Jahon | 10:00 / 22.06.2024
14364
13 daqiqa o‘qiladi

NATO bosh kotibi o‘zgardi – dunyodagi eng qudratli harbiy tashkilotga kimlar rahbarlik qilgan?

Niderlandiya bosh vaziri Mark Ryutte NATO bosh kotibligiga saylandi. Markning nomzodi alyansning barcha 32 davlati tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. U joriy yil 1 oktyabrda lavozimidan ketadigan Yyens Stoltenberg o‘rnini egallaydi. Ushbu materialda NATOning barcha bosh kotiblari haqida ma’lumotlar taqdim etamiz.

Ikkinchi jahon urushi tugagandan so‘ng dunyodagi geosiyosiy vaziyat birdaniga o‘zgaradi. Kechagina ittifoqchi bo‘lib yurgan davlatlar – SSSR va AQSh o‘rtasida keskin raqobat paydo bo‘ladi.

Aslida bu raqobat keskin bo‘lmasligi ham mumkin edi. Biroq urushning asosiy g‘olibi sifatida katta siyosat maydoniga chiqqan SSSR boshqa davlatlarni ham kuch bilan sotsialistik lagerga torta boshlaydi.

Jumladan, 1945 yilda o‘tkazilgan Podstam konferensiyasida sovetlar o‘zlari ozod qilgan Sharqiy Yevropa davlatlarini ta’sir doiralarida ushlab qolishlarini ma’lum qiladi.

Shunda AQSh, Britaniya va Fransiya rahbarlari Stalindan hech bo‘lmaganda Polshani o‘z holiga qo‘yishni va quvg‘inlikda yurgan polyak hukumatining Varshavaga qaytishiga ruxsat berishini so‘raydi. Biroq rad javobini oladi.

Shu tariqa SSSR ikkinchi jahon urushidan keyin uning asosiy g‘olibi sifatida katta sahnaga chiqadi va o‘z ta’sir doirasiga olgan hududlar – Sharqiy Yevropa davlatlari, Xitoy hamda Shimoliy Koreyada kommunistik tuzum o‘rnatadi (Mo‘g‘ulistonda avvalroq o‘rnatilgandi).

Oxir-oqibat kapitalistik dunyoga qarshi bo‘lgan ikkinchi qutb – sotsialistik lager shakllanadi va SSSR unga bosh bo‘ladi (keyinchalik Kubada, Vetnam va Laosda ham kommunistik tuzum o‘rnatiladi). Shundan so‘ng G‘arb davlatlari SSSR boshchiligidagi sotsialistik lagerga qarshi harbiy blok tuzishga qaror qilishadi.

NATOning tuzilishi va kengayishi

1949 yil 4 aprelda AQSh, Kanada va Yevropaning 10 ta davlati tomonidan NATO (North Atlantic Treaty Organization – Shimoliy Atlantika harbiy ittifoqi) tuzilgani e’lon qilinadi.

Tashkilotni tuzish g‘oyasi 1947 yilda AQSh prezidenti Harri Trumen tomonidan ilgari surilgan. NATOning ilk ta’sischilari Yevropadan Belgiya, Britaniya, Daniya, Islandiya, Italiya, Lyuksemburg, Niderlandiya, Norvegiya, Portugaliya va Fransiya, okean ortidan AQSh va Kanada a’zo bo‘lishadi.

1952 yil tashkilotga Gretsiya va Turkiya, 1955 yilda GFR, 1982 yilda Ispaniya qo‘shiladi. 1991 yilda SSSR parchalanishi arafasida sotsialistik lager ham tarqab ketadi. Shundan so‘ng Sharqiy Yevropadagi bir qator davlatlar NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza topshiradi.

NATOga 1999 yilda Vengriya, Polsha, Chexiya, 2004 yilda Bolgariya, Latviya, Litva, Estoniya, Slovakiya, Sloveniya, Estoniya, 2009 yilda Albaniya va Xorvatiya, 2017 yilda Chernogoriya, 2020 yilda Shimoliy Makedoniya a’zo bo‘ladi.

2022 yil 24 fevral kuni Rossiya Ukrainaga bostirib kirgach Shvetsiya va Finlandiya ham ariza topshiradi. 2023 yil 4 aprel kuni Finlandiya, 2024 yil 7 mart kuni Shvetsiya NATOga a’zo bo‘ldi. Shu tariqa tashkilotga a’zo bo‘lganlar soni 32 taga yetdi.

NATOga a’zo davlatlar xaritasi

Tashkilot nizomi 14 ta bo‘limdan iborat. Undagi eng muhimlaridan bo‘lgan 5-bo‘limda «Tashkilotga a’zo davlatlardan biriga hujum qilinsa, bu holat tashkilotning boshqa a’zolariga ham agressiya qilingan deb baholanadi va javob choralari ko‘riladi», deb yozilgan.

O‘sha paytda bu tashkilotni tuzishdan maqsad Yevropani Ikkinchi jahon urushidan keyin harbiy salohiyati nihoyatda kuchayib ketgan SSSRdan himoya qilish bo‘lgan.

Tashkilot nima maqsadda tuzilgani hech qachon sir saqlanmagan va bu haqda har doim oshkora gapirilgan. Masalan, 2009-2014 yillarda NATO bosh kotibi lavozimida faoliyat yuritgan daniyalik siyosatchi Anders Fog Rasmussen alyans SSSRning Yevropaga ehtimoliy tajovuzlari oldini olish uchun tashkil etilganini aytgandi.

Uilyam Harriman
Bu shaxs 1943-1946 yillar oralig‘ida AQShning SSSRdagi elchisi bo‘lgan.

«NATO dunyodagi vaziyat ancha xavfli bo‘lib turgan paytda tuzilgan edi. SSSRning Yevropaga ta’siri kuchayib borar ekan, o‘shanda 12 ta davlat nafaqat xavfsizlik uchun, balki insoniyat uchun eng asosiy qadriyatlar – erkinlik, demokratiya, inson huquqlari kafolatlari, qonun ustuvorligini himoya qilish uchun birlashdilar», degan edi u.

Shu paytgacha NATO tashkilotini Uilyam Harrimanni ham qo‘shib hisoblaganda 16 kishi (italiyalik Serjio Balansio ikki marta) boshqargan. 2024 yil 20 iyun kuni tashkilotga yangi bosh kotib tasdiqlandi va shu tariqa NATOni boshqarganlar soni 17 kishiga yetdi. Ushbu shaxslardan 4 nafari tashkilotni vaqtincha boshqargan.

NATOning bosh kotiblari

1. Gastings Ismey (1887-1965)

NATO 1949 yilda tuzilgan bo‘lsa ham uning birinchi bosh kotibi 1952 yilda saylangan. Britaniyalik general Gastings Ismey uning ilk rahbari bo‘lgan va tashkilotni 1957 yil 16 maygacha boshqargan (ungacha tashkilotni AQShlik diplomat Uilyam Harriman vaqtincha boshqarib turgan).

Ismey NATO bosh kotibi bo‘lgunicha Britaniya Millatlar Hamkorligi tashkiloti bo‘yicha vazir lavozimida ishlagan. Hindistonda tug‘ilgan Ismey keyinchalik Qirollik harbiy akademiyasini bitiradi va Britaniya armiyasida xizmat qiladi.

U turli yillarda Britaniya imperiyasi mudofaasi kotibi o‘rinbosari, Hindiston qiroli harbiy yordamchisi, urushi paytida Uiston Cherchillning shaxsiy shtabi boshlig‘i, hukumatning harbiy masalalar bo‘yicha bosh kotibi vazifalarida faoliyat olib boradi.

2. Pol-Anri Spaak (1899-1972)

Belgiyalik siyosatchi Pol-Anri Spaak NATOni 1957 yil 16 maydan 1961 yil 4 martgacha boshqargan. Bu shaxs umumevropa integratsiyasini (hozirgi Yevropa Ittifoqi) tuzish tarafdorlaridan biri bo‘lgan.

Pol-Anri o‘z faoliyati davomida Belgiya parlamenti deputati, Transport vaziri, 7 marta mamlakat tashqi ishlar vaziri, uch marta bosh vazir lavozimlarida ishlagan.

U NATO bosh kotibi bo‘lishdan avval navbatdagi marta Belgiya tashqi ishlar vaziri lavozimida ishlayotgandi. 1961 yilda tashkilot bosh kotibligidan ketgach yana Belgiya tashqi ishlar vaziri vazifasida ishini davom ettiradi.

Aynan Pol-Anri Spaak ishlagan paytda NATO bosh kotibining vakolatlari kengaytiriladi.

3. Dirk Stikker (1897-1979)

Niderlandiyalik siyosatchi NATOni 1961-1965 yillar davomida boshqargan. U tashkilot bosh kotibi bo‘lguncha Niderlandiyaning NATOdagi vakili lavozimida ishlagan.

