O‘zbekiston | 16:22 / 11.06.2024
14734
2 daqiqa o‘qiladi

“Hisorak suv omborida hech qanday favqulodda vaziyat sodir bo‘lmagan” - favqulodda vaziyatlar vaziri

Favqulodda vaziyatlar vaziri Abdulla Qo‘ldoshev Hisorak suv omborining quyi qismidan turib, bayonot berdi va bu yerda hech qanday favqulodda vaziyat sodir bo‘lmagani, shu sabab xavotirga o‘rin yo‘qligini aytdi. “Hisorak suv ombori odatdagidek ishlamoqda, barcha xavfsizlik choralari ko‘rilgan va uning toshib ketish xavfi yo‘q”, dedi vazir.

Vazirning videobayonotidan kadr

Qashqadaryoning Shahrisabz tumanida joylashgan Hisorak suv ombori bilan bog‘liq hech qanday xavotirli holat yo‘q. Bu haqda favqulodda vaziyatlar vaziri Abdulla Qo‘ldoshev suv omborining quyi qismidan turib bergan videobayonotida ma’lum qildi.

Vazirning aytishicha, kecha Hisorak haqida vahimali xabarlar tarqalganidan keyin suv omboriga zudlik bilan Toshkentdan mutaxassislar yetib borgan va holatni o‘rgangan. O‘rganish davomida suv omborida favqulodda vaziyat yuz bermagani, suv ombori shtat rejimida ishlayotgani, omborning birorta ham parametrida o‘zgarish bo‘lmagani aniqlangan.

Qo‘ldoshevga ko‘ra, yog‘ingarchilik ko‘p bo‘lgani tufayli Hisorakka suv yig‘ilishi birmuncha ko‘paygan, shu sababli rejali ravishda suv tashlash ishlari amalga oshirilgan. Bunda suv tashlash paytida suv hajmi sekundiga 40 metr kubni tashkil etgan, bu esa omborning loyihaviy suv tashlash quvvati (sekundiga 250 metr kub)ga nisbatan ancha past.

“Shu sohadagi mutaxassis sifatida, Favqulodda vaziyatlar vazirligining rahbari sifatida aytaman, hurmatli hamyurtlar, hech qanday vahimaga o‘rin yo‘q. Bu yerda olib borilayotgan ishlar hammasi shtat rejimida va oldindan rejalashtirilgan tizimda davom etyapti”, – dedi vazir.

Mavzuga oid