Sport | 18:48 / 23.06.2024
15637
7 daqiqa o‘qiladi

Ronalduning yangi rekordi, VAR’ga yutqazayotgan Lukaku va Polshaning to‘xtashi. Yevro ikkinchi turidagi 10 voqea

Guruh bosqichining yakuniy turi 24 iyunga o‘tar kechasi boshlanadi. Shveytsariya Germaniya bilan, Shotlandiya Vengriya bilan kuch sinashadi.

Turkiyaning kulgili avtogol

Portugaliya bilan o‘yinda Vinchenso Montella shogirdlari hozircha Yevropa chempionatining eng kutilmagan golini uyushtirishdi.

Barchasi Kanseluning xatosidan boshlandi, u Ronalduga pas berishda xatoga yo‘l qo‘ydi. Jamoa sardori undan jahli chiqib, baqira boshlaganida turklar to‘pni egallashdi va vaziyat bartaraf etilgandek ko‘rinayotgandi. Bu holatda hatto translatsiya rejissyori ham e’tiborini boshqa tomonga qaratgandi.

Va shunda eng qiziq joyi ro‘y berdi: Oqoydin darvozabonga qaramadi va to‘pni ortga uzatdi, Bayindir esa bu vaqtda joyini o‘zgartirgandi va to‘p undan bir necha metr naridan yumalab o‘tib ketdi. Chelikning to‘pga yetib olishga bo‘lgan urinishlari naf bermadi. Ahmoqona avtogol.

Avtogol to‘purarlar poygasida ilgarilab ketmoqda

Germaniyadagi turnirda eng yaxshi to‘purar — Avtogol bo‘lib qolmoqda. O‘tgan ikki tur davomida urilgan 61 goldan 6 tasi uning nomiga yozilgan.

Yevropa chempionati yakunigacha hali uch hafta bor, shuning uchun futbolchilar o‘z jamoalari darvozasiga urgan gollar soni bo‘yicha oldingi Yevroda urilgan rekord (11) yangilanishi mumkin.

Levandovski va kompaniya — pley-offdan chetda

Polsha milliy jamoasi qatorasiga ikki o‘yinda yutqazdi va birinchi bo‘lib pley-offga chiqish imkoniyatini yo‘qotdi. Guruhdagi ikkinchi o‘yinda Fransiya va Niderlandiya o‘zaro durang o‘ynagani bunga sabab bo‘ldi (0:0).

Endi Mixal Probej jamoasi guruhda to‘rtinchi o‘rindan yuqoriga ko‘tarila olmaydi. Polshaliklar fransuzlar va niderlandlarni ochkolar soni bo‘yicha quvib yeta olmasligi aniq, avstriyaliklar bilan esa ochkolar soni bo‘yicha tenglashsa ham, o‘zaro o‘yindagi mag‘lubiyat sababli (1:3) tenglasha olmaydi.

Ispaniya, Germaniya va Portugaliya guruhdan chiqib bo‘ldi

Uchta top-jamoa ikki turda ham g‘alaba qozondi va muddatidan oldin 1/8 final yo‘llanmasini kafolatladi.

Ispaniya va Portugaliya uchinchi tur o‘yinlari natijasidan qat’i nazar o‘z guruhlarida birinchi o‘rinda qolishi ma’lum bo‘lgan, nemislar esa kvartet yetakchisi bo‘lib qolishi uchun Shveytsariyaga yutqazmasligi yetarli bo‘ladi.

Umuman olganda, bu uch jamoa oldindan turnir favoritlari sifatida ko‘rilayotgandi va bo‘lishi kerak ish sodir bo‘ldi.

Tarixiy durang

Yirik turnirlarda debyut qilgan Gurjiston Yevropa chempionatidagi ilk ochkosini qo‘lga kiritdi. Jamoa qiyinchilik bilan bo‘lsa-da, Chexiya bosimiga dosh beroldi (1:1).

Uchrashuvning asosiy qahramoni — darvozabon Mamardashvili bo‘ldi, u o‘yin davomida 11 zarbani qaytardi. Opta ma’lumotiga ko‘ra, Georgiyning sa’y-harakatlari bilan Gurjiston darvozasiga kirishi kerak bo‘lgan 3,2 gol (xG) to‘xtatilgan. Bunday performansdan keyin unda «Valensiya»ni top-klubga almashtirish imkoniyati keskin ortdi.

