Iqtisodiyot | 11:50 / 27.06.2024
7096
2 daqiqa o‘qiladi

Energetika vazirligi gaz qazib olish qisqarganiga izoh berdi

Gaz qazib olish hajmining qisqarishiga Qandim gazni qayta ishlash zavodi va “Jarquduq” gazni kompleks tayyorlash qurilmasidagi ta’mirlash ishlari sabab bo‘lgan. Vazirlikka ko‘ra, narxlarning qimmatlashgani aholining elektrdan tejamkorlik bilan foydalanishiga ta’sir ko‘rsatyapti. 

Foto: O‘zbekneftgaz

Kun.uz Statistika agentligining oylik hisobotiga tayanib, 2024 yilning 5 oyida gaz qazib olish 5,2 foizga, elektr energiyasi ishlab chiqarish 1,3 foizga yoki 426 mln  kWh’ga kamaygani haqida xabar bergandi. Energetika vazirligi mazkur holat yuzasidan izoh berdi.

Qayd etilishicha, 2024 yilning may oyida respublikada 6,1 mlrd kWh elektr energiyasi ishlab chiqarilgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 337,9 mln kWh yoki 5,8 foizga ko‘p.

O‘z navbatida iste’molchilarga 5 mlrd kWh elektr energiyasi yetkazib berilgan. Bu 2023 yilning mos davridagiga nisbatan 297,1 mln kWh yoki 5,7 foiz kam. Xususan, iqtisodiyot tarmoqlariga — 3,7 mlrd kWh (92,2 mln kWh ko‘p), aholiga — 1,2 mlrd kWh (393,7 mln kWh kam) elektr energiyasi yetkazib berilgan.

Vazirlikning izohlashicha, narxlarning qimmatlashgani aholining elektrdan tejamkorlik bilan foydalanishiga sabab bo‘lgan.

“Bugungi kunda yurtimizda elektr energiya ishlab chiqarish bilan bog‘liq hech qanday muammo yo‘q”, deyiladi vazirlik xabarida.

Shuningdek, may oyida 3 mlrd 554,8 mln kub metr tabiiy gaz qazib olingan. Bu o‘tgan yilning mos davridagiga nisbatan 41 mln kub metrga kam.

“Tabiiy gaz qazib chiqarish hajmining kamayishi Qandim gazni qayta ishlash zavodi va «Jarquduq» gazni kompleks tayyorlash qurilmasida rejaviy ta’mirlash ishlari va boshqa texnologik sabablarga ko‘ra yuzaga kelgan”, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, 2022 yilda ham gaz qazib olish 53,8 mlrddan 51,67 mlrd kub metrgacha yoki 4 foizga, 2023 yilda esa 51,67 mlrddan 46,71 mlrd kub metrgacha yoki 9,6 foizga qisqargan.

Mavzuga oid