«Avval o‘t ochishni to‘xtatish kerak». Orban va Zelenskiyning Kiyevdagi muzokaralari qanday o‘tdi?
Vengriya bosh vaziri Viktor Orban Kiyevda Volodimir Zelenskiyga o‘t ochishni to‘xtatish va Vladimir Putin bilan muzokaralar stoliga o‘tirishni taklif etdi, bu bilan esa moskvaparast siyosatchi sifatidagi reputatsiyasini tasdiqladi. Orban Ukrainaga Vengriya yarim yil muddatga YeI kengashiga rahbarlikni o‘z zimmasiga olgan kunning ertasiga keldi. BBC ushbu tashrif yakunlari haqida yozdi.
«Tashrifning asosiy mavzusi — tinchlikka erishish imkoniyatlari», — deya uchrashuv kun tartibini tasvirlagandi Orbanning matbuot kotibi Bertalan Havashining so‘zlarini keltirgan holda Reuters agentligi.
«Bugun biz adolatli va uzoq muddatli tinchlikni qanday ta’minlash haqida gaplashamiz», — deya yozgandi Zelenskiy o‘z telegram-kanalida.
Ammo muzokaralar yakunlariga ko‘ra kelishuv istiqbollari haqida faqat Vengriya bosh vaziri bayonot berdi.
«Tinchlik bu — muhim masala. Sizlar yashayotgan urush sharoiti ayni paytda Yevropa xavfsizligiga ham intensiv ta’sir o‘tkazmoqda. Biz, albatta, janob Zelenskiyning tinchlikka erishish bo‘yicha barcha tashabbuslarini yuqori baholaymiz. Men Zelenskiyga bu tashabbuslar juda ko‘p vaqtni talab etishini aytdim. Aynan xalqaro diplomatiya qoidalariga ko‘ra ular juda murakkablashtirilgan», – deya Orbandan iqtibos keltirgan «Interfaks-Ukraina».
« Men Zelenskiydan boshqacha yo‘l tutish haqida o‘ylab ko‘rishni so‘radim: avval o‘t ochishni to‘xtatish, so‘ngra tinchlik haqida muzokaralar o‘tkazish. Chunki o‘t ochishning to‘xtatilishi bunday muzokaralarning tezlashishini ta’minlashi mumkin», – degan Orban muzokaralardan keyin o‘z tashabbusi mohiyati haqida.
Volodimir Zelenskiy Orbanning taklifiga javob bermagan, faqat ukrainlarning «tinchlik formulasi»ni muhokama qilish uchun Shveytsariyada o‘tkazilgan tinchlik sammitidagi kommyunikeni qo‘llab-quvvatlagani uchun Vengriyaga minnatdorchilik bildirgan.
«Formula»ning o‘nta punkti qatorida — Ukrainaning hududiy yaxlitligini tiklash, Rossiya qo‘shinini Ukraina hududidan olib ketish, Rossiyaga tovon puli to‘latib, jazolash kabilar o‘rin olgan.
Moskva esa o‘t ochishni to‘xtatish va muzokaralarni boshlashga tayyorligini ma’lum qilgan, ammo buning uchun Kiyevga qator shartlar qo‘ygan: ukrain qo‘shinlarini Luhansk, Donetsk, Zaporijjya va Xerson oblastlaridan olib chiqish, NATOga a’zo bo‘lish rejasidan voz kechish, Rossiyaga qarshi sanksiyalarni bekor qilish va hokazo.
G‘arblik ko‘plab sharhlovchilar fikricha, o‘t ochishni to‘xtatish Moskvaga shunchaki keyingi yurish oldidan nafas rostlash va kuch to‘plashga imkon beradi.
Ammo Orban o‘z tashabbusida qattiq turib olmadi va Ukrainaning argumentlarini qabul qildi, deya qayd etadi «Ukrainskaya pravda».
«Men prezidentdan uning bu masaladagi ochiq fikri uchun minnatdorman», — degan u va Zelenskiyning pozitsiyasini Yevroittifoqning boshqa yetakchilariga yetkazishni va’da qilgan.
Bu Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan buyon Moskvaning Yevropa ittifoqidagi asosiy ittifoqchisi sanaladigan vengrlar bosh vaziri ilk bor Kiyevga kelishi bo‘ldi. U o‘z lavozimidagi qariyb 10 yil davomida Ukrainaga kelmagandi.
Orban va Zelenskiyning bundan oldingi qisqacha uchrashuvi iyun oyi oxirida Bryusseldagi sammit doirasida bo‘lgandi, tarqalgan foto va videolarga qaraganda, o‘shanda tomonlar agar ziddiyat kirishmagan bo‘lsa, kamida hissiyotga erk berib gaplashishgandi. Aynan Vengriya biroz avvalroq Kiyev Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan tushgan daromadlardan foydalanishiga veto qo‘ygandi hamda Ukrainaning YeIga a’zoligi bo‘yicha muzokaralar boshlanishini bloklash bilan tahdid qilgandi.
Moskva bilan birga, Kiyevga yordamga qarshi
Orban Kiyevga Vengriya keyingi olti oy uchun YeI kengashiga raislik qilishni boshlaganidan bir kun o‘tib keldi. Bu yarim yillik Yevroittifoq uchun «sinov» bo‘ladi, deya mazkur rejali rotatsiyaga munosabat bildirgan Polsha bosh vaziri Donald Tusk, u Budapeshtning umumevropa siyosatining ko‘plab masalalaridagi alohida roli va pozitsiyasiga ishora qilgan.
