Jahon | 18:25 / 02.07.2024
5365
5 daqiqa o‘qiladi

“Eron prezidentligiga nomzodlarga aholi ishonchiga kirish uchun vaqt kamlik qildi” - Azim Umidiy

Eronning “Tasnim” yangiliklar agentligi xalqaro ishlar bo‘yicha direktori Azim Umidiyga ko‘ra, prezident 2-turda aniqlanishi avvaldan kutilgan edi, chunki 50 kun ichida saylovni o‘tkazish oson ish emas, nomzodlar uchun bu muddat yetarli bo‘lmadi, deydi u Kun.uz bilan suhbat chog‘ida.

Prezident Ibrohim Raisiyning vafotidan 50 kun o‘tib, Eronda navbatdan tashqari prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tdi.

Avvaliga prezidentlikka nomzod bo‘laman deganlar anchagina edi, lekin davlat qonun-qoidalariga muvofiq, Konstitutsiya qo‘riqchilari kengashi va oliy diniy rahnamo tasdig‘idan faqat 6 nafar nomzod o‘ta oldi. Saylovdan avval esa ikki nomzod, jumladan marhum Raisiyning o‘rinbosarlaridan hisoblangan vitse-prezident Qozizoda Hoshimiy poygadan chiqdi. 28 iyun kungi saylovda biror nomzod ko‘pchilik ovozni to‘play olmadi va ikkinchi tur bo‘lib o‘tishi ma’lum qilindi.

Dastlabki natijalarga ko‘ra, islohotchilardan yagona nomzod bo‘lgan Mas’ud Pezeshkiyon 42,5 foiz ovoz bilan yetakchilik qildi. Konservatorlardan Said Jaliliy 38,5 foiz ovoz bilan 2-o‘rinni oldi. Muhammad Bag‘yer G‘olibof va Mustafo Pirmuhammadiylarga esa juda kamchilik ovoz bergan. 5 iyul, juma kuni nisbatan ko‘p ovoz to‘plagan Pezeshkiyon va Jaliliylar g‘oliblik uchun kurashadi.

Eronning “Tasnim” yangiliklar agentligi xalqaro ishlar bo‘yicha direktori Azim Umidiyga ko‘ra, prezident ikkinchi turda aniqlanishini avvaldan taxmin qilish mumkin edi. Chunki 50 kun ichida saylovni o‘tkazish oson ish emas, nomzodlar uchun bu muddat yetarli bo‘lmadi, deydi Umidiy Kun.uz bilan suhbat chog‘ida.

Birinchidan, Eron prezidentini fojiali tarzda yo‘qotgani stressidan hali xalos bo‘lganicha yo‘q. Konstitutsiyaga ko‘ra, 50 kun ichida yangi prezident tanlanishi kerak. Bu hukumat uchun ancha qiyin vazifa va kam muddat hisoblanadi. Nomzodlarga kelsak, 6 nafari tanlangandi, 2 tasi saylovga 1 kun qolganda poygasi yakunlanganini ma’lum qildi. Sababi – ular xalq orasida siyosiy mashhurlikka erishib ulgurmadi. Lekin asosiy sabab bu emas. Ularning ikkalasi ham konservatorlardan, ular o‘z partiyadoshlariga kengroq imkon berish uchun saylovdan voz kechishga majbur bo‘ldi. Buni men Eron siyosiy tizimidan kelib chiqib normal qaror deya olaman, chunki nomzodlar partiyasi ichki kelishuvdan keyin shu yo‘lni tanlagan”, – deya ta’kidladi Umidiy.

Qator manbalar saylovda yetakchilik qilayotgan Pezeshkiyon o‘zini islohotchilardan qilib ko‘rsatsa-da, u oliy diniy rahbarga sodiq ekanini, va’da qilayotgan islohotlar paketi amalga oshmasligini yozmoqda. BBC telekanaliga ko‘ra, Pezeshkiyonning Eronda ayollar qoida asosida kiyinishiga qattiq qaraydigan axloq politsiyasi xatti-harakatlariga qarshi gaplari aholi o‘rtasida mashhurlikka erishgan. Sharhlovchilarga ko‘ra, bu – Eron va davlatning ohangi o‘zgarmaydi.

Eronda bugun 61,5 million fuqaro ovoz berish huquqiga ega. Lekin saylovda bor-yo‘g‘i 40 foiz aholi qatnashgan. Bu 1979 yilgi inqilobdan beri eng kam natija degani. Oliy hokimiyat egasi Xominaiy esa saylovdan avval odamlarni faol bo‘lishga bot-bot chaqirgan edi. CNN'ga ko‘ra, Eron fuqarolari bu saylovda juda passiv. Xalq saylov va kim prezident bo‘lishiga befarqlik bilan qaramoqda. Demokratiyaga ishonch eng quyi darajada, xalq ishtiroki bu davlatchilik mohiyati, Islom respublikasining jahondagi mavqeini belgilab beradi, deya xabar bergan telekanal.

Bugun Vashingtonda yashayotgan Xalqaro siyosat markazining katta ilmiy xodimi, eronlik tahlilchi Sina Toossining fikricha, Pezeshkianga saylovda qatnashish ruxsati jarayonni biroz bo‘lsa-da qiziqroq tusda o‘tishi sharti bilan berilgan. Bu saylovni yanada dinamik, jozibador qilish strategiyasi, deydi tahlilchi.

Shohrux Majidov suhbatlashdi.

Mavzuga oid