«Hujum bo‘lganda barcha mavjud vositalar bilan harbiy yordam». KXDR va Rossiya o‘rtasidagi yangi kelishuvda aynan nima deyilgan?
Payshanba kuni Shimoliy Koreyaning axborot agentligi Vladimir Putinning Pxenyanga ikki kunlik tashrifi chog‘ida imzolangan KXDR va Rossiya o‘rtasidagi strategik sheriklik to‘g‘risidagi bitim matnini e’lon qildi. Avvalroq Rossiya prezidenti e’lon qilganidek, hujjat ishtirokchilardan biriga qarshi tajovuz ro‘y bergan taqdirda o‘zaro yordam ko‘rsatishni nazarda tutadi. Bu uni imzolaganlar, shuningdek boshqa mamlakatlar uchun nimani anglatadi?
Imzolangan hujjatning 4-bandida shunday deyiladi: «Agar tomonlardan biri qandaydir davlat yoki bir necha davlatlar tomonidan qurolli hujumga uchrasa va shu tariqa urush holatiga tushib qolsa, u holda ikkinchi tomon zudlik bilan BMT Nizomining 51-moddasiga hamda Koreya Xalq Demokratik Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi qonunchiligiga muvofiq, zudlik bilan o‘z ixtiyoridagi barcha vositalar orqali harbiy va boshqa turdagi yordamlarni ko‘rsatadi».
Ekspertlar va tarixchilar darhol bu band KXDR va SSSR o‘rtasidagi 1961 yilgi shartnoma bandlari bilan deyarli bir xil ekaniga e’tibor qaratishdi — faqat BMT Nizomiga havola berilgani bundan mustasno.
BMT Nizomining 51-moddasi a’zo mamlakatning o‘zini o‘zi himoya qilishi uchun individual yoki kollektiv mudofaa choralari ko‘rish huquqiga egaligini nazarda tutadi, deya eslatgan Reuters agentligi.
Bundan tashqari, imzolangan kelishuvda tomonlardan biriga qurolli tajovuz qilish tahdidi yuzaga kelgan taqdirda, davlatlar «o‘z pozitsiyalarini muvofiqlashtirish va yuzaga kelayotgan tahdidni bartaraf etishda bir-biriga yordam berish uchun mumkin bo‘lgan amaliyot choralarni kelishish» uchun maslahatlashuvlar o‘tkazishi aytilgan.
Janubiy Koreya hukumatining sobiq mulozimi, hozirda Seuldagi Asan siyosiy tadqiqotlar institutida ishlayotgan Cha Du Hyogn Reuters agentligi bilan suhbatda o‘zaro mudofaa majburiyatlari 1961 yilgi kelishuvdagiga o‘xshash bo‘lsa-da, BMT Nizomi va har bir mamlakatlar qonunlariga havola berilganini turlicha talqin qilish mumkinligini hamda bu kelishuvni ittifoq deyish qiyin ekanini aytadi.
«Chunki Kim bu shartnoma tuzilishi uchun barcha ishni qilmoqchi, Putin esa buni istamaydi», — deb hisoblaydi u.
Seuldagi Koreya milliy birlashuv instituti xodimi Cho Xan Bom Reuters bilan suhbatda imzolangan kelishuvni Rossiya uchun katta g‘alaba deb atagan va bu Ukrainadagi urushda Shimoliy Koreya tomonidan qo‘llab-quvvatlov uchun huquqiy asos yaratishini ta’kidlagan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, kelishuvdagi formulirovka Moskvaga o‘zi shuni istasa, chegaradagi to‘qnashuvlar yoki boshqa bo‘lajak mojarolar yuzaga kelgan taqdirda Shimoliy Koreyaga yordam berishdan qochishga imkon beradi.
Seuldagi Kunmin universiteti yetakchi ilmiy xodimi Fedor Tertitskiy — Rossiya va KXDR o‘rtasidagi yangi shartnomada keltirilgan harbiy yordam to‘g‘risidagi band haqida:
«Tomonlardan biriga hujum qilingan taqdirda birgalikda mudofaa majburiyatlari to‘g‘risidagi qismi deyarli tom ma’noda 1961 yilgi sovet-shimoliy koreya kelishuvi matnini takrorlaydi. Bu tasodif emasligi tayin. Messej juda aniq ko‘rinib turibdi: Moskva va Pxenyan 1961 yilgi ittifoqchilik munosabatlarini tiklayapmiz demoqda. Va u yerdagi eng muhim ibora shunday edi: «Agar ahdlashuvchi tomonlardan biri qandaydir davlat yoki davlatlar koalitsiyasi tomonidan qurolli hujumga uchrasa va shu orqali urush holatiga tushib qolsa, narigi tomon o‘z ixtiyorida bo‘lgan barcha kuch va vositalar bilan harbiy hamda boshqa turdagi yordamlarni ko‘rsatadi». Bu ibora 2024 yilgi shartnomada ham xuddi shu shaklda takrorlangan.
