Jahon | 14:35 / 27.06.2024
13289
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda Chevrolet avtomobillarining sotuvi qariyb 3 barobarga qisqardi

2024 yilning 5 oyida Qozog‘istonda Chevrolet brendi ostida 6159 dona avtomobil sotilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davrida 17 ming 636 donani tashkil qilgan. Qozog‘iston UzAuto Motors’ning eng katta eksport bozori hisoblanadi.

Foto: businessmir.kz

2024 yilning may oyida Qozog‘istonda 12 032 dona yangi yengil avtomobil sotilgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 13,2 foizga kam.

Xususan, o‘tgan oy davomida qo‘shni respublikada Chevrolet brendi ostida 1345 dona avtomobil sotilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning may oyida 3300 donani tashkil qilgan.

2024 yilning yanvar-may oylaridagi umumiy ko‘rsatkich esa 6159 donani tashkil etgan. Taqqoslash uchun, o‘tgan yilning dastlabki 5 oyi davomida qo‘shni respublikada 17 636 ta Chevrolet avtomobili xarid qilingan.

E’tiborga molik jihati, Xitoy brendlarining Qozog‘iston avtomobil bozoridagi ulushi oshib boryapti. Xususan, Chevrolet, Hyundai va Kia sotuvi pasayib borayotgan bo‘lsa, Chery, Jac, Changan, Geely, Haval, Tank va boshqa brendlarning savdo hajmi ko‘paygan.

Ma’lumot uchun, Qozog‘iston UzAuto Motors’ning eng katta eksport bozori hisoblanadi. O‘tgan yil davomida o‘zbekistonliklar uchun hamyonbop avtomobillarga kontraktatsiya yopiq bo‘lgan paytda ham, qozog‘istonliklarga chegirmalar bilan yoki bo‘lib to‘lab olib chiqib ketish shartlari asosida ham mashina yetkazib berilgan edi. Kompaniya o‘z rasmiy sahifalarida “Chevrolet Qozog‘iston bozorida liderlikda davom etadi” sarlavhasi bilan xabarlar ham joylashtirgandi. Joriy yilda ushbu liderlik Hyundai va Kia’ga boy berilgan.

Mavzuga oid