Dirk Stikker 1948-1952 yillarda mamlakat tashqi ishlar vaziri, 1952-1958 yillar davomida esa Niderlandiyaning Britaniyadagi elchisi sifatida ishlagan.

4. Manlio Brozio (1897-1980)

Italiyalik siyosatchi NATOni 1964 yil 1 avgustdan 1971 yil 1 oktyabrgacha boshqargan. Ungacha Italiyaning Fransiyadagi elchisi lavozimida ishlagan.

Manlio Brozio Italiya harbiy vaziri, mamlakatning SSSRdagi, Britaniyadagi, AQShdagi, Fransiyadagi elchisi vazifalarida faoliyat olib borgan.

5. Yozef Luns (1911-2002)

Niderlandiyalik siyosatchi tashkilotni 1971 yil 1 oktyabrdan 1984 yil 25 iyungacha boshqargan. U NATO bosh kotibligiga o‘tgunicha Niderlandiya tashqi ishlar vaziri bo‘lgan.

Yozef Luns Niderlandiyaning Shveytsariyadagi, Portugaliyadagi va Britaniyadagi elchisi lavozimlarida ishlagan. Bir muddat Niderlandiyaning BMTdagi doimiy vakili bo‘lgan. Shuningdek, mamlakat tashqi ishlar vaziri bo‘lib ishlagan.

Lunsning davrida Ispaniya NATOga a’zo bo‘lib kirgan va 1974 yilda NATO a’zosi bo‘lgan davlatlar Turkiya va Gretsiya o‘rtasida Kipr oroli uchun qurolli mojaro yuzaga kelgan.

6. Piter Karrington (1919-2018)

Piter Karrington Britaniya bosh vaziri Margaret Tetcher bilan

Britaniyalik siyosatchi NATOni 1984 yil 24 iyundan 1988 yil 1 iyulgacha boshqargan. Ungacha Piter Britaniya tashqi ishlar vaziri lavozimida ishlagan.

Piter Karrington 1970-1974 yillar oralig‘ida Britaniya mudofaa vaziri bo‘lgan. U NATO bosh kotiblari orasida bu vazifaga tasdiqlangan eng keksa siyosatchi hisoblanadi.

7. Manfred Vyorner (1934-1994)

Germaniyalik siyosatchi tashkilotni 1988 yil 1 iyuldan 1994 yil 13 avgust vafot etgan kunigacha boshqargan. Ungacha Manfred Germaniya tashqi ishlar vaziri bo‘lgan.

Manfred Vyorner o‘z faoliyati davomida juda ko‘p vazifalarda ishlagan. Jumladan, bundestag deputati, turli partiyalar rahbar o‘rinbosari, bundestagda mudofaa ishlari qo‘mitasi raisi va Germaniya tashqi ishlar vaziri sifatida faoliyat olib borgan.

U 1994 yilda saratondan vafot etgan. Manfredning vafotidan so‘ng NATOga yangi bosh kotib tasdiqlanguncha tashkilotni ikki oy italiyalik siyosatchi Serjio Balansino boshqarib turadi.

8. Villi Klaas (1938- )

Belgiyalik siyosatchi NATOni 1994 yil 17 oktyabrdan 1995 yil 20 oktyabrgacha boshqargan. Ungacha Villi Belgiya tashqi ishlar vaziri lavozimida ishlagan.

Villi Klaas o‘z faoliyati davomida Belgiya hukumati a’zosi, Iqtisodiyot vaziri (ikki marta), bosh vazir o‘rinbosari, mamlakat tashqi ishlar vaziri bo‘lgan.

Villi Klaas NATO bosh kotibligini bir yilda mojaro bilan tark etadi. Gap shundaki, mamlakat prokuraturasi u a’zo bo‘lgan Flamand sotsialistik partiyasi a’zolarini Italiyaning Agusta aviasozlik kompaniyasidan pora olganlikda ayblab surishtiruv boshlaydi. Shundan so‘ng Villi ham NATO bosh kotibligidan ketadi.

NATOga yangi bosh kotib tasdiqlanlanguncha tashkilotni olti hafta yana italiyalik siyosatchi Serjio Balansino boshqarib turadi.

9. Xaviyer Solana (1942- )

Ispaniyalik siyosatchi NATOni 1995 yil 5 dekabrdan 1999 yil 6 oktyabrgacha boshqaradi. U NATOga ishga o‘tgunicha Ispaniya tashqi ishlar vaziri bo‘lgan.