Dastlabki nollar

Yulduzli nomlar maydonni golsiz tark etishga majbur bo‘lishdi. Fransuzlar ham, niderlandlar ham harchand harakat qilmasin, darvozani ishg‘ol eta olishmadi. Yakunda Yevro-2024 davomidagi ilk nursiz durang qayd etildi.

Bundan tashqari, o‘ziga xos seriya barham topdi: bunga qadar Yevropa chempionatida 0:0 hisobi 2021 yilda Angliya va Shotlandiya milliy jamoalari o‘yinida qayd etilgandi. Shundan keyin turnirda keyingi golsiz duranggacha roppa-rosa 50 o‘yin o‘tkazilgandi.

Krishtianu va uning navbatdagi yutug‘i

Har safar Ronaldu hali ham zabt etmagan rekordlari borligi bilan hayratga solmoqda.

Turkiya bilan o‘yinda 39 yoshli forvard uchinchi golda uzatma berib, Yevro tarixidagi eng yaxshi assistentga aylandi. Krishtianu uchun bu Yevroning final qismlaridagi 27 o‘yinda yettinchi bor golga hammulliflik qilishidir. U chexiyalik Karel Poborskini (6 assist) ortda qoldirdi. Bundan tashqari, Ronaldu — Yevrolarda assist amalga oshirgan eng yoshi katta futbolchi sifatida ham tarixga kirdi.

Eng hayratlanarli tomoni — Ron o‘zi uchun noodatiy holda golli uzatma berdi: 2 ga 1 vaziyatda o‘zi ham gol urishi oson bo‘lgan holatda to‘pni Brunu Fernandeshga tashlab berdi. Ronaldu yoshi ulg‘aygan sayin muxlislarga yanada ko‘proq yoqib bormoqda.

Darvozabonning golli uzatmasi

Belgiya milliy jamoasi Ruminiya ustidan muhim g‘alabaga erishdi: Tilemansning tezkor golidan keyin ikkinchi bo‘lim oxirida de Bryuyne «qizil iblislar» ustunligini mustahkamladi, u jarima maydoniga yorib kirdi va yakkama-yakka vaziyatdan foydalandi.

Ikkinchi gol urilgan epizodda pasni belgiyaliklar posboni Kastels berdi, uning uzatmasi butun maydon bo‘ylab o‘tdi. U Kurtua jamoaga chaqirilmaganidan keyin birinchi raqamni olgan darvozabon.

Qayd etamiz: Yevro-2024 chempionatida darvozabonlarning ilk samarali golli harakati.

Omadsiz Lukaku

Romelu Germaniyadagi turnirda ham memlar qahramoni bo‘lishda davom etmoqda. Slovakiya bilan o‘yinda (0:1) undan ikki golni tortib olishdi, Ruminiyaga qarshi o‘yinda — yana bitta. Va barcha holatlarda VAR aralashuvidan keyin.

U hech qanaqasiga gol ura olmayapti. Bu — tavqi la’natmi yoki shunchaki omadi kelmayaptimi? Ushbu hujumchi uchinchi turda porlashi ham mumkin, ammo hozircha shunday: VAR — Lukaku 3:0.

Kante hali ham top darajada!

Ko‘plar ushbu yarimhimoyachi Fransiya milliy jamoasiga chaqirilganiga ishonchsizlik bilan qaragandi. 33 yoshli futbolchi nafaqat Saudiya Arabistoni chempionatidan Yevroga chaqirildi — u jamoaga ikki yillik tanaffusdan keyin qaytgandi. Vaqt ko‘rsatdiki, Dide Desham bu masalada mutlaqo haq bo‘lgan.

Ikki o‘yinda Kante 90 daqiqadan harakat qildi, hammayoqqa ulgurdi va maydon markazini eng yaxshi yillaridagi kabi betonlab tashladi. Tabiiyki, uning muvaffaqiyatini e’tiborsiz qoldirib bo‘lmasdi.

Ngolo bu turnirda qatorasiga ikki bor o‘yinning eng yaxshisi deb topilgan ilk futbolchisi bo‘ldi. Aftidan, Saudiya Arabistoniga ketishi ushbu doimo tabassum qilib turuvchi yigitga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan.

Mavzuga oid