Ko‘p vaqt o‘tmasdan sovet ittifoqi bu kelishuv og‘irligini his qila boshlaydi — Kim Ir Sen ikkinchi Koreya urushini boshlashi xavfi tufayli. Menga ma’lum bo‘lishicha, Siyosiy byuro [KPSS markaziy qo‘mitasi] agar Kim Ir Sen o‘zini haddan tashqari tiyiqsiz tutadigan bo‘lsa, Shimoliy Koreyaga bu kelishuv faqat mudofaa xarakterida ekani aytishi, siz o‘rtoqlar, tajovuzkor harakatlarni boshladingiz, shuning uchun biz sizlarga yordam ko‘rsatmaymiz, deyishi mumkin edi. 1961 yilgi bu kelishuv o‘rnini 2000 yilga kelib, Putinning ilk prezidentligi davrida do‘stlik va yaqin qo‘shnichilik shartnomasi egallaydi, unda aynan harbiy yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi band tushib qolgandi va shu tufayli uni bemalol ma’nosiz kelishuv deb atash mumkin.
Seul nuqtayi nazariga ko‘ra, hozir sodir bo‘lgan voqea — juda yomon. Bunday ittifoqchilik kelishuvining ehtimoliy reanimatsiyasi bu yerda ham, Tokioda ham eng yomon ssenariy sifatida muhokama qilindi. Seul uzoq vaqt davomida avvaliga sovetlar ittifoqini, keyin Rossiyani KXDRdan «uzoqlashtirish»ga harakat qildi. Qaysidir pallada bu ish berayotgandek va Rossiya Shimoliydan ko‘ra, Janubiy Koreya tomonida turgandek tuyuldi. Keyin esa [Ukrainada] urush boshlandi va barchasi sochilib ketdi».
G‘arb matbuoti nimalar yozmoqda?
New York Times gazetasi imzolangan kelishuvni «Pxenyan va Moskva o‘rtasida hozir mavjud bo‘lmagan 1961 yilgi o‘zaro mudofaa shartnomasi»ga qaytaruvchi, «sovuq urush davridagi xavfsizlik kafolatlari yangilanishi» deb atagan.
Ammo bu safar kelishuv «o‘zaro tranzaksiya ehtiyojlariga asoslangan — Rossiya uchun artilleriya va Shimoliy Koreya uchun ilg‘or harbiy texnologiyalar», deya yozadi nashr Jorj Bush ma’muriyatida KXDR masalalari bilan shug‘ullangan, hozirda Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazida ishlovchi Viktor Chaga havola bergan holda.
New York Times maqolasida aytilishicha, Moskva va’da qilgan texnologik yordam kelishuvda aniq ko‘rsatilmagan, ammo u Kim Chen In yaxshilashga intilayotgan texnologiyalarni o‘z ichiga olgan bo‘lsa, bu KXDRga yadroviy kallaklarni yaratishda yordam beradi.
Bloomberg agentligi shuningdek, KXDR o‘z atom suvosti kemasini qurish va josus sun’iy yo‘ldoshlar olib chiqish uchun pul, mahsulotlar va texnologiyalarga muhtojligini eslatgan.
Imzolangan kelishuv natijasida Kim Chen In «uni qo‘llaydigan, yadroviy arsenali bor bo‘lgan ittifoqchiga ega bo‘ldi». «Bu yana shuni anglatadiki, u o‘z yadroviy ambitsiyalarini amalga oshirishda davom etishi, Rossiya esa BMT Xavfsizlik kengashidagi veto huquqidan foydalanib, har qanday yangi sanksiyalarni bloklashi mumkin», — deya qayd etadi nashr.
Financial Times gazetasi eslatishicha, Rossiya mart oyidayoq BMT Xavfsizlik kengashida KXDRga qarshi sanksiyalar qo‘mitasi ekspertlar guruhi mandatini uzaytirishni nazarda tutuvchi rezolyutsiya loyihasi bo‘yicha ovoz berishga veto qo‘ygandi.
Mavzuga oid
17:53 / 23.11.2024
AQSh razvedkasi Putinning xorijdagi muxoliflari o‘ldirilishiga oid maxfiy hujjatlarni qisman ochiqladi
16:33 / 23.11.2024
Merkel: Menda hech qachon Putin bo‘yicha illyuziyalar bo‘lmagan
12:21 / 23.11.2024
Putin: Rossiya jangda «Oreshnik» raketasini sinovdan o‘tkazishda davom etadi
23:44 / 22.11.2024