O‘zbekiston | 21:02 / 06.07.2024
24831
2 daqiqa o‘qiladi

Xatirchida qoidabuzarligi ortidan 9 yashar bolaning umriga zomin bo‘lgan BYD'larning haydovchilari qamoqqa olindi

Aholi punktida katta tezlikda harakatlanib, piyodalar o‘tish joyida 9 yashar bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan ikkala krossoverning “uchar” haydovchilari qamoqqa olindi.

Foto: Videodan kadr

Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida YTH oqibatida 2-sinf o‘quvchisining halok bo‘lgani holati bo‘yicha ikki nafar haydovchi qo‘lga olindi. Bu haqda Kun.uz so‘roviga javoban viloyat ichki ishlar boshqarmasi ma’lum qildi.

Haydovchilarga qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan. Ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Avval xabar qilinganidek, voqea 1 iyul kuni Xatirchi tumanining Yangirabot mahallasida ro‘y bergan. Voqea videosidan ko‘rinishicha, BYD avtomobili fojiadan bir necha soniya oldin tezlikni 142 km/soatgacha oshirgan, lekin bu tezlik bilan ham o‘zidan biroz oldinda ketayotgan krossoverdan o‘zib ketolmagan. Bundan anglashiladiki, har ikkala haydovchi tezlikni 142 km/soatdan oshirgan.

“Uchar”lar piyodalar o‘tish joyiga yaqinlashayotganiga qaramay tezligini kamaytirmagan, shu asnoda avvaliga birinchi krossoverning harakati sabab yo‘lakdan o‘tmoqchi bo‘lgan 9 yashar qizcha yiqilib tushgan, uning ortidan kelayotgan BYD esa qizni bosib ketgan, natijada bola voqea joyida halok bo‘lgan.

Kun.uz manbasiga ko‘ra, qizni tog‘asi tuman markazidagi parkka aylantirib kelish maqsadida olib ketayotgan bo‘lgan.

Bolalar ishtirokida kunda-kunora ro‘y berayotgan bunday fojialarning navbatdagisi ham jamoatchilikni qattiq larzaga soldi.

Yo‘llardagi o‘limlar va jarohatlanishlarga oid o‘ta ayanchli statistikaga qaramay, mas’ullar qator choralarni tatbiq qilishni yillardan buyon ortga surib kelayotgani noroziliklarga sabab bo‘lmoqda.

Mavzuga oid