Sport | 16:05 / 21.06.2024
9586
7 daqiqa o‘qiladi

«Jasur Sautgeyt». Favorit Angliya haqida

Foto: Getty images

So‘nggi olti yilda, ya’ni Garet Sautgeyt jamoaga kelgandan keyin Angliya bir marta Yevropa chempionati finalida, bir marta mundial yarimfinalida o‘ynadi. Qatardagi jahon chempionati chorak finalida Fransiyaga teng kurashlarda 1:2 hisobida boy berdi. Angliyaning tarixdagi istalgan olti yillik davrini oling, bundan yaxshiroq natijalarni topa olmaysiz. Lekin Garet Sautgeyt menimcha, futbol tarixidagi Angliya murabbiylari ichida eng ko‘p tanqidga uchragani bo‘lsa ajab emas – shunday yulduzli tarkib bilan bundan ham yaxshiroq bo‘lishi mumkin edi.

Rostdan ham, hatto Desham ham havas qilsa kerak, axir uchta eng yaxshi liganing eng yaxshi o‘yinchilari tarkibda, birdaniga uch futbolchi – Bellinhem, Keyn va Foden «Oltin to‘p» kurashida kuchli o‘nlikdan joy olishsa ajab emas. Bu tarkib bilan Angliya chempion bo‘lishi kerak. Doim chempion bo‘lishi kerak. Sautgeyt esa mana shunday iqtidorli avlod salohiyatini ko‘mish bilan shug‘ullanyapti.

Yana boshqa tarafdan qaraganda, qanaqa oltin avlod, axir doim inglizlarda yorqin futbolchilar bo‘lmaganmi? Jyerrard, Lempard, Bekhem, Ouen, Runi – hammasi ingliz futboli afsonalari va birga to‘p surganlar ham. 2007-2009 yillarda Chempionlar Ligasi yarimfinalida tarkibi angliyalik yulduzlar bilan to‘la bo‘lgan uchtadan ingliz jamoasi o‘ynagan va Yevro-2008 final bosqichiga Angliya chiqa olmagan ham, tasavvur qilyapsizmi? Terri, Ferdinand yoki Eshli Koul oldiga Tripe yoki Geyi, Maguayrni qo‘ya olasizmi? O‘sha tarkiblar ham mundialda yarimfinalni ko‘rmagach, Sautgeytga Foden, Saka yoki Palmerni minnat qilishimiz qanchalik to‘g‘ri?

Aslida gap boshqa yoqda. Sautgeyt avvalgi hamkasblaridan farqli ravishda, yaqqol ko‘rinib turgan, hammaga tushunarli va yoqimli qarorlarni qabul qilmayapti. U juda xavfli yurish qilmoqda – yo millat qahramoni bo‘lasan yoki bir necha oy o‘tib, nafrat daryosida cho‘milasan.

Ziddiyat ham shunda: hamma savol beradi – nega Trent Aleksandr-Arnold asosiy tarkibda o‘ynamaydi, nega Sancho jalb qilinmayapti, Maguayrga ishonch qayerdan, Grilish yoki Meddison nega Yevroga olib kelinmadi va hokazo. Nafaqat tarkibni, futbolchilarni tanlashda, balkim, o‘yinlarga bo‘lgan munosabatlar ham tushunarsiz – Angliya shu qadar ehtiyotkorki, xuddi agar ustunlik boy berilsa, boshqa gol urishga ishonch yo‘qdek.

Ikki o‘yinda Angliya o‘rtacha 0.72 xG qayd etdi. Raqiblar – Daniya va Serbiya ham o‘ziga yarasha kuchli jamoalar, lekin bilasizmi, Premer-ligada «Luton Taun»ning o‘rtacha ko‘rsatkichi 1.36 xG ga teng ekan. Ammo qarang, boshqa tarafdan, mana shu o‘yinlarda inglizlar himoyada o‘rtacha 0.44 xG qo‘yib yubordilar. Bu turnirda eng yaxshi ko‘rsatkich, hatto Fransiya va Ispaniyadan ham yaxshiroq. Xulosa qilish mumkinki, Angliyaning bu zerikarli, ehtiyotkor o‘yini – tanlov mevasi, ataylab qilinmoqda, ya’ni o‘yinning yomon tashkil etilganidan emas. Bunday tanlov va qarorlar qachonki, jamoa kubokni boshi uzra ko‘targanda murabbiyni dahoga aylantiradi, aksincha holatda esa savollar yanada baland ovozda yangrayveradi, yangrayveradi.

