Hukumat Mikrokreditbankka 2 trln so‘mdan ko‘p mablag‘ ajratdi
Mikrokreditbank ustav kapitalini oshirish uchun joylashtirgan aksiyalarni Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi donasini 1068 so‘mdan sotib oldi. Bu – bankning birjadagi aksiyalari bahosidan qariyb 12 foizga qimmat. Iqtisodchi Otabek Bakirov bu holatni budjet tanqisligi sharoitida “samarasiz kanallar orqali pul sochish” deb atadi.
Mikrokreditbank ustav kapitalini oshirish uchun davlat mablag‘lari hisobidan jami 2 trln 23 mlrd so‘m yo‘naltiriladi. Bu haqda Korporativ axborot yagona portaliga joylashtirilgan bank umumiy yig‘ilishi qarorida keltirib o‘tilgan.
Qayd etilishicha, 1 893 791 781 dona oddiy hujjatsiz shakldagi qo‘shimcha aksiyalarni joylashtirish ko‘zda tutilgan.
Iqtisodchi Otabek Bakirovning e’tibor qaratishicha, Mikrokreditbank ustav kapitalini oshirish uchun Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan 790 mlrd so‘m, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan 1 trln 233 mlrd so‘m yo‘naltiriladi. Aksiyalar yopiq obuna orqali, bitta aksiya uchun 1068 so‘m to‘lov hisobida joylashtiriladi.
“Endi e’tibor qarating, iyun oyi davomida Mikrokreditbank aksiyalari birjada 941 so‘mdan sotilgan. O‘zim juma kuni sinamoqqa aksiya olib ko‘rdim. 960 so‘mdan. O‘zi bu narxlar ham aksiyalar likvidligi o‘ta pastligidan va spekulyativ omil tufayli shakllangan (erkin bozor sharoitida real narxi nominalining yarmiga bormaydi)”, deya yozdi Bakirov.
Iqtisodchiga ko‘ra, hukumat bank aksiyalarini birja o‘rtacha narxida sotib olgan taqdirda ham, kamida 250 mlrd so‘m tejashi va tejalgan mablag‘ hisobidan eng zamonaviy 10 ta maktab qurishi mumkin edi.
Otabek Bakirov, inflatsiya tezlashganiga qaramay, oxirgi 4 yilda birinchi marta budjet xodimlari oyligi, pensiya va nafaqalar joriy yilning birinchi yarmida oshirilmagani, bu davlat budjetidagi og‘ir vaziyat bilan bog‘liqligini ta’kidlab, shunday sharoitda dividend to‘lamaydigan, kapital rentabelligi 0,5 foiz bo‘lgan bankka mablag‘ kiritilayotganini tanqid qildi.
Uning fikricha, “hukumat bir qo‘li bilan tejamkorlik qila turib, shu paytning o‘zida ikkinchi qo‘li bilan samarasiz kanallar orqali pul sochmoqda”.
Avvalroq Mikrokreditbank Toshkent markazidagi Aloqabank va Raqamlashtirish vazirligi binolarini 387 mlrd so‘mga sotib olgandi.
Bir necha marotaba ortga surilgan banklarni xususiylashtirish dasturi
Markaziy bank departamenti direktori Sanjar Nosirov 2021 yilda “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida 6 ta bank xususiylashtirishga tayyorlanishi, 1ta bankni strategik investorlarga sotish bo‘yicha choralar ko‘rilishini ma’lum qilgandi.
2022 yilning mart oyida “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini yanada qisqartirish va xususiylashtirishni jadallashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarori imzolangandi. Unda quyidagilar nazarda tutilgandi:
- 2022 yil 1 oktyabrga qadar — Qishloqqurilishbank (hozirgi Biznesni rivojlantirish banki)ning aksiyalarini ommaviy joylashtirish (IPO);
- 2022 yil yakuniga qadar — Xalqaro moliya korporatsiyasi, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda Osiyo taraqqiyot bankini jalb qilgan holda Sanoatqurilishbank va Asakabankning davlat ulushlarini savdoga chiqarish;
- 2023 yil 1 iyulga qadar — Xalq banki, Mikrokreditbank, Aloqabank, Agrobank, Milliybanklarning aksiyalarini fond birjasi orqali ommaviy joylashtirish (IPO).
2022 yil noyabr oyida bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov O‘zbekiston iqtisodiy forumidagi chiqishida “5 yildan keyin mamlakatda davlatga qarashli faqat bitta bank bo‘lishi”ni aytgandi.
2023 yilning 31 iyul kuni bir qancha yirik banklar xususiylashtirish muddatlarini uzaytirish to‘g‘risida farmon imzolandi. Hujjat bilan:
- 2022 yil 1 oktyabrga qadar rejalashtirilgan Qishloq qurilish bank aksiyalari IPO'si 2024 yil 1 martga ko‘chirildi;
- Asakabankni xususiylashtirish 2025 yil oxiriga rejalashtirildi (bu muddat 2023 yil oxirigacha etib belgilangan edi);
- 2025 yil 1 yanvarga qadar (2023 yil 1 iyulgacha edi) Xalq banki, Mikrokreditbank, Aloqabank, Agrobank va Milliybank aksiyalari fond birjasida IPO o‘tkazishi rejalashtirilgan.
Markaziy bank rahbari Mamarizo Nurmurodov xususiylashtirish jarayonining kechikishiga O‘zbekiston banklarining tayyorgarligi emas, balki xalqaro moliyaviy tanglik ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidlab o‘tgandi.
“Bu nafaqat bizning xohish va ehtiyojlarimizga, balki xorijiy investorlarning ishonchiga ham bog‘liq. Ochiq aytaman, 2022 yildagi geosiyosiy inqiroz possovet mamlakatlari bozorlariga xorijiy investorlarning kirib kelishini cheklab qo‘ydi”, degandi MB raisi 2023 yilning iyul oyida o‘zkazilgan matbuot anjumanida.
Ma’lumot uchun, o‘tgan davr mobaynida faqatgina 2 ta davlat banki: Ipotekabank (Vengriyaning OTP banki sotib oldi) va O‘zagroeksportbank (Olimjon Shodiyevga tegishli Support Level MChJsotib oldi) xususiylashtirildi.
Shu tariqa, hukumatning 2025 yilda bank sektoridagi davlat ulushini 40 foizgacha kamaytirish rejalari amalga oshmayapti.
Avvalroq, S&P xalqaro kredit reyting agentligi O‘zbekiston bank tizimida umumiy aktivlarning 67 foizi davlat banklariga tegishli ekani, hukumatning imtiyozli kreditlash dasturlari esa samaradorlikka ta’sir qilayotganini qayd etib o‘tgandi.
Mavzuga oid
12:40 / 19.11.2024
2025 yilda tuman va shaharlar budjetlari 1,5 barobarga oshadi
14:37 / 18.11.2024
Budjet xarajatlari ustidan parlament nazorati deyarli sezilmayapti - prezident
19:18 / 05.11.2024
O‘zbekistonning 2025 yil uchun davlat budjeti loyihasi e’lon qilindi. Asosiy ma’lumotlar
17:50 / 30.10.2024