Jahon | 20:39 / 15.06.2024
4944
2 daqiqa o‘qiladi

Boeing va Airbus samolyotlarida soxta sertifikatlangan qismlar ishlatilgan – OAV

Qo‘shma Shtatlarda buning parvozlar xavfsizligi uchun oqibatlari va bunday qismlarga ega samolyotlar sonini aniqlash uchun tergov boshlangan.

Foto: Logan Cyrus / AFP / Getty Images

Boeing va Airbus kompaniyalarining ba’zi samolyotlari soxta muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘lgan titan komponentlari bilan jihozlangan. Bu haqda The New York Times xabar berdi.

Qayd qilinishicha, Qo‘shma Shtatlarda buning parvozlar xavfsizligi uchun oqibatlari va bunday qismlarga ega samolyotlar sonini aniqlash uchun tergov boshlangan.

Hujjatlarni qalbakilashtirish ishi bo‘yicha tergovni AQSh Federal aviatsiya ma’muriyati (FAA) va Boeing uchun fyuzelyajlar, shuningdek, Airbus qanotlarini yetkazib beruvchi Spirit AeroSystems kompaniyasi olib bormoqda.

Nashrning ta’kidlashicha, ta’minotchi kompaniya metallda korroziya oqibatida kelib chiqqan mayda teshiklarni aniqlaganidan keyin surishtiruv boshlangan.

Vaziyatdan xabardor manbalarning ta’kidlashicha, titan sotuvchi Xitoy kompaniyasining xodimi sertifikatlarni soxtalashtirgan va material ishonchli ta’minotchidan olinganini bildirgan.

FAA bayonotida aytilishicha, muammo ko‘lami o‘rganilmoqda va bunday qismlardan foydalanish samolyotlarning qisqa va uzoq muddatli xavfsizligiga ta’siri qanday bo‘lishi aniqlanmoqda. Qancha samolyotda shubhali materiallardan tayyorlangan qismlar borligi aniq emas.

Mavzuga oid