Xaviyer Solana mashhur siyosatchi hisoblanadi. U o‘z faoliyati davomida Ispaniya Madaniyat, Ta’lim va fan hamda Tashqi ishlar vaziri, Yevropa Ittifoqi Kengashi bosh kotibi, Yevropa mudofaa agentligi rahbari vazifalarida ishlagan.

1997 yilda Xaviyer Solana Markaziy Osiyo davlatlariga amalga oshirgan tashrifi doirasida O‘zbekistonga ham kelgandi.

10. Jorj Roberson (1946- )

Britaniyalik siyosatchi tashkilotni 1999 yil 14 oktyabrdan 2003 yil 17 dekabrgacha boshqargan. Ungacha Britaniya tashqi ishlar vaziri lavozimida ishlagan.

Jorj Roberson o‘z faoliyati davomida ko‘p marta Leyboristlar partiyasi vakili sifatida Britaniya parlamenti deputati bo‘lgan. U 2003 yil sentabr oyida O‘zbekistonga tashrif buyurgandi.

Jorj Roberson NATO bosh kotibligidan ketgach yangi bosh kotib tasdiqlanguncha uch hafta tashkilotni Alessandro Minuto-Ritsso boshqarib turadi.

11. Yakob de Xop Sxeffer (1948- )

Niderlandiyalik siyosatchi NATOni 2004 yil 1 yanvardan 2009 yil 1 avgustgacha boshqargan. Ungacha Yakob Niderlandiya tashqi ishlar vaziri lavozimida ishlagan.

Yakob de Xop Sxeffer o‘z faoliyati davomida parlament deputati, Niderlaniyaning Ganadagi elchisi, mamlakatning NATOdagi vakili, bir necha marta tashqi ishlar vaziri, YeXHT raisi bo‘lgan.

12. Anders Fog Rasmunsen (1953- )

Daniyalik siyosatchi tashkilotni 2009 yil 1 avgustdan 2014 yil 1 oktyabrgacha boshqargan. Ungacha Rusmunsen Daniya bosh vaziri lavozimida ishlagan.

Anders Fog Rasmunsen o‘z faoliyati davomida Daniya soliq solish hamda iqtisodiyot vaziri bo‘lgan. NATO bosh kotibligidan ketgach, 2016 yildan 2019 yilgacha Ukraina prezidenti Petr Poroshenkoga maslahatchi vazifasida ishlagan.

Anders Fog Rasmunsen 2011 yilda yanvar oyida O‘zbekistonga tashrif buyurgan va mamlakat rahbari bilan Afg‘oniston bo‘yicha hamkorlik masalalarini muhokama qilgandi.

13. Yyens Stoltenberg (1959- )

Norvegiyalik siyosatchi NATOni 2014 yil 1 oktyabrdan buyon boshqarib keladi. Uning muddati joriy yil 1 oktyabrda tugaydi. Alyans bosh kotibi bo‘lgunicha Stoltenberg 8 yil davomida Norvegiya bosh vaziri lavozimida ishlagan.

Yyens Stoltenberg o‘z faoliyati davomida Norvegiya Energetika va sanoat hamda moliya vaziri, mamlakat bosh vaziri bo‘lgan.

14. Mark Ryutte (1967- )

Bir necha kun oldin NATO bosh kotibligiga tasdiqlangan Mark Ryutte U 1 oktyabrda lavozimidan ketadigan Yyens Stoltenberg o‘rnini egallaydi. Uning nomzodi alyansning barcha 32 davlati tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Alyans bosh kotibi lavozimiga Ryuttedan tashqari yagona da’vogar Ruminiya prezidenti Klaus Yoxannis edi. Ammo 20 iyun kuni u o‘z nomzodini qaytarib olishini ma’lum qildi.

Mark Ryutte 2010 yil 14 oktyabrdan buyon Niderlandiya bosh vaziri lavozimida ishlab kelayotgandi.

Ryutte faoliyati davomida «Ozodlik va demokratiya uchun» o‘ng qanot liberal xalq partiyasi rahbari (2006-2023), 2002 yildan 2010 yilgacha - hukumat idoralarida davlat kotibi vazifalarida ishlagan.

U NATO tomonidan Rossiyani tiyib turish tarafdori hisoblanadi. Ryutte NATO a’zolari yillik mudofaa xarajatlarini YaIMning kamida 2 foizini tashkil etishi lozimligini ta’kidlab kelmoqda.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid