O‘zbekiston | 07:10 / 14.06.2024
1992
2 daqiqa o‘qiladi

Uch hududda kuchli ta’sir qiluvchi dorilar muomalaga kiritilishining oldi olindi

Toshkent shahri, Qashqadaryo viloyati hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari muomalaga kiritilishining oldi olindi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Foto: Prokuratura departamenti

Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Mirzo Ulug‘bek tuman bo‘limi va DXX xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro  G.S. 1 008 dona “Reduksin layt” hamda 1 020 dona Pro Lipolytic nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasini fuqaro M.X.ga 7,9 mln so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Departamentning Qashqadaryo viloyat boshqarmasi va IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda S.B. MChJga qarashli dorixona sotuvchisi M.U. xaridorga 45 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasini 700 ming so‘mga sotgan vaqtda ushlanib, dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.

Shu kabi, departamentning Taxiatosh va Qo‘ng‘irot tumani bo‘limlari tomonidan va IIV xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda N-F. hamda “D.” MChJga qarashli dorixona sotuvchilari fuqarolar R.J. va D.S.ga tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalari bo‘lgan dori vositalarini sotgan vaqtlarida ushlanib, ushbu dorixonalardan jami 48 ta dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

 

Mavzuga oid