Jamiyat | 19:04 / 03.07.2024
46409
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiylik abituriyent qiz muddatidan oldin maksimal ball to‘pladi

Qiziltepa tumani Sheyxon qishlog‘idan bo‘lgan Munavvara Cho‘liyeva 6 ta fandan milliy sertifikat olib, kirish imtihonlari uchun oldindan maksimal 189 ball yig‘di. Endi u imtihon topshirishi shart emas.

Munavvara Cho‘liyeva

Navoiylik bitiruvchi qiz o‘zi o‘qimoqchi bo‘lgan yo‘nalish uchun barcha mutaxassislik va majburiy fanlardan milliy sertifikatni qo‘lga kiritdi. Bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligi ma’lum qildi.

Munavvara Cho‘liyeva Qiziltepa tumanidagi 17-umumta’lim maktabining 11-sinfini 2023/2024 o‘quv yilida bitirgan. U 10-sinfligida ingliz tilidan til sertifikati va bilogiya fanidan milliy sertifikatni qo‘lga kiritgan. 11-sinfda esa kimyo, o‘zbek tili va adabiyot, tarix va matematika fanlaridan milliy sertifikat oldi. U mutaxassislik fani sifatida biologiya va kimyo fanlarini tanlagan va bu fanlardan maksimal ball beradigan sertifikatga ega. Bunga qo‘shimcha ravishda majburiy fanlardan ham milliy sertifikatni oldi. Bu Munavvaraning muddatidan oldin oliy ta’lim muassasalariga kirishda to‘plash mumkin bo‘lgan (189 ball) maksimal ballga ega bo‘lganini bildiradi.

Ma’lumot uchun, tegishli tartibga ko‘ra, umumta’lim fanlaridan A+, A darajali milliy sertifikatga ega bo‘lgan abituriyentga bu fandan maksimal ball, B+, B, C+, C darajali milliy sertifikatlarga ega bo‘lgan abituriyentga esa tegishli majburiy fanlar bo‘yicha belgilangan eng yuqori ball beriladi.

Oldinroq, Munavvaraning 5 ta fandan milliy sertifikatni qo‘lga kiritib, 178 ballni to‘plagani va tibbiyot yo‘nalishini tanlamoqchi ekani haqida xabar qilingan edi.

Mavzuga oid