O‘zbekiston | 13:24 / 28.06.2024
5234
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatida aholidan chiqindilarni sotib olish shoxobchasi tashkil etildi

Angren shahrida aholidan qayta ishlanadigan chiqindilarni xarid qilish shoxobchasi barpo etildi. 

Foto: Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish respublika markazi

Toshkent viloyati Angren shahrida aholidan qayta ishlanadigan chiqindilarni xarid qilish tajribasi yo‘lga qo‘yildi

Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish respublika markazi xabariga ko‘ra, Angren shahri «Nurchi» MFYda joylashgan Zero waste davlat-xususiy sheriklik bitimi asosidagi sanitar tozalash korxonasiga qarashli hudud aholisiga xizmat ko‘rsatuvchi zamonaviy chiqindi yig‘ish shoxobchasida qurildi. Bu yerda respublikada ilk bor ilgari surilayotgan — aholidan qayta ishlanadigan chiqindilarni xarid qilish tajribasi yo‘lga qo‘yildi.

Zamonaviy chiqindi yig‘ish shoxobchasi qurilishida, asosan, chiqindiga aylangan yuk tashishga mo‘ljallangan konteynerlar, shisha idishlar kabi foydalanishdan chiqarilgan xomashyolardan foydalanilgan. Chiqindi yig‘ish maydonchasini elektr bilan ta’minlash uchun quyosh panellari o‘rnatilgan. Shoxobchada ishchi-xizmatchi yashashi va ishlashi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Do‘kon ham tashkil etilgan.

2024 yil 4 yanvarda prezidentning «Chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va ularning ekologik vaziyatga salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida» farmoni qabul qilingan. 

Unga ko‘ra, 2024−2026 yillarda Toshkent, Angren va Buxoro shaharlari hamda Toshkent tumanida chiqindilarni «qayta ishlanadigan», «qayta ishlanmaydigan» va «oziq-ovqat» toifalariga saralagan holda yig‘ish bo‘yicha tajriba o‘tkazilishi hamda ushbu turdagi chiqindilarni yig‘ish uchun alohida paketlar aholiga bepul berilishi qayd etilgan.

Ko‘p qavatli uylar joylashgan hududlarda chiqindi yig‘ish maydonlarida «qayta ishlanadigan» toifaga mansub chiqindi turlari aholidan sotib olinishi belgilangan.

Mavzuga oid