O‘zbekiston | 10:54 / 08.07.2024
6210
2 daqiqa o‘qiladi

“Tezlik 60 joyda 100 harakatlanganlar transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilinishi kerak” - Deputat

Foto: O‘zLiDeP

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Shahnoza Xolmaxamatova tezlikni oshirganlik uchun qat’iy choralar ko‘rish zarurligini aytdi.

Deputatga ko‘ra, qonunchilikda belgilangan harakat tezligini soatiga 40 kilometrdan ko‘p kattalikda oshirib yurganlik uchun hech qanday ikkilanishsiz transport vositasini boshqarish huquqidan uch yil muddatga mahrum qilish kerak.

Bunday choralarni ishga tushirishdan maqsad shu kunlarda katta tezlikda harakatlanib, buni o‘z ijtimoiy sahifalarida joylashtirayotganlar ko‘paygani va bu boshqalarni ham qoidabuzarliklarga jalb qilayotganida deb ta’kidlagan. Bu esa fojiali halokatlarga, begunoh odamlarning o‘limiga sabab bo‘lmoqda.

“Bu kabi halokatlarda qurbonlar orasida yosh bolalarning borligi hech kimni befarq qoldirmaydi.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda birgina 2023 yilning o‘zida 9839 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilib, ularda 9209 nafar fuqaro jarohatlangan va 2282 nafar fuqaro halok bo‘lgan. Ushbu holatlar asosan katta tezlikda harakatlanish, yo‘l qoidasiga amal qilmaslik oqibatida sodir etilgan.

 Bu kabi noxush xatti-harakatlarning oldini olib, unga nisbatan qat’iy choralar ko‘rish zarur deb hisoblayman.

Shu sababli qonunchiligimizda belgilangan harakat tezligini soatiga 40 kilometrdan ko‘p kattalikda oshirib yurganlik uchun hech qanday ikkilanishsiz transport vositasini boshqarish huquqidan uch yil muddatga mahrum qilish taklifini bildiraman.

Ya’ni shahar ichida tezlik 60 etib belgilangan bo‘lsa, 100 tezlikda yuradigan “shovvoz” haydovchilar transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum bo‘lishi shart” deb yozadi Xolmaxamatova.

Mavzuga oid