O‘zbekiston | 12:06 / 05.07.2024
18784
2 daqiqa o‘qiladi

Qarshida BYD Spark bilan to‘qnashdi. BYD viloyat hokimligiga tegishli bo‘lgan

Qarshi shahrida BYD Song Plus ortga qayrilib olmoqchi bo‘lgan Spark bilan to‘qnashdi. Spark haydovchisi shifoxonada vafot etdi. BYD Qashqadaryo viloyati hokimligiga tegishli bo‘lgan.

Foto: Videodan kadr

Qashqadaryo viloyati Qarshi shahri BYD Song Plus va Spark ishtirokida YTH sodir bo‘ldi. Qashqadaryo viloyati IIB YHXB hodisa yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi

Qayd etilishicha, voqea 4 iyul kuni soat taxminan 7:53 larda Qarshi shahri «Bo‘ston» MFY hududidan o‘tuvchi 4R-92 davlat ahamiyatdagi «Qarshi-Tallikuron-Kasbi-Jyeynov-Pomuq» avtomobil yo‘lining 2-kilometrida sodir bo‘lgan. Haydovchi o‘z boshqaruvidagi Spark mashinasida orqaga burilayotganida haydovchi X.L. boshqaruvidagi BYD Song Plus yo‘liga chiqib ketgan va to‘qnashuv yuz bergan. Spark qarama-qarshi yo‘nalishda kelayotgan Nexia bilan ham to‘qnashgan.

YTH oqibatda Spark haydovchisi R.A. tan jarohati olib shifoxonaga yotqizilgan, lekin shifokorlar tomonidan birinchi yordam ko‘rsatilishiga qaramasdan shifoxonada vafot etgan. BYD Song Plus mashinasi haydovchisining ahvoli esa yaxshi ekani aytilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda BYD Song Plus shahar hududi bo‘lishiga qaramay, katta tezlikda harakatlanganini ko‘rish mumkin.

Kun.uz manbasining ma’lum qilishicha, BYD Song Plus mashinasi Qashqadaryo viloyati hokimligiga tegishli bo‘lgan. Undan hokimlik xodimlari navbatchi mashina sifatida foydalanishgan. Bu ma’lumotni tahririyatning viloyat hokimligidagi manbasi ham tasdiqladi. 

Mavzuga oid