Biz yaqin tarixga qaraganimizda, juda yorqin Angliyani ko‘ramiz, to‘g‘rimi? Ana, Bekhem qizil olmaganda Argentinani, Runi maydondan chetlatilmaganda, Portugaliyani yutardik. Ronaldinoning ajoyib jarima zarbasi, Lempardning hisoblanmagan, keyinchalik VARni futbolga olib kirgan mashhur «goli»... Bir necha boy berilgan penalti seriyalari... Juda yorqin. Har bir mag‘lubiyat uchun sabablar topiladi.

Murabbiy esa ko‘pincha, oq. O‘sha paytlarda tanqid qilingandir, inkor qilmayman, lekin umumiy qaraganda na Eriksson, na Kapello qandaydir bosh aybdor sifatida, Angliyaning qandaydir yulduzli davrini isrof qilgan murabbiylar sifatida eslanmaydi.

Aslida o‘sha o‘yinlarda g‘alaba qozonish uchun boshqacharoq tarkib, taktika, reja mavjudmidi, degan savolga javob ham izlab o‘tirilmaydi. Chunki o‘sha murabbiylar, yuqorida aytganimdek, tushunarli, yoqimli va hammaning nazdida eng to‘g‘ri qarorlarni qabul qilishgan. Qo‘lingda ham Jyerrard, ham Lempard bo‘lganda, biridan voz kechib, tarkib muvozanati, himoyaviy rejalar uchun shartli Kerrikni tarkibga qo‘ymas ekansan, o‘yindan keyingi tanqidlardan qutulasan kamida – hech kim Kerrik qani, deb so‘ramaydi.

Bir paytlar Emi Jake ismli fransuz Kantona, Jinola kabi yorqin futbolchilardan voz kechib, biroz zerikarli, tushunarsiz futbolni tanlagan, Yevroni qurbon qilib, 1998 yilgi mundialda jahon chempioniga aylangandi. Finaldagi emotsiyalarni aytmasa, eslang, o‘sha Fransiya ham uncha yorqin emasdi, Paragvay bilan bir yuz yigirma daqiqalik azob, Italiya bilan penaltilar seriyasi, yarimfinalda Xorvatiya yorqinroq edi, nazarimda.

Sautgeyt esa shu yo‘ldan bormoqda. Bu shunday yo‘lki, milliy jamoa balkim tarixidagi eng yaxshi natijani qo‘lga kiritishi mumkin, lekin yorqin bo‘lmaydi. Avvalgi yillardagi kabi, esda qolarli ravishda yutqazmaydi. Aniq, shubhasiz, mag‘lubiyatdan so‘ng maydondagilar emas, o‘sha kuni o‘ynamaganlar haqida javob berishga to‘g‘ri keladi. Har qanday mag‘lubiyatdan so‘ng, shu o‘yinda g‘alaba uchun boshqacharoq yo‘l bormidi, degan savolni hamma izlab, o‘zicha javob beraveradi, beraveradi. Tabiiyki, poyezd ketib bo‘lgach, o‘sha boshqalar, muxlislar, jurnalistlar tomonidan tanlangan har qanday tarkib Sautgeytnikidan kuchli ko‘rinaveradi, ko‘rinaveradi.

Ha, biroz xavfli yo‘l. Ammo Sautgeytning murabbiy sifatidagi mana shu qat’iyligiga, jasurligiga qoyil qolmasdan iloji yo‘q.

Qahramon Aslanov

Mavzuga oid