O‘zbekiston | 21:48 / 28.06.2024
4678
5 daqiqa o‘qiladi

Turkiy davlatlar tashkiloti huzurida Logistika markazlari va yuk tashuvchilar alyansi ta’sis etildi

Yangi Alyans orqali turkiy davlatlarni o‘zaro bog‘laydigan transport infratuzilmalarini yaratish, biznes strukturalarini o‘zaro bog‘lash hamda muammolarga hamkorlikda yechimini topishga umid bildirilmoqda.

O‘zbekiston Turkiy davlatlar tashkilotiga 2019 yilda to‘laqonli a’zo bo‘lgan edi. Bugungi kungacha esa ushbu tashkilot doirasida bir qancha muhim loyihalar amalga oshirildi. Jumladan, Toshkentda 28 iyun kuni Turkiy davlatlar tashkiloti huzurida Logistika markazlari va yuk tashuvchilar alyansi ta’sis etilishiga bag‘ishlangan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Ushbu alyans tashkil etilar ekan, davlatlar o‘z loyihalarini qanday moliyalashtiradi va investitsiyalarni qanday jalb etadi? Bundan tashqari, Ozarboyjon, Turkiya va Markaziy Osiyoni bog‘lovchi Zangezur koridori haqida ham so‘z yuritildi.

Biz esa bir qancha savollar bilan bugungi uchrashuv ishtirokchilari va tashkilotchilariga yuzlandik.

— Yangi loyiha boshlanar ekan, unga investitsiya jalb qilish kabi masalalar turadi. Logistika markazlari qurish uchun zarur bo‘lgan investitsiyalar hajmi hisoblanganmi, ular qanday moliyalashtiriladi?

Bekzod Xolmatov, Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini o‘rganish markazi direktori: — Bugungi tadbir asosan alyansni tashkil etish bo‘yicha o‘tkazildi. Xususiy sektor vakillari tomonidan alyans tashkil etildi logistika markazlari va yuk tashuvchilar o‘rtasida.

Investitsiya kiritish biznes vakillari, ya’ni xususiy sektor tomonidan amalga oshiriladi. Alyansning keyingi yig‘ilishlarida qaysi loyihalarni amalga oshirish qiziqroq bo‘ladi, bir nechta tadbirkor tomonidan o‘sha loyihani amalga oshirish masalalari ko‘riladi. Shuning uchun bu platforma logistika sohasidagi biznes vakillarini birlashtirib, loyihalarni hamjihatlikda amalga oshirish imkonini beradi.

Hozircha qaysi logistika markazi aynan qayerda qurilishi, hisob-kitoblari haqida ma’lumotlar yo‘q. Lekin bu narsa turkiy davlatlarni o‘zaro bog‘laydigan transport infratuzilmalarining yaratilishida va alyansning bevosita yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

— Maqsad va strategiyalar haqida ma’lumot bormi?

Bekzod Xolmatov: — Tashkil etishdan asosiy maqsad — biznes strukturalarini o‘zaro bog‘lash, hamkorlikda ishlab, muammolar yechimini topib, birga rivojlantirish. Raqobat o‘z yo‘liga, lekin birgalikda qilinadigan ishlar bor.

Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi o‘rinbosari tomonidan ham takliflar berildi. Masalan, yuk hujjatlarini raqamlashtirishda hamkorlik, Boku kemasozlik korxonasida ishlab chiqariladigan kemalarni hamkorlikda qurish, turkiy davlatlar logistika markazlarini bog‘lagan terminal qurish kabi takliflar bo‘ldi. 

— Ko‘plab tahlilchilar Zangezur koridorini turkiy dunyo eshigi deydi. Turkiy davlatlar logistik alyansida Zangezur koridorining roli qanday?

Xudayar Hasanli, Boku xalqaro dengiz savdo porti bo‘lim boshlig‘i: — Intervyu uchun minnatdorchilik bildiraman.

Ozarboyjon G‘arbiy davlatlarga Gruziya orqali Qora dengizga chiqish imkoniyatiga ega. Bu barcha koridor o‘yinchilari uchun, shu jumladan Ozarboyjon, Markaziy Osiyo va Turkiya uchun ham, umuman turkiy dunyo uchun ajoyib imkoniyat.

Zangezur koridorini rivojlantirish bo‘yicha ikki xil yondashuv mavjud. Birinchisi, global logistika uchun, ikkinchisi esa mintaqaviy logistika salohiyati uchun.

Masalan, Xitoydan Qora dengizga, Gruziya portlariga, Ozarboyjonga, Markaziy Osiyoga ulanish uchun katta imkoniyat.

Biz kamida ikki hafta vaqt va narx tejashni maqsad qilyapmiz va ularni Turkiyaning janubi Mersin portlariga ulash uchun sharqdagi yo‘nalishlaridan foydalanamiz, Mersindan Markaziy Osiyo, Xitoydan okean transporti orqali Ozarboyjonga ulash ham mumkin. Bu barcha mintaqaviy mamlakatlar uchun juda samarali yo‘nalish bo‘ladi.

Shuningdek, Zengezur koridori mamlakatlarimiz iqtisodiyoti rivojlanishiga hissa qo‘shadi. 

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid