransiyada Yevroparlament saylovlarida markazchi lager mag‘lubiyatga uchragach, mamlakat prezidenti Emmanuel Makron parlament quyi palatasini tarqatib yubordi. «Men hech narsa bo‘lmagandek harakat qila olmayman», dedi u 9 iyun, yakshanba kuni kechqurun. 

Fransiyada navbatdan tashqari parlament saylovlari 30 iyunda, ikkinchi tur 7 iyulda bo‘lib o‘tadi, dedi Makron. Uning so‘zlariga ko‘ra, u bu bilan fransuzlarga parlament kelajagini saylovlar orqali hal qilish huquqini berish niyatida. «Bu qaror jiddiy va qiyin, lekin birinchi navbatda bu ishonch harakati hisoblanadi», deya qo‘shimcha qildi u. 

Fransiyada Yevropa saylovlarida o‘ng populistlar g‘alaba qozondi 

Marin Le Pen tomonidan asos solingan o‘ng qanot populist «Milliy birlashuv» partiyasi Fransiyada Yevroparlament saylovlarida g‘alaba qozondi. Ekzitpollar natijalariga ko‘ra, u 32 foizga yaqin, hukmron «Renessans» esa 15 foizga yaqin ovoz to‘plagan. Uchinchi o‘rinni taxminan 14 foiz natija bilan Fransiya Sotsialistik partiyasi egallashi prognoz qilingan. 

Le Pen Yelisey saroyining qarorini olqishladi. «Agar fransuzlar bo‘lajak parlament saylovlarida bizga ishonch bildirsa, biz hokimiyat tepasiga kelishga tayyormiz», dedi «Milliy birlashuv»ning parlament fraksiyasi rahbari va bu siyosiy kuch natijasini tarixiy deb atadi.

Prognoz: YePga saylovlarda o‘ng markazchilar alyansi yetakchilik qilmoqda

Ayni paytda, Yevropa Ittifoqining 27 ta davlati orasida eng kuchli siyosiy kuch o‘ng markazchi partiyalar ittifoqi bo‘lishi mumkin. Yevropa xalq partiyasi (YeXP) Yevroparlamentdagi 176 o‘rinni qo‘lga kirityapti – bu 2019 yilgi saylovlardan keyingi o‘rinlar bilan bir xil, deb xabar berdi Germaniyaning ARD media-kompaniyasi dastlabki norasmiy natijalar va ovoz berishdan keyingi ekzitpollar natijalariga tayanib. 

Sotsial-demokratlar Yevroparlamentdagi ikkinchi yirik kuch bo‘lib qoladi. ARD prognoziga ko‘ra, Sotsialistlar va demokratlarning progressiv alyansi (SvD) 134 o‘rinni qo‘lga kiritadi, bu avvalgi qonunchilik davridagidan 5 taga kam. Uchinchi natija – «Yevropani yangilash» liberal fraksiyasida, u 87 o‘ringa ega bo‘ladi (avvalgidan 15 ta kam). «Shaxsiyat va demokratiya» fraksiyasining o‘ng millatchilari 70 o‘rin (+21 o‘rin) olishi mumkin.

Germaniyada o‘ng qanot populistlari - ikkinchi o‘rinda 

Germaniyada «Germaniya uchun muqobil» (GuM) partiyasining o‘ng qanot populistlari, so‘rov natijalariga ko‘ra, 16,5 foiz ovoz to‘pladi va ikkinchi o‘rinni egalladi. 

Yevroparlamentga saylovning oxirgi kuni – 9 iyunda Yevropa Ittifoqining 27 davlatidan 21 tasida ovoz berish bo‘lib o‘tdi. Avvalgi kunlarda bir qancha mamlakatlarda saylovlar o‘tkazilgan. Xususan, Slovakiya, Latviya va Malta saylovchilari 8 iyun kuni ovoz berishdi, Italiyada ham ovoz berish tashkillashtirildi. Yevroparlamentning 720 nafar deputati saylovida jami 360 millionga yaqin saylovchi ishtirok etish huquqiga ega. 

Mavzuga oid