O‘zbekiston | 22:01 / 14.06.2024
30302
2 daqiqa o‘qiladi

Sobiq diplomat Qodirjon Yusupov jazo muddatini o‘tab, ozodlikka chiqdi

Davlatga xiyonatda ayblanib, 5,5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan Qodirjon Yusupov jazo muddatini to‘liq o‘tadi. 

Qodirjon Yusupov

2020 yil yanvarida davlatga xiyonatda ayblanib, 5,5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan sobiq diplomat Qodirjon Yusupov 10 iyun kuni jazoni to‘liq o‘tab, ozodlikka chiqdi. Bu haqda bir necha inson huquqlari tashkilotlari xabar berdi. Jazoni o‘tash muddati hibsga olingan kun - 2018 yil 10 dekabrdan boshlab hisoblangan. 

Qodirjon Yusupov Tashqi ishlar vazirligining sobiq xodimi. O‘tgan yillar davomida O‘zbekistonning Avstriya, Buyuk Britaniya, Sudan, Yaqin Sharq mamlakatlaridagi elchixonalarida, shuningdek, O‘zbekistonning BMT va YeXHT doimiy vakolatxonasida ishlagan. 2009 yilda u xizmat muddati tugashi munosabati bilan Venadan Toshkentga qaytib keldi. 

2018 yil 3 dekabr kuni u Toshkent shahridagi «Pushkinskaya» metro bekatida relslarga yiqilib tushdi. Uning oilasi bu og‘ir psixologik holat tufayli o‘z joniga qasd qilishga urinish bo‘lganini ma’lum qilgan edi. 

Sobiq diplomat jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizildi. Shu kuni Qodirjon Yusupov xorijiy davlatlar foydasiga davlatga xiyonat qilganini tan olgan. 10 dekabr kuni u hibsga olindi va unga nisbatan Jinoyat kodeksining 157-moddasi 1-qismi bilan ayblov e’lon qilinib, 12 dekabr kuni qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llandi. 

Harbiy sud ishni 2019 yil 24 iyun kuni ko‘rishni boshladi. Jinoyat ishi bo‘yicha sud majlislari yopiq eshiklar ortida o‘tkazildi.

 

Mavzuga oid