Iqtisodiyot | 18:11 / 08.07.2024
3562
3 daqiqa o‘qiladi

Birinchi yarim yillikda soliq tushumlari 11 foizga oshdi

2024 yilning 6 oyida davlat budjetiga soliq tushumlari o‘tgan yildan 11,4 foizga ko‘p bo‘ldi. Ikkinchi chorakda mol-mulk solig‘i tushumlari salkam 1,5 barobarga oshgan. Avvalroq yilning birinchi yarmida davlat budjeti taqchilligi 27 foizga oshib, 34 trln so‘mga yetgani xabar qilingandi.

2024 yilning II choragi davomida davlat budjetiga soliq tushumlari qariyb 45,5 trln so‘mni tashkil etdi. Bu – o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 18,4 foizga ko‘p, deya ma’lum qildi Soliq qo‘mitasi.

II chorakda barcha soliq turlari bo‘yicha o‘sish kuzatilgan. Eng yuqori o‘sish – mol-mulk solig‘i – 45 foiz. Keyingi o‘rinlarni esa aksiz solig‘i (36,6 foiz) va QQS (26,5 foiz) egalladi.

Soliq turlari kesimida tushum (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sish)lar quyidagicha:

  • foyda solig‘i – 9,5 trln so‘m (10,6 foiz);
  • QQS – 9,4 trln so‘m – (26,5 foiz);
  • JShODS – 9,2 trln so‘m – (18,7 foiz);
  • aksiz solig‘i – 4,6 trln so‘m – (36,6 foiz);
  • yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq – 4,1 trln so‘m (16,2 foiz);
  • yer solig‘i – 2,2 trln so‘m (32,1 foiz);
  • mol-mulk solig‘i – 1,8 trln so‘m (45 foiz);
  • AOS – 756,1 mlrd so‘m (1,7 foiz);
  • suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq 186,1 mlrd so‘m (0,4 foiz).

I chorakda budjetga soliq tushumlari 40,3 trln so‘mni tashkil qilgandi. Shu raqamlardan kelib chiqilsa, 2024 yilning 6 oyida soliq tushumlari 85,8 trln so‘mni tashkil qilgan. Bu – o‘tgan yilning birinchi yarmidagi ko‘rsatkichdan 11,4 foizga ko‘p.

Avvalroq 2024 yilning birinchi yarmida davlat budjeti defitsiti 34 trln so‘mdan oshgani xabar qilingandi. 6 oyda davlat budjeti daromadlari 115,8 trln so‘m, xarajatlari esa 149,8 trln so‘mni tashkil etib, taqchillik 34 trln so‘mga yetgan. Bu – bir yil oldingi ko‘rsatkichdan qariyb 27 foizga ko‘p.

Mavzuga oid