Jahon | 14:18 / 20.06.2024
26302
4 daqiqa o‘qiladi

Qaysi davlatlar millionerlar uchun o‘z jozibasini yo‘qotib boryapti?

Xitoy va Buyuk Britaniya mamlakatdan millionerlarning chiqib ketishi bo‘yicha yetakchilik qilmoqda. Henley & Partners hisobotiga ko‘ra, 2024 yilda Xitoyni 15 200 nafar millioner, Britaniyani esa 9500 nafar millioner tark etishi kutilyapti. Bu borada Rossiya beshinchi o‘rinda qayd etilgan. Boy odamlar uchun eng jozibador manzillar – BAA, AQSh va Singapur. 

Xitoy / Foto: Getty Images

Buyuk Britaaniya va Xitoy oxirgi yillarda ko‘chib ketgan va mamlakatdan chiqib ketishi mumkin bo‘lgan millionerlar soni bo‘yicha dunyoda yetakchi hisoblanadi. Bu haqda badavlat odamlarga ko‘chib o‘tishda yordam qiluvchi Henley & Partners kompaniyasining hisobotida keltirilgan.

Hisobotga ko‘ra, 2024 yil oxirigacha Buyuk Britaniyani 9500 nafar millioner tark etadi. Bu butun 2023 yildagi ko‘rsatkichdan ikki baravar ko‘p.

Ekspertlarning ta’kidlashicha, o‘nlab yillar davomida badavlat odamlarni o‘ziga jalb etib kelgan mamlakat Yevropa Ittifoqi (Brexit) bilan aloqani uzganidan so‘ng millionerlarini yo‘qota boshlagan. Xususan, 2017-2023 yillarda Britaniyani 16 500 nafar millioner tark etgan.

London menejment instituti rahbari va hisobot mualliflaridan biri Xanna Uayt bu tendensiyaga bir qancha omillar ta’sir qilayotganini keltirib o‘tdi. Ular orasida Brexit, energetika inqirozi, Ukrainadagi urush va inflatsiyaning oshishi kabilar bor. 

Hozirda Britaniyada saylovlar o‘tkazilishiga tayyorgarlik ko‘rilyapti. Mazkur saylovlarda boylarga soliqni oshirish tarafdori bo‘lgan muxolifatdagi Leyboristlar partiyasi hukmron Konservatorlar partiyasidan 20 ballga ustun kelishi mumkin, deb yozadi Bloomberg.  

«Iqtisodiy va siyosiy kontekstdan kelib chiqqan holda boy shaxslarning chiqib ketishi saylovoldi qarorlar tufayli tezlashyapti», dedi Uayt. 

H&P hisobotiga ko‘ra, boy odamlarning mamlakatdan chiqib ketishi bo‘yicha mutlaq yetakchi Xitoy hisoblanadi. 2024 yilda mamlakatni 15 200 nafar millioner tark etishi kutilyapti.

O‘tgan yili ham Xitoy bu borada birinchi o‘rinni egallagandi. 2023 yilda mamlakatni 13 800 nafar millioner tark etgan. Mutaxassislar bu holatga pandemiyadan juda sekin tiklanishda davom etayotgan Xitoy iqtisodiyotidagi noaniqliklar, shuningdek, AQSh va boshqa G‘arb davlatlari bilan geosiyosiy keskinlikning ortib borayotgani sabab bo‘lgan, deb hisoblaydi. Bularning barchasi boy xitoyliklarni tobora ko‘proq boshqa mamlakatlar – AQSh, Kanada yoki Singapurga ko‘chib o‘tishga undamoqda.

2024 yilda eng ko‘p millioner chiqib ketishi mumkin bo‘lgan mamlakatlar beshligiga Hindiston (4300 kishi), Janubiy Koreya (1200 kishi) va Rossiya (1000 kishi) ham kirgan.

Ukraina bilan urush boshlanganidan keyin badavlat kishilarning Rossiyadan chiqib ketishi tezlashgandi. Agar 2022 yilda 8500 nafar millioner, 2023 yilda esa 2800 nafar millioner mamlakatdan chiqib ketgan bo‘lsa, bu yil 1000 nafarga yaqin millionerning Rossiyani tark etishi kutilyapti.   

Boy odamlarni o‘ziga jalb qilish bo‘yicha yetakchi davlat – Birlashgan Arab Amirliklari. Henley & Partners prognoziga ko‘ra, joriy yil oxirigacha BAAga yana 6700 nafar millioner ko‘chib o‘tadi. 

Mamlakat uzoq vaqtdan beri Hindiston va Yaqin Sharqning boy aholisi uchun ustuvor ahamiyatga ega bo‘lib kelgan. Rossiya-Ukraina urushi boshlanganidan keyin ko‘plab badavlat rossiyaliklar ham bu yerga ko‘chib kela boshlashgan. O‘tgan yili rossiyaliklar oqimi sekinlashgan, biroq bu ko‘chib kelayotgan yevropaliklar va britaniyaliklar sonining ko‘payishi bilan qisman qoplangan.

Henley & Partners ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi o‘n yil ichida BAAning eng yirik shahri bo‘lgan Dubayda yashovchi millionerlar soni 78 foizga oshgan.

Joriy yil oxirigacha eng ko‘p millionerlar ko‘chib kelishi mumkin bo‘lgan ikkinchi mamlakat sifatida AQSh keltirilgan. Bu yerda millionerlar soni yana 3800 nafarga oshishi mumkin. Uchinchi o‘rinda Singapur qayd etilgan. Tahlilchilarga ko‘ra, ushbu mamlakatga 3500 nafar millioner ko‘chib o‘tadi.   

Mavzuga oid