Vengrlar bosh vaziri Moskva bilan alohida munosabatlarini yashirmaydi. Orban Rossiyaning keng ko‘lamli bosqinidan keyin Vladimir Putin bilan shaxsan ko‘rishgan (bu 2023 yl oktyabrida Xitoyda bo‘lgandi) va Vengriya hech qachon Rossiyaga qarshi turishni istamasligi hamda ikkitomonlama aloqalarni davom ettirishni xohlashini ochiq aytgan.
Yevroittifoq miqyosida Vengriya jang olib borayotgan Ukrainani qo‘llab-quvvatlash dasturlarini muntazam ravishda bloklab keladi, bunday masalalar bo‘yicha qaror esa bir ovozdan ma’qullashni talab etadi.
Aynan Budapeshtning vetosi Ukrainaga Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan tushgan daromadni yuborishni bir necha haftaga kechiktirgandi. Vengriya o‘z pozitsiyasini Kiyevga qurol yetkazib berilishiga sherik bo‘lib qolishni istamasligi bilan izohlagan.
Aynan Vengriya Ukrainaning Yevroittifoqqa a’zo bo‘lishi bo‘yicha muzokaralar boshlanishiga to‘sqinlik qilgan va bu formal talablarga javob bermasligini ro‘kach qilgandi. Yakunda Orban Kiyev Budapeshtning Ukrainaning Karpatortidagi vengrlar ozchiligi huquqlarini kengaytirish bo‘yicha talablari bajarilishi evaziga muzokaralar boshlanishini qo‘llab-quvvatlashga rozilik beradi.
Ma’lumki, Vengriyani ko‘ndirishga yoki unga bosim o‘tkazib, murosa yo‘lini topish yoki uning qarshiligini chetlab o‘tishga urinishlar yevropalik mulozimlar va diplomatlardan ko‘p kuch va vaqt talab etadi.
Ba’zida ular hiyla ishlatishiga to‘g‘ri keladi. Masalan, YeI yetakchilari Kiyev bilan Yevroittifoqqa a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralar jarayonini boshlash to‘g‘risida kelishi olishi kerak bo‘lganida, Germaniya kansleri Olaf Shols Orbanni «qahva ichib kelish»ga taklif qiladi — bundan qarorni vengrlar bosh vaziri yo‘qligida qabul qilish maqsad qilingandi, o‘z navbatida u ham bu qaror uchun ovoz bermaganini ayta olardi.
Endilikda, Vengriya vaqtincha YeI kengashiga rahbarlik qilayotganida, Orban Kiyev bilan munosabatlarni yaxshilashni xohlashi mumkin, deb hisoblaydi ukrainalik politolog Volodimir Fesenko. «Vengrlar bosh vaziri o‘z raisligini barbod qilmasligi, bu davrni mojaroli va alaloqibat muvaffaqiyatsiz o‘tkazmaslik uchun YeI raisi sifatida o‘z siyosiy vaznini namoyish etishi kerak», — deya uning so‘zlarini keltiradi «Ukrainskaya pravda».
Qo‘shnilar yoki do‘stlar
Orban Kiyevda 130 kilometrlik umumiy chegaraga ega bo‘lgan mamlakat bilan o‘zaro munosabatlarni ham muhokama qilishni rejalashtirgandi. Ikki yetakchining bayonotlariga qaraganda, muzokaralarning bu qismi yanada samaraliroq bo‘lishi mumkin.
Xususan, uchrashuv yakunlariga ko‘ra, Zelenskiy va Orban keng miqyosli ikki tomonlama hamkorlik bitim tayyorlanayotganini anons qilishgan. Orban Kiyev bilan munosabatlarni yaxshilashga va «kelishmovchiliklarni ortda qoldirish»ga tayyorligini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Vengriya Ukraina iqtisodiyoti modernizatsiyada ishtirok etishga tayyor.
Ukraina g‘arbida, Karpatortida yashovchi etnik vengrlar huquqlari masalasida ham o‘sish bor, degan Orban. Vengriyaliklar bosh vaziri Ukrainada etnik ozchilik sifatida ularning huquqlari poymol qilinishiga ishora qilgan, aynan shu tufayli u Yevroittifoqqa a’zolik bo‘yicha Kiyev va Bryussel o‘rtasidagi muzokaralar boshlanishini qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortgandi.
Qishda Vengriya Ukrainaga bu mavzuda 11 banddan iborat ro‘yxatni taqdim etgan, Ukraina bu oson bo‘lmasligini tan olgan holda, Budapeshtning talablarini bajarishga va’da qilgan. Bu talablar orasida — Ukraina parlamentida vengrlar ozchiligi vakiliga o‘rin kafolatlanishi, vengr tilidan saylovlar va siyosiy hayotda erkin foydalanishni ta’minlash, universitetlar va boshqa ta’lim muassasalarida o‘qitish tili sifatida vengr tili tanlovi bo‘lishi kabilar bor.
O‘z navbatida, Orban Vengriyada ilk ukrain maktabi ochilishini moliyalashtirishga va’da bergan.
Mavzuga oid
14:30 / 09.11.2024
Zelenskiy RF bilan xavfsizlik kafolatlarisiz sulh tuzishni rad etdi
10:42 / 08.11.2024
Zelenskiy Budapeshtda RFga yon bosmaslikka chaqirdi
09:08 / 08.11.2024
Zelenskiy: Kursk oblastidagi KXDR askarlari yo‘qotishlarga duchor bo‘lmoqda
10:29 / 07.11.2024