O‘zbekiston | 12:02 / 18.06.2024
20144
3 daqiqa o‘qiladi

O‘roqda yo‘q, mashoqda yo‘q, xirmonda hozir. Namanganda ham dehqonning bug‘doyi tortib olinyapti

Chust tumanida o‘z mablag‘lari hisobiga g‘alla yetishtirgan fermerga hosilini o‘rib olishiga IIB orqali to‘sqinlik qilinyapti. Fermer bug‘doyini mahalliy klasterga topshirishga majburlanmoqda. Bunday holatlar respublikaning boshqa hududlarida ham ro‘y bermoqda.

“Tumorov Karimboy” fermer xo‘jaligi rahbari Alimardon Tumorov ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videomurojatida 30 gektar yerda shaxsiy mablag‘ va urinishlari evaziga yetishtirilgan bug‘doyni o‘rib ola olmayotgani – dalasiga kombayn kirita olmayotgani, mahsulotni mahalliy “Art soft cluster”ga topshirishga majburlashayotganini aytgan.

Fermerning aytishi bo‘yicha, mahalliy “Art soft cluster” korxonasi bir necha yil davomida o‘z majburiyatlarini bajarmay kelgan. Shu uchun fermer bu korxona bilan shartnoma tuzmagani, bundan keyin ham tuzmasligini ta’kidlaydi.

Ayni damda fermer barcha soliqlarni to‘lab qo‘ygani, barcha agrotexnik tadbirlarni o‘z hisobidan amalga oshirganiga qaramasdan, hosilini yig‘ib ola olmayotgani sababidan kasod bo‘layotganini, ishchilariga haqini bera olmayotganini aytadi.

O‘zbekistonda g‘alla o‘rimi mavsumi davom etarkan, qonunlarda mustaqil faoliyat yuritishi belgilab qo‘yilgan fermerlar faoliyatiga aralashuvlar bu yil ham ko‘zga tashlanmoqda.

Avvalroq IIB xodimlari Qashqadaryoning Ko‘kdala tumanida fermerning daladasidagi g‘alla o‘rimini to‘xtatib qo‘ygan, Xorazm viloyati Urganch tumanida dehqon yetishtirgan bug‘doyini mahalliy klasterga topshirishga majburlangan edi.

Muallifdan

Qishloq xo‘jaligida oxirgi yillarda yuz berayotgan o‘zgarishlar sohada mutlaqo o‘zgacha muhitni yaratdi. Asosiysi – dehqon-fermerlarda oz bo‘lsa-da EGA hissi paydo bo‘la boshladi. Bu esa, aminmanki, o‘zgarishlarning asosiy natijasi, chunki aynan turli mansabdor-u idoralar aralashuvi oqibatida yuzaga kelgan EGASIZLIK yerlarimizning holati yomonlashishiga, ko‘plab yerlar yaroqsiz holga kelishiga sabab bo‘ldi. Bu – ochiq-oydin haqiqat. Ammo...

Kimdir bu ijobiy jarayonni atay diversiya qilayotgandek... Yo‘qsa, shuncha urinishlar evaziga yuzaga kelayotgan, yerning nihoyat EGALIK bo‘lishiga ichida ezgu niyati bor kim ham to‘sqinlik qilardi?

Shokir Sharipov
Kun.uz

Mavzuga oid