Qozog‘istonda xotinini o‘ldirgan sobiq vazirga nisbatan hukm o‘zgarishsiz qoldirildi
26 iyun kuni Ostona apellyatsiya sudi Qozog‘istonning sobiq milliy iqtisodiyot vaziri Quvondiq Bishimbayevga nisbatan birinchi instansiya sudi qarorini o‘zgarishsiz qoldirdi.
Bishimbayev xotini Saltanat Nukenovani o‘ldirganlikda aybdor deb topilib, 13 may kuni 24 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan, shundan keyin hukm ustidan shikoyat bergan edi. Uning advokati endilikda Oliy sudga shikoyat kiritilishini bildirdi.
Apellyatsiya sudi sobiq vazirdan tashqari, uning qarindoshi Baxitjon Boyjonovga berilgan jazoni ham o‘zgarishsiz qoldirdi. Boyjonov o‘ta og‘ir jinoyatni yashirishda aybdor deb topilib, 4 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.
2016 yil may–dekabr oylarida Qozog‘iston Milliy iqtisodiyot vazirligini boshqargan Quvondiq Bishimbayev Ostonadagi “Gastrosentr” majmuasida xotinini kaltaklab o‘ldirganlikda gumonlanib 2023 yil noyabrda hibsga olingan edi. Oradan 2 kun o‘tib, “Gastrosentr” direktori Baxitjon Boyjonov ham qamoqqa olingan.
Bu jinoyat Qozog‘istonda katta rezonansga sabab bo‘ldi va uning fonida mamlakatda oiladagi zo‘ravonlikka qarshi choralarni kuchaytirish bo‘yicha yangi qonun qabul qilindi.
Ma’lumot uchun, Bishimbayev bundan avval korrupsion jinoyat uchun ham sudlangan. U 2018 yil mart oyida pora olishda aybdor deb topilib, 10 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Lekin 2019 yil fevralida u davlat rahbari tomonidan afv etilib, o‘sha yilning oktyabrida muddatidan oldin shartli ozodlikka chiqarilgan.
Mavzuga oid
12:47
Qozog‘iston Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli harbiy va fuqarolik obektlari xavfsizligini kuchaytirdi
12:33 / 21.11.2024
Qozog‘iston holdingi O‘zbekistondan 169 nafar mutaxassisni ish bilan ta’minlaydi
16:29 / 19.11.2024
Qozog‘istonda magistral yo‘lda o‘rtacha tezlikni oshirganlar jarimaga tortiladi
20:59 / 18.11.2024