O‘zbekiston | 20:05 / 27.06.2024
4346
2 daqiqa o‘qiladi

Qator hududlarda o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan firibgarlar ushlandi

O‘qishga kiritib qo‘yish va’dasi bilan Farg‘onada 4500 dollar, Andijonda 2000 dollar, Qoraqalpog‘istonda 14 mln so‘m olgan shaxslar ushlandi.

Foto: Bosh prokuratura departamenti axborot xizmati

O‘zbekistonning qator hududlarida o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan firibgarlar ushlandi, deb xabar bermoqda Bosh prokuratura departamenti axborot xizmati. 

Unga ko‘ra, Bosh prokuratura huzuridagi departament hamda DXXning Farg‘ona viloyati boshqarmalari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Fuqaro I.O. fuqaro Sh.Yu.ning ishonchiga kirib, unga tanishlari yordamida qo‘shni Qirg‘izistondagi oliygohlarda o‘qiganlik haqida soxta hujjat tayyorlab,  uning o‘qishini Namangan viloyatidagi nodavlat oliy ta’lim muassasasiga ko‘chirib berish evaziga 4 500 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shu kabi, departamentning Qo‘rg‘ontepa tuman bo‘limi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqarolar P.X. va X.A. oldindan o‘zaro oldindan til biriktirib, fuqaro A.T.ning ishonchiga kirib, uni 4 000 AQSh dollari evaziga yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari yordamida Jizzax davlat universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yishlarini aytib, oldindan 2 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Departamentning Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi, DXX va IIV xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa, fuqaro A.U. fuqaro G.U.ning ishonchiga kirib, unga qo‘shni Qozog‘iston Respublikasidagi institutda o‘qiyotgani to‘g‘risida hujjatlarni tayyorlab berish orqali Qoraqalpoq davlat universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yishi evaziga 14 million so‘mni firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid