O‘zbekiston | 12:09 / 19.06.2024
7314
2 daqiqa o‘qiladi

«O‘zenergosotish» kompaniyasiga rahbarlar tayinlandi

«O‘zenergosotish» kompaniyasi raisi va raisning birinchi o‘rinbosari v.b. tayinlandi. Bu lavozimlarni mos ravishda Jahongir Obidjonov va Shohrux Qoraboyev egalladi. 1 iyuldan boshlab korxona elektr energiyasini markazlashgan holda xarid qilish va sotish funksiyasini bajaradi.

Foto: Energetika vazirligi

Jahongir Obidjonov «O‘zenergosotish» kompaniyasi boshqaruvi raisi etib tayinlandi. Kompaniya elektr energiyasini markazlashtirilgan holda xarid qilish va sotish bo‘yicha mas’ul bo‘ladi, deb xabar qildi Energetika vazirligi matbuot xizmati. 

Jahongir Obidjonov 1976 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1998 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini, 2006 yilda prezident huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan. 

2004-2007 yillarda O‘zbekiston Markaziy bankida turli lavozimlarda ishlagan. 2007-2017 yillarda «O‘zsanoatqurilishbank» boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari bo‘lgan. 2017-2019 yillarda «O‘zbekenergo» boshqaruvi raisining o‘rinbosari, shuningdek, boshqaruv raisi vazifasini bajaruvchi sifatida ishlagan. U 2020-2022 yillarda «Hududiy elektr tarmoqlari» boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari bo‘lgan. 

2024 yilda Anglia Rusking University (Britaniya)da magistraturani (MBA) tamomlagan. 

Shohrux Qoraboyev «O‘zenergosotish» boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. 

Bungacha u Energetika vazirligi qoshidagi Elektr energetikasi sohasini isloh qilish loyiha byurosi direktori o‘rinbosari lavozimida ishlagan. 

O‘zbekiston prezidentining o‘tgan yil sentabrdagi energetika sohasini isloh qilish to‘g‘risidagi farmoni asosida elektr energiyasini markazlashtirilgan xarid qilish va sotish funksiyasini bajaruvchi «O‘zenergosotish» kompaniyasi tashkil etilgan. U 1 iyuldan bu vazifani bajarishni boshlaydi.

Mavzuga oid