Iqtisodiyot | 16:35 / 22.06.2024
5585
2 daqiqa o‘qiladi

Birja Aloqabank aksiyalari sotuvini to‘xtatdi

Bank aksiyalari sotuvi to‘xtatilishi muomaladagi aksiyalarining bo‘linishi, keyinchalik bankning o‘z kapitali hisobiga qo‘shimcha aksiyalar joylashtirilishi bilan bog‘liq.

Foto: aloqabank.uz

“Toshkent” Respublika fond birjasi Aloqabank tijorat bankining oddiy va imtiyozli aksiyalari sotuvi 2024 yil 21 iyundan to‘xtatilganini e’lon qildi. Birja xabariga ko‘ra, bu bankning muomaladagi kichik aksiyalarini bo‘lish, shuningdek, bankning o‘z kapitali hisobidan aksiyalar qo‘shimcha aksiyalar joylashtirishi bilan bog‘liq.

Bu Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysining 2024 yil 20 iyundagi xabariga muvofiq amalga oshirilgan.

Korporativ axborot yagona portalida esa 27 iyun kuni Aloqabank aksiyadorlarni yillik umumiy yig‘ilishga chaqirib e’lon joylagan. Kun tartibidan Aloqabankning joylashtirilgan aksiyalarini maydalash va aksiyalar nominal qiymatini o‘zgartirish, uning oldingi aksiyalar chiqarilishlarini bekor qilish hamda e’lon qilingan aksiyalarining yangi sonini belgilash va tasdiqlash, shuningdek, bankning yangi aksiyalari chiqarilishi to‘g‘risida qaror qabul qilish va  Aloqabank aksiyalari yangi chiqarilishini joylashtirish tartibini tasdiqlash kabi masalalar o‘rin olgan.

Shuningdek, unda Aloqabank tomonidan “Tashkent city” xalqaro ishbilarmonlik markazi hududida barpo etilgan binoni sotish ham ko‘rib chiqiladi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning may oyi oxirida “Tashkent city”da joylashgan davlatning uchta banki – O‘zsanoatqurilishbankning 33 qavatli, Asakabank va Aloqabankning 26 qavatli binolari (biznes markazlar) sotilishi e’lon qilingandi

Sotuvga qo‘yiladigan Aloqabankning 26 qavatli binosi maydoni 81,439 kv metrni tashkil etadi. 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan investitsiya dasturida Aloqabank binosining loyiha qiymati 100 mln dollar, Asakabank binosi loyiha qiymati esa 102 mln dollar, O‘zsanoatqurilishbank binosining loyiha qiymati 137 mln dollarga baholangan.

Mavzuga oid