Jahon | 08:37 / 02.07.2024
6121
3 daqiqa o‘qiladi

Turkiya shaharlarida suriyalik migrantlarga qarshi norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tmoqda

Barchasiga suriyalik migrantlardan biri 5 yoshli qizchaga shahvoniy tajovuz qilib, uni videoga olib tarqatganidan boshlangan. Asosan Suriya bilan chegaradosh shaharlarda jahl otiga mingan turklar suriyalik qochqinlarni urishgan, ularga tegishli avtomobillarni yoqib, do‘konlarni toshbo‘ron qilishgan.

​​​​​​​Foto: Reuters

Mudhish voqea Qaysari shahrida sodir bo‘lgan. Eng avvalo 1 iyulga o‘tar kechasi Qaysarida tartibsizliklar uyushtirilgan. Jahl otiga mingan turklar ko‘chalarda suriyalik migrantlarni tutib urishgan. Fuqarolar suriyalik migrantlar to‘plangan gettolarga bostirib kirishgan. Ularga tegishli avtomobillarni ag‘natib, yoqishgan. Do‘konlariga hujum qilishgan. Uylar va do‘konlarga o‘t qo‘yilgan. O‘t o‘chiruvchilarning mashinalarini o‘rab olib, voqea joyiga kiritishmagan.

Hukumat norozilik namoyishlarni bostirish uchun qo‘shimcha kuchlardan foydalangan.

Suriyaning muxolifatchi kuchlar nazorati ostidagi shimoliy qismlarida ham bunga javoban noroziliklar bo‘lib o‘tgan. Ular shaharlarda osig‘liq turgan Erdo‘g‘an suratlari va Turkiya bayroqlarini yirtishgan, yoqishgan va toptashgan. Turk harbiylariga hujumlar qilishgan. Hattoki bir joyda Kirpi harbiy mashinasini egallab olishgan.

Masalan, Suriyaning Afrin shahrida ko‘cha janglarida 7 kishi halok bo‘lgani va 25 kishi yaralangani ma’lum qilinmoqda.

Turkiya Suriya shimolidagi qurollangan muxolif guruhlar nazorati ostida bo‘lgan hududlarda mobil internet aloqasini to‘liq uzib qo‘ygan, deb habar beradi Sky News Arabic.

Turkiya armiyasi aksil turk isyonni bostirish uchun Suriya shimoliga qo‘shimcha kuchlar jo‘natgan. Chegaradagi barcha o‘tkazish darvozalari yopilgan. Barcha davlat xizmatchilari va hukumat mulozimlariga shimoliy Suriyani zudlik bilan tark etish buyurilgan.

Suriyaliklarning e’tirozidan xabar topgan turklarning bir guruhi chegaradagi O‘nchupinar darvozasi tomonga yo‘nalgan. Ular Suriyaga kirib, o‘sha yerda suriyaliklarning ta’zirini berib qo‘yishga harakat qilishgan.

Suriyaliklarga qarshi reydlar Hatay, Antaliya, G‘oziantep, Ko‘nya, Qaysari kabi shaharlarda bo‘lib o‘tgan. Hatayning Rayhonli shahrida minglab mahalliy aholi ko‘chaga to‘planib, “Mamlakatda migrantlarni ko‘rishni istamaymiz”, deb baqirishgan.

Mavzuga oid